Bilim shakllari - Inson o‘zini qurshagan olamni anglab yetadi, uni har xil usullar yordamida o‘zlashtiradi. Bu usullardan ikkita eng muhimini qayd etish mumkin. Birinchi – moddiy-texnikaviy usul – tirikchilik vositalarini ishlab chiqarish, mehnat, amaliyot. Ikkinchi – ma'naviy (ideal) usul; uning doirasida sub'ekt va ob'ektning bilishga doir munosabatlari ular o‘rtasidagi ko‘p sonli munosabatlarning biridir.
Kundalik amaliy bilim. Tabiat haqida, shuningdek odamlarning o‘zlari, ularning yashash sharoiti, ijtimoiy aloqalari va hokazolar to‘g‘risida elementlar bilimlar beruvchi kundalik-amaliy bilimlar bilishning tarixan eng birinchi shakli hisoblanadi. Kundalik bilim – bu har xil faoliyat shakllari – jumladan ishlab chiqarish faoliyati, estetik faoliyat, siyosiy faoliyat va hokazolarning ta'sirida shakllanadigan turmush bilan bog‘liq tushunchalar majmui avlodlar to‘plagan jamoa kollektiv tajribasi mahsuli hisoblanadi.
O‘yin vositasidagi bilim nafaqat bolalar, balki kattalar faoliyatining ham muhim unsuri hisoblanadi. O‘yin jarayonida shaxs qizg‘in bilish faoliyatini amalga oshiradi, bilimlarning katta hajmini o‘zlashtiradi, madaniy boylik – ishga doir o‘yinlar, sport o‘yinlari, aktyorlarning o‘yinlari va shu kabilarni qon-qoniga singdiradi. O‘yin bolalarning qiziquvchanligini qondirish, ularning ma'naviy dunyosi va ma'lum bilimlari, o‘zaro til topish ko‘nikmalari va shu kabilarni shakllantirishda muhim ijtimoiy rol o‘ynaydi. Gadamer fikriga ko‘ra, o‘yin – san'at asarlarining mavjudlik usuli, mazkur asarlarning mavjudligi esa, o‘z navbatida, haqiqatni aniqlashning muhim usulidir.
Mifologik bilim insoniyat tarixining dastlabki bosqichida muhim rol o‘ynagan. Mifologik bilimning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, u borliqning fantastik in'ikosi hisoblanadi. Mifologiya doirasida tabiat, koinot va odamlar, ular mavjudligining shart-sharoitlari, aloqa shakllari va hokazolar haqidagi muayyan bilimlar shakllangan. So‘nggi vaqtda (ayniqsa strukturalizm falsafasida) mifologik tafakkur – bu shunchaki fantaziyaning tiyiqsiz o‘yini emas, balki ajdodlar tajribasini qayd etish va keyingi avlodlarga berish uchun imkoniyat yaratadigan dunyoni o‘ziga xos tarzda modellashtirish ekanligi aniqlandi. Mif – ibtidoiy odam tafakkurining tabiat hodisalarini tushunish va tushuntirishning o‘ziga xos xususiyatlari bilan belgilanadi. Mif narsa va obraz, jism va xossa, «asos» va tamoyillarni farqlamaydi. Voqyealar o‘xshashligi yoki ketma-ketligini sabab va oqibat bog‘lanishi sifatida talqin qiladi. Mif oliy darajada universal voqyealar, chunonchi: inson o‘limi va uning mangu barhayotligi, dunyoning vujudga kelishi, qahramonona qilmishlar, madaniyat yutuqlari (masalan, olovning o‘g‘irlanishi haqidagi mif) va shu kabilar haqida hikoya qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |