Falsafiy bilim. Falsafa san'at va din kabi, bilish vazifalarini yechish bilangina kifoyalanmaydi. Uning bosh vazifasi san'at va din bilan uyg‘un holda– insonning dunyoda ma'naviy mo‘ljal olishiga ko‘maklashishdan iborat. Falsafiy bilish ayni shu maqsadga bo‘ysundirilgan. Falsafa umuman dunyo, uning «birinchi» asoslari, hodisalarning universal o‘zaro aloqasi, borliqning umumiy xossalari va qonunlari haqida umumiy tasavvurni shakllantiradi. Falsafa dunyoni insonga bog‘lab o‘rganadi. Falsafiy bilim donishmandlik sifatida tavsiflanadi. Donishmandlik – dunyoni va insonning undagi o‘rnini yaxlit tushunish andozasi. Falsafa barcha odamlar uchun muhim bo‘lgan haqiqatlarning tagiga yetish uchun (ilmiy va noilmiy) bilimdan foydalanadi. Din kabi, falsafiy bilimning ham bosh maqsadi – insonni kundalik tashvishlar sohasidan olib chiqish, unda yuksak ideallarga qiziqish uyg‘otish, uning hayotiga chin mazmun baxsh etish, eng zamonaviy qadriyatlar sari yo‘l ochishdir. Biroq din – ommaviy ong bo‘lsa, falsafa – nafaqat iste'dod, balki kasbiy bilim va ko‘nikmalarni ham talab qiluvchi elitar ongdir.
Falsafiy bilimda ikki asos – ilmiy-texnikaviy va nazariy-ma'naviy asoslarning uyg‘unlashishi uning ongning betakror shakli sifatidagi o‘ziga xos xususiyatini belgilaydi. Biroq falsafiy bilimning nazariy qismi, ya'ni uning ichki mantiqi ancha murakkabdir. Bu falsafiy g‘oyaning serma'noliligi, u rivojlantirilishi, har xil, hatto qarama-qarshi yo‘nalishlarda davom ettirilishi mumkinligi bilan izohlanadi. Masalan, Lokk (XVII asr ingliz faylasufi) falsafasidan uning izdoshlari (idealist Berkli va fransuz ma'rifatchi materialistlari Didro, Golbax) bir-birini mutlaqo istisno etuvchi xulosalar: Berkli – sub'ektiv-idealistik, fransuz mutafakkirlari – esa ma'rifatchilik bilan bog‘liq xulosalar chiqarganlar. Kant, va Gegelning falsafiy g‘oyalari hozirgi zamon tafakkuriga asos soldi. Biroq har bir kantchi, gegelchining o‘z Kanti, o‘z Gegeli bor, ularning har biri o‘z o‘tmishdoshlarini o‘zicha talqin qiladi. Boz ustiga, biron-bir yirik faylasuf o‘z g‘oyalarini bitta yagona manbadan olmagan. Kant Leybnits va Yumga, Forobiy Aristotel va Platonga tayangan va hokazo. Bularning barchasi yangi falsafiy bilimning vujudga kelishiga asos bo‘ladi. Shakllangan bu yangi falsafiy bilimda esa ijodiy tanqid muhim rol o‘ynaydi. Har qanday bilim singari, falsafiy bilim ham haqiqat va ishtiboh birligidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |