Shakllantiriladigan kompetensiyalar: Kommunikativ, axborot bilan ishlash va shaxs sifatida o‘z-o‘zini rivojlantirish kompetensiyalarining komponentlarini shakllantirish:
-o‘z fikrini og‘zaki va yozma tarzda aniq va tushunarli bayon qila olish;
-mavzudan kelib chiqib savollarni mantiqan to‘g‘ri qo‘ya olish va javob berish;
-o‘zaro muloqotda muomala madaniyatiga amal qilish.
Dars jihozi: Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asari, O’zbekiston xaritasi, magnitafon.
Dars turi: aralash.
Darsning bosqichlari:
1.Tashkiliy qism: 2 daqiqa
2.Takroriy qism : 5 daqiqa
3.Yangi mavzu bayoni: 20 daqiqa
4.Yangi mavzuni mustahkamlash: 10 daqiqa
5.Baholash: 5 daqiqa
6.Uyga vazifa: 3 daqiqa
Darsning borishi: O’quvchilar uch guruhga bo’linishadi.
O’qituvchi: Vatan inson uchun bebaho boylik, Vatanning borligi odamga ulkan g’urur, iftixor bahsh etadi. Chunki insonning eng pokiza va muqaddas tuyg’ulari o’zi tug’ilgan, voyaga yetgan zamin - Vatani bag’rida uyg’onadi, kamolga yetadi. Kishi qadrdon yurtida o’zini ozod va erkin his qiladi.
O’qituvchi: Bor ekanda, yo’q ekan,
Bir sayyoh bo’lgan ekan
Ot-ulovsiz yursa ham
Ko’p yurtni ko’rgan ekan
Qay hunarni qilmasin
Arimabdi tashvish, oh
Vatanidan yiroqda
Baxtin topmabdi sayyoh.
Aziz o’quvchilar! Sayyoh nega o’z baxtini topa olmadi?
1-guruh: “Bilimdonlar”
Begona tuproq – devona tuproq deydilar. Inson o’z yurtini tashlab o’zga yurtda baxtli bo’la olmaydi. Bugungi xalq og’zaki ijodida ko’plab misollar keltirishimiz mumkin.
1. Vatansiz inson – kuysiz bulbul
2. Elidan ayrilgan o’lguncha yig’lar
3. Ayrilmagin elingdan
Quvvat ketar belingdan
4. Ona tuprog’ing – oltin beshiging
5. Ekin yerida ko’karar, Er elida.
6. Vatani borning baxti bor.
Bu haqida bir qancha rivoyatlar ham bor.
- Podsho olis bir yurtlik kambag’al qizni yoqtirib qolibdi. Unga uylanish niyati borligini aytganida qiz shart qo’yibdi. Podshoga kichik xaltachani berib, shuni oltinga to’ldirib bersangiz roziman debdi. Xaltachani to’ldirish uchun butun mamlakatdagi oltinlar ham yetmabdi. Shunda podsho bu jumboqni yechish uchun qizning huzuriga kelibdi. Qiz xatchaga oyog’i ostidagi tuproqdan bir siqim solgan ekan, xaltacha to’libdi. Shunda qiz: “Ko’rdingizmi, Vatanimning bir siqim tuprog’iga yurtingizning jamiki boyliklari teng kelolmaydi”. – debdi.
- Bir podsho o’ziga bir yurtdagi so’lim bir maskanga joylashib olib, sharobxo’rlik bilan kunlarini o’tkazaveribdi. Oqibatda uning davlatida tartibsizlik kuchayib, hatto Vatani chegarasida dushmanlar paydo bo’libdi. Odamlar podshoga bir so’z aytishga botina olmay, donishmanddan maslahat so’rabdilar. Keksa donishmand podsho huzuriga yovshan giyohini olib kirishini maslahat beribdi.
Podsho huzuriga kirgan kishining qo’lidagi giyohni ko’rib, ona vatanni eslaydi.
Go’ya o’lmas bilinglar, hayot so’nmas bilinglar,
Erkinlarning vatani erksiz bo’lmas bilinglar.
Maqsud Shayxzoda
2-guruh: “Ijodkorlar”
Bu rivoyat Z.M. Bobur hayotini yodimizga soldi. Hikoya qilishlaricha, Movaraun-nahrdan qovun olib borganida Bobur ko’ziga yosh olib vatanini eslagan ekan. U Vatan ne’matlarini, tabiatini, mirishkor kishilarini nazm va nasrida tarannum etgan, musofirlik g’am-anduhlarini dard bilan kuylagan.
Vatan sog’inchi va hasratini Bobur shunchalik yonib, qayg’u nadomatga to’lib kuylaydiki.
Qovun birla uzumning hajrida ko’nglimda g’am har so’,
Oqar suvning firoqidin ko’zimdin har doim oqar suv.
Degan mahzun satrlarini u siyoh bilam emas, yuragining qoni bilan bitganidek tuyulaverardi.
- Bobur g’ariblik haqida bir ruboiysida shunday yozadi:
Yod etmas emish kishini mehnatda kishi,
Shod etmas emish ko’ngulni g’urbatda kishi
Ko’nglim bu g’ariblikda shod o’lmadi hech,
G’urbatda sevinmas emish, albatta kishi
- Boburning quydagi ruboiysida ham vatan sog’inchi o’z aksini topgan.
Ko’pdin berikim, yor-u diyorim yo’qtur,
Bir lahza-u bir nafas qarorim yoqtur.
Keldim bu sori o’z ixtiyorim birla,
Lekin borurimda ixtiyorim yo’qtur.
- Zokirjon Xolmuhammad o’g’li Furqat ham Vatan sog’inchi bilan yashab ijod qilgan.
Vatanning ishtiyoqin tortaram g’urbat g’ami birla,
Turubdurman kuturmay g’ussai ranju inolardin…
Olib yodiga surmas kimsa Zokirjon Furqatni,
Agarchi aytadur doir duo bodi sabolardin.
3-guruh: “Maslahatchilar”
Biz ikkala guruhning fikrlarini tinglagan holda shunday xulosaga keldik. Jon tanda emas, vatan tuprog’idadir, deganlaridek, o’z vatanini tark etgan inson hech qachon baxtli bo’la olmaydi. Sayyohga ham baxtini o’z vatanidan izlashini maslahat beramiz.
Shu tariqa savol-javob, munozara guruhlar o’rtasida davom etadi.
O’qituvchi:
O’zbekiston kelajagi buyukdir. Bu buyuklikni ta’minlash, Mustaqillikni mustahkamlash biz yoshlarning zimmamizdadir. O’z ona yurtimizni, xalqimizni, madaniy merosimizni asrab avaylashga har birimiz burchlimiz. Yurtboshimiz aytganlaridek, “BIZ HECH KIMDAN KAM EMASMIZ VA HECH QACHON, HECH KIMGA QARAM BO’LMAYMIZ”.
Ertangi kunimiz farovon bo’lishi uchun orzu-maqsadlar ro’yobi uchun xotirjamlikka berilmay o’qishimiz, ishlashimiz va yonib yashashimiz kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |