Yangi xodimni kasbga moslashtirish kasbga yo’naltirishning yakunlovchi bosqichi, kasb bo’yicha axborot va maslahat berish, personalni tanlash bo’yicha faoliyat samaradorligini belgilovchi yakuniy natijalardan biridir. Kasbga moslashtirishning maqsadi — yangi xodim tomonidan xizmat va ish vazifasiga doir bilim va ko’nikmalarini egallab, ulardan amaliyotda samarali foydalana olishlariga erishishdir. Ushbu maqsadning pirovard natijasi yangi xodimni iloji boricha qisqa muddatda tashkilotga integratsiya qilish, uni o’z mehnat faoliyatida muvaffaqiyatga erishishga qiziqtirish va bu bilan samaradorlikni ta’minlashdir.
Moslashishning o’ziga xos omillari ob’ektiv va sub’ektiv bo’ladi. Ob’ektiv omillarga quyidagilar kiradi:
1. Ijtimoiy-iqtisodiy omillar (ijtimoiy va kasb guruhlariga mansublik va shu bilan bog’liq shart-sharoitlar, mehnatning tashkil etilishi, ish haqi, malaka va hokazolar).
2. Madaniy-maishiy omillar (turar-joy sharoitlari, faoliyatining noishlab chiqarish sohasi xususiyatlari, shu jumladan, eng asosiysi bo’sh vaqtni o’tkazish shakllari va hokazolar).
3. Moslashishning shaxsga bog’liq omillari:
shaxsning ob’ektiv, alohida (ijtimoiy-demografik) xususiyatlari: jinsi, yoshi, ma’lumoti va boshqalar;
shaxsning muayyan kasb, ish jarayoniga muvofiqligi (nomuvofiqligi)ni belgilovchi xususiy-psixik jihatlari. Bularga xodimning intilishlari, yangilikni qo’llashga tayyorligi, o’zini baholay olishi kabi xususiyatlarini kiritish mumkin.
4. Ishlab chiqarish omillariga ishlab chiqarish muhitiga taalluqli barcha xususiyatlar kiradi. Hozirgi sharoitlarda ulardan eng muhimlari quyidagilardir:
kasbiy o’qitish, o’stirish va ijtimoiy rivojlantirish sharoitlari;
jamoaning yangi xodimni ijtimoiy muhitga jalb etishdagi faolligi. Omillarning bu guruhiga jamoadagi ijtimoiy-psixologik iqlimni kiritish mumkin;
yangi xodimning korxona va faoliyat natijalaridan xabardorligi.
Sinov muddati — tashkilot yangi xodimining ishga moslashti-rishning asosiy davridir. Ushbu muddat tugaganidan so’ng xodim tanlangan xizmat vazifasi yoki ish joyiga loyiqligi yoki noloyiq-ligi to’g’risida xabardor qilinishi kerak.
Murabbiylik (ustozlik) — ishlab chiqarishga yangi qabul qilingan xodimni tarbiyalash va kasbiy tayyorlash shaklidir. Yangi xodimga tajribali, yosh jihatidan katta murabbiy (ustoz) birkitib qo’yilishi kerak. U yangi xodimga o’z tajribasini o’rgatishi bilan birga uning tashkilotda muvaffaqiyatli ishlab ketishi uchun mas’ul hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |