3. Moliya-xo’jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tijorat tashkilotlarini harakatsiz holatga o’tkazish
Tijorat tashkilotining soliq va majburiy to’lovlar bo’yicha qarzdorliklari aniqlanmagan, mol-mulki mavjud bo’lmagan, tijorat tashkiloti muassislarini (qatnashchilarini), ularning vakillari va rahbarini tugatish jarayoniga jalb etish imkoni bo’lmaganda, davlat soliq xizmati organlari Tizim orqali ro’yxatdan o’tkazuvchi organga o’n ish kunida tijorat tashkilotini harakatsiz holatga o’tkazish to’g’risida taqdimnoma yuboradi.*
Ro’yxatdan o’tkazuvchi organ uch ish kunida:
davlat soliq xizmati organlarining taqdimnomasiga asosan tijorat tashkilotini harakatsiz holatga o’tkazadi, bu haqida davlat reestriga hamda Tizimga tegishli yozuv kiritadi;
tijorat tashkilotining harakatsiz holatga o’tkazilganligi to’g’risida o’zining rasmiy saytida e’lonni joylashtiradi;
tijorat tashkilotining muassislariga (qatnashchilariga) Tizimda tijorat tashkilotining harakatsiz holatga o’tkazilganligi to’g’risida xabarnoma yuboradi.
Tijorat banklari harakatsiz holatga o’tkazilgan tijorat tashkilotlarining hisobvaraqlarini bir ish kunida yopib, pul mablag’larini harakatsiz depozit hisobvaraqlariga o’tkazadi.
Harakatsiz holatga o’tkazilgan tijorat tashkilotlariga kelib tushgan mablag’lar ularning harakatsiz depozit hisobvaraqlariga kirim qilinadi. Ushbu tijorat tashkilotlarining hisobvaraqlariga qo’yilgan talablar harakatsiz depozit hisobvaraqlaridan O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 56-moddasida belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan o’tkazilgan tahlillar va o’rganishlar natijasida soliq qarzdorliklari aniqlangan taqdirda, ularni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undirish choralari ko’riladi.
Soliqlar bo’yicha qarzdorliklari undirilgan tijorat tashkilotlari bo’yicha ish yuritish Nizomning * - bandi asosida davom ettiriladi.
Tijorat tashkilotining debitorlik-kreditorlik qarzdorliklarini undirish manfaatdor shaxslar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Harakatsiz holatga o’tkazilgan tijorat tashkiloti faoliyati ro’yxatdan o’tkazuvchi organ tomonidan quyidagi holatlarda:
tijorat tashkilotining muassisi(lari), uning qonuniy vakillari yoki vorisi uch yilda tijorat tashkiloti faoliyatini davom ettirish to’g’risida ro’yxatdan o’tkazuvchi organga murojaat qilgan taqdirda — muassisi(lar), qonuniy vakil yoki vorislarning qaroriga asosan;
tijorat tashkiloti sud yoki ijro ishi yuritish jarayoniga da’vogar yoxud javobgar sifatida e’tirof etilgan yoki unga nisbatan bankrotlik ishi qo’zg’atilgan taqdirda, qayta tiklanadi.
Bunda tijorat tashkiloti yangidan tashkil etilgan deb hisoblanmaydi, uning faoliyati qayta tiklanganligi to’g’risida davlat reestriga hamda Tizimga tegishli yozuv kiritiladi.
Harakatsiz holatga o’tkazilgan tijorat tashkilotini javobgar yoki da’vogar sifatida e’tirof etgan organ (mansabdor shaxs) bu haqida uch ish kunida ro’yxatdan o’tkazuvchi organni xabardor qilishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |