Dalillash - bu qaysidir hukmning haqiqatligini boshqa haqiqiy va u bilan bog’liq hukmlar yordamida asoslashdan iborat mantiqiy operatsiyadir.
“Dalillash” atamasi protsessual huquqda ikki ma’noda ishlatiladi:
Jinoyat yoki fuqarolik ishining muhim jihatlari haqidagi axborotning tashuvchilari bo’ladigan faktik holatlarni ifodalash uchun (masalan, ayblanuvchining jabrlanuvchi nomiga bildirgan do’q-po’pisasi; jinoyat sodir etilgan joyda qoldirilgan izlar va shu kabilar);
Ishga tegishli bo’lgan faktik holatlar haqidagi axborot manbalarini ifodalash uchun (masalan, guvohlarning ko’rsatmalari, yozma hujjatlar va shu kabilar).
Dalillanganlik talabi sudda ishlarning ko’rib chiqilishidagi bilimga ham qo’yiladi; agar jinoyat yoki fuqarolik ishi bo’yicha sud qarori sudda ishning ko’rib chiqilishi jarayonida ob’ektiv va har tomonlama asoslangan bo’lsa, unda bunday qaror adolatli hisoblanadi. Dalil dalillash jarayonining turlaridan biridir.
Mantiqiy uslublar bilan bir qatorda ishontiruvchi ta’sir ko’rsatadigan nutqiy, emotsional-psixologik va boshqa nomantiqiy uslublar va usullar qo’llaniladigan qandaydir hukmlarni asoslaydigan operatsiya dalillash deyiladi. “Dalillash” tushunchasi “dalil” tushunchasiga nisbatan ancha keng (jinsli) tushunchadir.
Isbot ikki xil bo’ladi: 1) moddiy (ashyoviy) va 2) mantiqiy isbot.
Moddiy isbot buyum va hodisalarning tabiiy xossa-xususiyatlari asosida ish ko’radi. U ko’pincha tabiiy va texnikaviy tadqiqotlarda, sud-meditsina ekspertizasida ishlatiladi.
Mantiqiy isbot fikrlar, hukmlar va xulosalar orqali tafakkur qonunlari, qoidalari yordamida isbot qilishdir. U isbotning oliy turidir. Chunki ashyoviy (moddiy) isbot natijalarini tafakkurda umumlashtirish, mantiqiy tahlil qilish ishlari ham mantiqiy isbotni talab qiladi va u orqali amalga oshiriladi.
Mantiqiy isbot biror fikr yoki bilimning chinligini boshqa hukmlar, fikrlar va bilimlar yordamida asoslab berishdir.
Isbotlash bir hukmning chinligini u bilan bog‘langan boshqa chin hukmlar yordamida asoslashdan iborat bo‘lgan mantiqiy amaldir. Uning tarkibi uch elementdan tashkil topgan: tezis, argumentlar (asoslar), isbotlash usuli – demonstrastiya.
Tezis – chinligi asoslanishi lozim bo‘lgan hukm, u isbotlashning markaziy figurasi hisoblanadi; butun diqqat-e’tibor uning chinligini ko‘rsatishga qaratiladi. Tezis bir mulohazaning o‘zidan, yoki mulohazalar tizimidan, yoki teoremalardan, yoki aniq faktlarni umumlashtirish natijalaridan, yoki hodisalarning sababini ko‘rsatuvchi mulohazalardan va shu kabilardan iborat bo‘ladi.
Argumentlar – tezisning chinligini asoslash uchun keltirilgan hukmlar. Argumentlar bo‘lib faktlarni qayd qiluvchi hukmlar, ta’riflar, aksiomalar, teoremalar, qonunlar hamda boshqa empirik va nazariy umumlashmalar xizmat qiladi. Argument sifatida keltirilgan faktlar, albatta, o‘zaro bog‘langan va tezisning mohiyatiga aloqador bo‘lishi lozim.
Ta’riflar ham chin hukmlar bo‘lib, ulardan argument sifatida foydalanish mumkin. Masalan, “Harakat – bu har qanday o‘zgarishdan iborat”, degan ta’rif chin hukmdir.
Aksiomalar chinligi o‘z-o‘zidan ravshan bo‘lgan, isbotlashni talab qilmaydigan fikrlardir. Inson tajribasida ko‘p martalab takrorlanganligi uchun ham ularni isbotlash zarur emas.
Teoremalar va qonunlarning chinligi isbotlangan bo‘ladi, ularni hech ikkilanmasdan argument qilib olish mumkin.
Isbotlash usuli – demonstrastiya tezis bilan argumentlar o‘rtasidagi mantiqiy aloqadan iborat. U xulosa chiqarish shaklida bo‘ladi, ya’ni tezis argumentlardan xulosa sifatida mantiqan keltirib chiqariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |