Boj tarifini shakllantirishning mohiyati va xususiyatlari
“Boj tarifi to’g’risida”gi qonun boj tarifini shakllantirish va qo’llanish tartibini, shuningdek O’zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan olib o’tilayotgan tovarlardan boj undirish qoidalarini belgilaydi.
“Boj tarifi to’g’risida”gi qonunning asosiy vazifalari O’zbekiston Respublikasining jahon iqtisodiyoti bilan samarali integratsiyalashuvi uchun shart- sharoit yaratish va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishdan iboratdir.
Boj tarifi-bojxona chegarasidan olib o’tiladigan, O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining Tovar nomenklaturasi (bundan keyin matnda Tovar nomenklaturasi deb yuritiladi) printsiplari va qoidalariga muvofiq holda bir tizimga solingan tovarlarga nisbatan qo’llaniladigan boj stavkalarining to’plamidir.
Tovar nomenklaturasi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Boj-O’zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan tovarlar olib o’tilayotganda bojxona organlari tomonidan undiriladigan to’lov.
O’zbekiston Respublikasida import boji, eksport boji, mavsumiy va alohida (maxsus, antidemping, kompensatsiya) boj qo’llaniladi. Alohida bojlarning qo’llanilish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
O’zbekiston Respublikasida boj stavkalarining quyidagi turlari qo’llaniladi:
boj undiriladigan tovarlarning bojxona qiymatiga nisbatan foizlarda hisoblanadigan advalor stavkalar;
boj undiriladigan tovarlar birligi uchun belgilangan miqdorda hisoblanadigan xos stavkalar;
bojning advalor hamda xos turlarini o’z ichiga oladigan aralash stavkalar.
Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boj tarifi to’grisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo’llaniladi.Import boji xalqaro shartnomalarga muvofiq belgilanadi.
O’zbekiston Respublikasi savdo-iqtisodiy aloqalarda eng ko’p qulaylik berish tartibini qo’llayotgan mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar uchun undiriladigan import boji stavkalarining eng kam yoki eng ko’p miqdori qonun hujjatlarida belgilab qo’yiladi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarda eng ko’p qulaylik berish tartibi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoki qaysi mamlakatda ishlab chiqarilganligi aniqlanmagan tovarlar uchun undiriladigan import bojining stavkalari ikki baravar oshiriladi, ushbu qonunga muvofiq O’zbekiston Respublikasi tomonidan tarif preferentsiyalari beriladigan hollar bundan mustasno.
Import va eksport bojining stavkalari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda joriy etiladi. Mavsumiy bojlar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanib, tovarlar olib kirish va olib chiqishni tezkor tartibga solish uchun qo’llaniladi. Bunda boj tarifida nazarda tutilgan boj stavkalari qo’llanilmaydi. Mavsumiy bojlar ular belgilangan vaqtdan e’tiboran olti oydan ortiq amal qilishi mumkin emas.
Maxsus bojlar, basharti, o’xshash yoki bevosita raqobat qiluvchi tovarlar bojxona hududiga O’zbekiston Respublikasidagi tovar ishlab chiqaruvchilarga ziyon etkazadigan yoki ziyon etkazishi mumkin bo’lgan miqdorda va shartlarda olib kirilayotgan bo’lsa, himoya chorasi sifatida, shuningdek boshqa davlatlar tomonidan qilinayotgan O’zbekiston Respublikasining huquqlarini cheklovchi va manfaatlarini kamsituvchi boshqa harakatlarga javob chorasi sifatida qo’llaniladi.
Dempingga qarshi bojlar quyidagi hollarda qo’llaniladi:
tovarlar bojxona hududiga ularning olib chiqilgan davlatda ayni vaqtda amalda bo’lgan real qiymatidan past narxda olib kirilsa, agar bunday olib kirish O’zbekiston Respublikasining shunga o’xshash tovarlarni ishlab chiqaruvchilariga moddiy ziyon etkazsa yoki etkazish xavfini tugdirsa yoxud O’zbekiston Respublikasida xuddi shunday tovarlar ishlab chiqarishni tashkil qilish yoki kengaytirishga to’sqinlik qilsa;
tovarlar bojxona hududidan uning O’zbekiston Respublikasida ayni vaqtda amalda bo’lgan real qiymatidan past narxda olib chiqilayotgan bo’lsa, agar bunday olib chiqish O’zbekiston Respublikasining shunga
+
+o’xshash tovarlarni ishlab chiqaruvchilariga moddiy ziyon etkazsa yoki etkazish xavfi bo’lsa yoxud O’zbekiston Respublikasining ishlab chiqaruvchilari o’rtasida normal raqobat o’rnatilishiga to’sqinlik qilsa.
Kompensatsiya bojlari quyidagi hollarda qo’llaniladi:
O’zbekiston Respublikasining bojxona hududiga ishlab chiqarish yoki olib chiqish paytida bevosita yoxud bilvosita subsidiyalardan foydalanilgan tovarlar olib kirilsa, agar bunday olib kirish O’zbekiston Respublikasining o’xshash tovarlar ishlab chiqaruvchilariga moddiy ziyon etkazsa yoki etkazish xavfi bo’lsa yoxud O’zbekiston Respublikasida xuddi shunday tovarlar ishlab chiqarishni tashkil qilish yoki kengaytirishga to’sqinlik qilsa;
bojxona hududidan ishlab chiqarish yoki olib chiqish paytida bevosita yoxud bilvosita subsidiyalardan foydalanilgan tovarlar olib chiqilsa, agar bunday olib chiqish O’zbekiston Respublikasining manfaatlariga moddiy ziyon etkazsa yoki etkazish xavfi bo’lsa.
Alohida bojlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat boshqaruvi organlari tashabbusi bilan o’tkaziladigan tekshiruv natijalariga binoan qo’llaniladi.
Alohida bojlarning stavkalari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan har bir holat bo’yicha maxsus belgilanadi va ularning miqdori tekshiruv natijasida aniqlangan bahoni demping tarzida arzonlashtirishga, subsidiyalar va aniqlangan zarar miqdoriga mutanosib bo’lishi kerak.