Fors tilidagi badoe’ ilmiga doir manbalar.
Fors tilidagi ilmi bade’ning ibtidosi Umar Roduyoniyning «Tarjumonu-l-balog‘a» («Balog‘at tarjimoni») asari hisoblanadi. Muallif haqida deyarli ma’lumot uchramagani holda bizgacha etib kelgan birdan-bir asari «Tarjumonu-l-balog‘a» orqali uning taxminan XI asrning ikkinchi yarmida yashaganini aniqlash mumkin. Umar Roduyoniy nomi Rashididdin Vatvot, YOqut Hamaviy, Davlatshoh Samarqandiy, Hoji Xalifa, Lutfalibek Ozar, Rizoqulixon Hidoyat asarlarida hurmat bilan tilga olingan. «Tarjumonu-l-balog‘a» haqida turk olimi Ahmad Otash «Oriens» majallasi (1948)da ma’lumot bergan, oradan bir yil o‘tgach, asarni nashr qildirgan5. Ushbu asar 1961 yili esa Eronda chop etilgan6. Asarning har ikki nashri (Istanbul va Tehron) asosida tojik olimi Xudoy SHaripov ushbu asardan namunalar tanlab olib, «Muntaxabi «Tarjumonu-l-balog‘a» nomi bilan 1987 yili Dushanbeda nashr qildirgan7. Muhammad Umar Roduyoniy muqaddimada fors tilida bunday asar yo‘qligi tufayli uni yozishga kirishganini, sanoe’ ilmi haqida arab tilida yozilgan Imom Nasr ibn Hasan Marg‘inoniy «Mahosinu-l-kalom» («So‘z go‘zalliklari») asariga suyanganini bayon qiladi.
O‘ziga Nasr ibn Hasanning «Mahosinu-u-kalom»i va Muhammad ibn Umar Roduyoniyning «Tarjumonu-l-balog‘a» asarlarini o‘rnak bilgan xorazmshohiylarning saroy shoiri Rashididdin Vatvotning «Hadoyiqu-s-sehr fi daqoyiqu-sh-she’r» («SHe’r nazokatidan yaratilgan sehrli bog‘lar») nomli ellik besh bobdan iborat bo‘lgan asarining har bir bobi bir poetik san’atga bag‘ishlangan va ilovada yana 8 ta san’at haqida to‘xtaladi. SHunday qilib, olim arab va fors she’riyatidagi 63 san’atning tabiatini o‘rganadi va ularga dastlab +ur’oni karim, Hadisi shariflardan, so‘ngra esa arab va fors shoirlari ijodlaridan namunalar (arab adiblaridan 305, forslardan 209) keltiradi. Ma’lumki, ilmi bade’ ilmi adab tizimidagi aruz va qofiya ilmlari bilan chambarchas bog‘liq. SHuning uchun ham Vatvot asarining dastlabki qismida aruz va qofiya ilmi bilan bog‘lanmagan to‘qqiz, so‘ngra qasida va ruboiylarda faol qo‘llanilgan uch san’at turi haqida to‘xtaladi. Ayrim san’atlarning turli ko‘rinishlari, masalan, tajnisning etti xil ko‘rinishi, maqlubning to‘rt xili haqida ham alohida tushuntirish beradi. Asarning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, u faqatgina she’riy janrlarni qamrab olmagan, balki nasriy asarlardan ham namunalar keltiradi. «Tarjumonu-l-balog‘a» va «Hadoyiqu-s-sehr» asarlari garchi bir tilda yaratilgan bo‘lsa-da, ayrim san’atlarning nomlanishida tafovutlar bor. «Tarjumonu-l-balog‘a»da muqtadob, mutobaqa, mujarrad, i’natu-l-qarina deb nomlangan san’at turlari «Hadoyiqu-s-sehr»da ishtiqoq, raddu-l-a’juz, hazf, tazminu-l-muzdavij deb yuritiladi. Tajnis va tashbihning ko‘rinishlari ham turlicha izohotlar bilan keladi. Masalan, tajnisi mutlaq - tajnisi tomm, tajnisi muraddad – tajnisi mukarrar; tashbihi makniy – tashbihi kinayat, tashbihi muzdavij – tashbihi tasviyyat kabi. Biroq bu asarlarda hali badiiy san’atlarni ma’naviy va lafziy san’at turlariga ajratish urf bo‘lmagan edi8. Bundan tashqari fors tilida badiiy san’atlar tasnifiga bag‘ishlangan Husayn Voiz Koshifiy, SHams Faxriy, Toj Xalaviy va SHaraf Ramiyning risolalari ham yozilgan edi. Biroq tojik olimi R. Musulmonqulovning kuzatishiga ko‘ra, ular ilmiy yangilik jihatidan u qadar ahamiyatli bo‘lmagan9.
Forsiy «mahosin»larning etuk namunasini yaratgan Atoulloh Husayniy «Badoe’u-s-sanoe’» («San’at yangiliklari») asarida 220 dan ortiq san’at turlarini farqlash bilan birga ularni lafziy san’atlar, ma’naviy san’atlar hamda lafziyu ma’naviy san’atlar kabi uch yo‘nalishda taqsim qiladi. Atoulloh Mahmud Husayniy Alisher Navoiyning bahosiga ko‘ra «Bo vujudi donishmandliq, she’ru muammovu sanoyi’da dag‘i mahorat paydo qildi... Ammo sanoyi’da kitobe tasnif qiliptur «Badoyi’-i Atoyi»g‘a mavsumdur. Bo vujudi ixtisor, maqlubi mustaviy san’atindakim, andin mushkilroq san’at bo‘lmas, bu bayt ul risolada aning xossa baytidurkim: Shakardaxano g‘ame nadorid,
Dayro daniyi mug‘ona darkash.
Aning tab’i diqqatig‘a bu bayt dalili bastur»10.
Hazrat Navoiyning ushbu so‘zlarining isbotini nafaqat bir baytda, balki forsiy tilda yaratilgan ilmi bade’ga doir asarlarning eng komili ekani orqali ham o‘z isbotini topadi. Muallif o‘zi haqida ko‘p ham kamtarlikka bormay «Umrimning boshlarida, farog‘at yoshlarida bu kaminada dilrabo nazmu san’atkorona nutqqa tabiatan komil bir mayl bor erdi va imkon boricha ushbu fan bila mashg‘ul bo‘lur erdim. Tangriga hamdu shukrkim, ul asarlardin har nekim, zamona sahifasida zohir bo‘lsa, ulug‘u kichik qoshida manzuru maqbul bo‘ldi» deb yozadi. YAna muallifning niyaticha, balog‘at yoshida badiiyat ilmiga doir mukammal bir kitob yozmoqchi ekanini ham eslatadi: «Agar karomat sohibi karam aylasa, «Takmilu-s-sino’a» («Mukammal san’atlar») kitobi yozilg‘ay va anda she’rning jami’ fununi mufassalu mukammal bayon etilgay»11.
Turkiy tildagi poetikaga oid XV asrning nodir namunasi SHayx Ahmad Taroziyning «Fununu-l-balog‘a» («Balog‘at fanlari») asarida forsiy «ilmi bade’»lar tajribasi umumlashtirilgan, asarda tahlilga tortilgan san’atlar sonining ortishi bilan she’riyat namunalarining badiiyati ham chuqurlashib, mavzu va janr doirasi kengayib borgan. Muallifning yozishicha, «har aqsomi sanoat va anvo’i balog‘atkim, fusaho va bulag‘o arosinda mo‘‘tabardur, majmu’ni jam’ qilib, har bir san’atqa turkiy lafz birla misol kelturub va kechgan zurafo va shuaroning bu sanoat birla tazyin qilg‘an arabiy va forsiy nazm va nasr so‘zlarinda nazir kelturduk. Va ba’zi erda "Kalomi majid"tin va Rasul alayhi-s-salom hadisidin naql qilduq». Demak, balog‘at nav’lari va san’at taqsimlariga doir barcha fikrlarni jam’ qilgan alloma arab va fors tillaridagi nasr va nazm namunalarini tergan va quyidagi badiiy san’atlarga ta’rif va misollar keltirgan: Va majmui sano’ekim, balog‘at ahli e’tibor qilurlar, bu turur: tarse’, tarse’ maat-tajnis, tajnisi tom, tajnisu-s-zoyid, tajnisu-n-noqis, tajnisu-l-murakkab, tajnisu-l-mukarrar, tajnisu-l-mutarraf, tajnisu-l-xat, tashif, tashbehi mutlaq, tajbihu-l-mashrut, tashbehu-l-kinoyat, tashbehu-t-tasviyat, tashbihu-l-aks, tashbehu-l-izmor, tashbehu-t-tafzil,, tafsiru-l-jalo, tafsiru-l-xafo, tazmin, tazminu-l-muzdavaj, tansiqu-s-sifot, ta’kidu-l-madh, bimo yushbihuzzam, tarjima, taajjub, tajohilu-l-orif, xayol, ihom va ihomu-t-tom, ashkol, e’not, ibdo’, irsolu-l-masal, irsolu-l-masalayn, ig‘roq fi-s-sifat, ishtiqoq, iltifot, intiboh, iqtibos, istifhom, istidlol, istidrok, istiora, maqlubu-l-ba’z, maqlubu-l-kull, maqlubu-l-mujannax, maqlubu-l-mustaviy, mutazod, murootu-n-nazir, mutanosib, mutarodifi matlun, musalsal, mutazalzal, muxtamiluz zi-d-dayn, muvajjah, mukarrar, maleh, mukarrari qabih, maqta’, mavsil, mushajjar, murabba’, mulamma’, mujarrad, muvashshah, muammo, mag‘lata, lug‘z, raqto, xayfo, baroati istihlol, raddu-l-matla’, raddu-l- fajr, ala-s-sadr, laffu nashri murattab, laffu nashri mushavvash, tard-ul-aks, xashvu-l-maleh, xashvu-l-qabih, xashvu-l-mutavassit, saj’u-l-muvozana, saj’u-l-mutavoriy, saj’u-l-mutarraf, sehri hilol, siyoqu-l-e’dod, savolu javob, jam’u-l-mufrad, tashbihu-l-mufrad, tariqu-l-mufrad, jam’u-n-ma at-tafriq vat-taqsim, kalomu-l-mujome’, husnu-l-matla’, husnu-l-taxallus, husnu-t-ta’lil, husn-talab husnu-l-maqta’, at-tarzih».12
Shayx Taroziy domlaning ulkan xizmatlaridan yana biri shuki, u o‘z asarini turkiy tilda yozish bilan cheklanmay, bu tilda ijod qilgan ellikdan ortiq shoir va nosirlarning sara asarlaridan namunalar bergan. Ayrim hollarda misoli uchramagan o‘rinlarda o‘z ijodidan namunalar keltirib, talqindagi san’at turini o‘zbek kitobxoniga to‘la etib borishiga harakat qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |