5-Mavzu: Armatura buyumlari. Temirbeton konstruksiyalarni armaturalash (2 soat)
Reja
Armaturalarning turlari
Temirbetonning mohiyati
Olovbardoshlik chegarasi
Temirbetonning chirishi (korroziyasi)
Tayanch sо‘zlar va iboralar:
sterjenli armatura, simli armatura, armatura arqoni, ish, montaj va konstruktiv armaturalar, bо‘ylama va kо‘ndalang armaturalar, temirbeton, monolit konstruksiyalar, quyma konstruksiyalar, yig‘ma – monolit konstruksiyalar, temirbetonning olovbardoshligi, korroziyasi, temirbetonning tob tashlashi, kirishishi va shishishi, armaturaning himoya qatlami.
Armaturalarning turlari.
Armaturalar sterjenli va simli armaturalarga bо‘linadi. Sirtining shakliga qarab tekis va davriy profilli armaturalar bо‘ladi. Davriy profilli armatura tekis armaturaga qaraganda beton bilan mustahkamroq bog‘lanadi. Armaturani ishlatish usuliga qarab, u zо‘riqtirilgan va oddiy armaturaga bо‘linadi. Armatura konstruksiya tarkibida bajaradigan vazifasiga kо‘ra ishchi va montaj armaturaga bо‘linadi. Ishchi armatura hisoblash yо‘li bilan, montaj armaturasi esa konstruktiv mulohazalarga kо‘ra о‘rnatiladi. Taqsimlovchi armatura ham shartli ravishda montaj armatura turiga qо‘shiladi. (2)
Temirbeton elementlari kamida 0,05 % va kо‘pi bilan 3,5 % miqdorida armaturalanadi. Armaturalash foizining eng kichik miqdori, armaturalangan elementning chо‘zilishga bо‘lgan hisobiy qarshiligi sof beton elementning chо‘zilishga bо‘lgan qarshiligidan kichik bо‘lmasligi kerak degan shartdan kelib chiqadi. Armaturalashning maksimal miqdori esa iqtisodiy mulohazalar va hisoblar asosida belgilanadi.
Oddiy armatura sifatida A–I, A–II, A–III, va Bp–I, V–I sinfli armaturalardan foydalaniladi. Zо‘riqtiriladigan armatura sifatida esa A–IV, A–V, A–VI, At–V, At–VI, Bp–II, B–II va K–7, K–19 sinfli armaturalar ishlatiladi.
Agar sterjenli armatura kuchlanish ostida zanglash (korroziya) ga nisbatan о‘ta turg‘un bо‘lsa, uning sinfiy belgisiga «K» harfi qо‘shiladi (masalan, At–IVK); agar payvandga monand bо‘lsa, «S» harfi qо‘shiladi (masalan, At–IVS). Agar armaturada har ikkala hususiyat mavjud bо‘lsa, «SK» harflari qо‘shiladi (masalan, At–V SK).
Temirbeton konstruksiyalarida davriy profilli sterjenli armaturalar keng qо‘llaniladi. Armatura sirtining davriy profilli shakli, ya’ni uning g‘adir–budurligi, beton bilan yopishuvini yanada oshiradi, bu esa, о‘z navbatida, beton chо‘zilishga ishlaganida yoriqlarning kengayishini kamaytiradi, armaturani beton bilan biriktiradigan maxsus choralar kо‘rishdan xalos etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |