YUKSAK KAMOLOT KUYCHISI
Iqboloy Adizova
Yetuk shoira, noyob iste’dod sohibasi Nodirabegim 1792 yilda Andijon hokimi Rahmonqulibiy oilasida dunyoga keldi. Asl ismi Mohlaroyim. Qo‘qon xoni amir Umarxonga turmushga chiqib, 1810 yildan boshlab Qo‘qonda umr kechiradi. Xalq orasida ularning ibratli hayoti, ijodkorlar oilasi sifatidagi yuksak ma’naviy munosabatlari haqida ko‘plab rivoyatlar saqlanib qolgan.
1822 yilda amir Umarxon – shoiraning Amiriy taxallusi bilan she’rlar yozgan turmush o‘rtog‘i vafot etgach, u 14 yoshli o‘g‘li Muhammadalixon bilan birgalikda Qo‘qon xonligini boshqara boshlaydi. Nodira oqila, dono va tadbirkor ayol edi. Madrasa, masjid, hammom, karvonsaroylar qurdiradi. Ilm ahliga rahnamolik, faqirlarga homiylik qiladi. Jamiyat taraqqiyotida adabiyot, san’at, ilm va madaniyatning o‘rnini to‘g‘ri belgilaydi. Ko‘plab noyob kitoblarni ko‘chirtirib, ommaning ma’naviy dunyosini boyitishga e’tibor qaratadi. Shoiraning bu boradagi xizmatlari beqiyos.
Nodiraning siyosiy va adabiy faoliyatiga o‘ziga zamondosh allomalar yuksak baho berishgan. Juda ko‘plab tarixiy, badiiy asarlarda u haqda ma’lumotlar yetib kelgan. Ayniqsa, Uvaysiyning “Voqeoti Muhammadalixon” va Nodirning “Haft gulshan” nomli dostonlarida shoiraning ijodkor, davlat arbobi va oddiy o‘zbek ayoli sifatidagi qiyofasi qisqagina parchadayoq mufassal yoritib berilgan:
Hama boshdin ayog‘i erdi idrok,
Jahon ichra aningdek kelmagay pok.
Agar har ishni ul etsa iroda,
Karam bobida yuz erdin ziyoda.
Aningdek kelmagay dahr ichra oyim,
Aning ko‘ngli saxovat ichra doim.
Jahon gulzorida andog‘ sifatlik,
Topilmas xotun ichra oqibatlik.
Nodiradan o‘n ming misraga yaqin she’riy meros qolib, devonlarining bir necha qo‘lyozma nusxalari orqali bizgacha yetib kelgan. Nodira – zullisonayn shoira. U o‘z asarlarini ikki tilda, o‘zbek va fors-tojik tillarida yaratgan.
Shoira mumtoz adabiyotimizdagi g‘azal, muxammas, ruboiy, fard kabi ko‘plab janrlarda ijod qilgan. Navoiy, Fuzuliy, Bedilni o‘ziga ustoz deb bilgan. Ularning asarlaridan ta’sirlangan, ijod sirlarini o‘rgangan. Asarlariga ko‘plab muxammaslar bog‘lab, ustozlari fikru g‘oyalarini rivojlantirgan.Nodira umr yo‘ldoshi Amir Umarxonni ham o‘ziga ustoz deb bilgan. Kamtarinlik bilan she’r yozish siru uslubini undan o‘rganib, nazm saltanatiga qadam qo‘yganligini e’tirof etadi: “Men ham alar mutobaatida nazm uslubidin bahra topib “As- suhbatu muassiratun” natijasi birla kam-kam she’r qonunidin xabardor bo‘lur, goho biror misra va goho biror bayt taqlid birla aytur erdim”.
Nodira – ishq va vafo kuychisi. Hamfikr ustozi Umarxonning fojiali vafoti shoira ko‘ngliga, hayotiga katta zarba bo‘ldi. Uning she’riyatida mahzunlik kuchaydi. She’rlari g‘amgin iztiroblar, mungli navolar ifodasiga aylandi. Ammo Nodira she’riyatini faqat Sayyid Umarxondan ayriliq izhorlari deb baholasak, biryoqlama tushungan bo‘lamiz. Chunki shoira she’riyatining ildizi chuqur. Ma’no-mohiyati juda teran.
Firoq g‘amida yolg‘izlangan ko‘ngil bir g‘amgusorga ehtiyoj sezadi. Ana shu ehtiyoj shoira she’riyatini tafakkurning yuqori bosqichiga ko‘taradi. Ya’ni, hayotiy zamindagi oshiqlik ilohiy ishq sari yuksalib boradi. Nodira zamonasida majoziy ishqni kuylash ham, haqiqiy muhabbatni vasf etish ham ayol kishi uchun oson bo‘lmagan. Mana bu otashin bayt shundan nishona:
Man’i muhabbat na qilursan menga,
Ramzi haqiqat erur ishqi majoz.
Shoira yuragi turli malomatlardan kuyunib, “ey zamondosh, menga muhabbat navosini ma’n etma. Axir, Haq ishqini kuylashim uchun bu dunyo ishqi faqat ramzu timsoldir, xolos”, deya nadomat chekadi.
Shoira nazdida ilohiy ishq insonni kamolotga yetaklaydi. Undan bexabarlik esa tubanlikka eltadi. Ezgu fazilatlardan mahrum etadi:
Muhabbatsiz kishi odam emasdur,
Gar odamsan – muhabbat ixtiyor et.
Nodira ijodida, ayniqsa, yuksak e’tiqod ifodasining mukammal tasviriga duch kelamiz. U shariat talablari va amaliyotiga shoirona teran tafakkur mezonidan turib munosabatda bo‘ladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |