5-amaliy mashg’ulot mavzusi:
Nodiraning “Doda keldim, ey salotin sarvari, dodim eshit”, “Vasl uyin obod qildim, buzdi hijron oqibat”, “Kel, davrni imtihon etib ket”, “Qilmag‘il zinhor izhor ehtiyoj” g‘azallarida she’riy san’atlarning ishlatilishi
O‘zbek adabiyotida o‘zining betakror ijodi bilan alohida o‘rin tutuvchi ijodkorlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayniqsa, mumtoz adabiyotimiz xazinasini boyitgan ijodkorlar qatorida bir qancha shoiralarimiz ham borki, ularning jozibali she’r-g‘azallari allaqachon xalq ko‘ngil mulkiga aylanib ulgurgan. Haligacha yoshu qarining tilidan tushmaydigan:
Yorning vasli emas ozorsiz,
Gulshan ichra gul topilmas xorsiz.
Yoki,
Na gul sayr ayla, na fikri bahor et,
Jahondin kech, hayoli vasli yor et.
Muhabbatsiz kishi odam emasdur,
Gar odamsen muhabbat ixtiyor et.
kabi misralar quloqqa chalinganda, beixtiyor otashqalb shoira Nodirabegim ko‘z oldimizga keladi. Qalb harorati, nozik tuyg‘ular ifodasi, ko‘ngil torlarini chertuvchi musiqiy ohang, pokiza ishqning nafis jilvalanishi kishiga o‘zgacha kayfiyat baxsh etadi.
Darhaqiqat, Andijon farzandi, Qo‘qon malikasi Mohlaroyim Nodiraning ijodi, uning betakror adabiy merosi mana salkam ikki asrdirki, o‘zining badiiy qiymatini, jozibasini yo‘qotmay kelmoqda.
Nodiraning yarim asr davom etgan hayoti nisbatan og‘ir kechdi. O‘ttiz yoshida turmush o‘rtog‘idan ayrilgach, hali balog‘atga yetmagan o‘g‘li Madalixonga davlat boshqaruvida ko‘makdosh bo‘ldi, davlatda hukm surgan turli jarayonlarni izga solishda, muammolarni bartaraf etishda o‘g‘liga yelkadosh bo‘ldi. Shunday buxronli davr sharoitida o‘zining sevimli mashg‘uloti bo‘lgan badiiy ijodni bir zum bo‘lsa-da to‘xtatmadi. Komila, Nodira taxallusida o‘zbek tilida, Maknuna taxallusi bilan fors tilida qalam yurgizdi. Ko‘plab she’r-g‘azallar ijod etdi. O‘zidan boy adabiy meros qoldirdi.
Nodira ijodi o‘tgan asrning 20-yillaridan buyon o‘rganib kelinadi. 1960-yillarda esa Abdulahad Anisiy va Mahbuba Qodirovalar shoiraning o‘zbek va fors tillaridagi barcha asarlarini to‘plab, 2 marta nashr etdilar. Nodira ijodi haqida bir qator ilmiy tadqiqot ishlari ham amalga oshirildi.
Yaqinda Nodira ijodiga murojaat qilish asnosida Andijon viloyat adabiyot va san’at muzeyi jamg‘armasi ko‘zdan kechirilganda, unda saqlanuvchi INV № 5045 raqamli qo‘lyozma “Bayoz”da shoiraning haligacha noma’lum bo‘lgan, Komila taxallusida yozilgan, uning devonida uchramaydigan bir g‘azali borligi aniqlandi. Shu boisdan bu yil Nodira tavalludiga 225 yil to‘lishi munosabati bilan ulug‘ shoiramizni xotirlab, Nodira ijodi muxlislariga ushbu g‘azalni armug‘on qilamiz.
Ishq aro baxtim menga bir iltifote qilmadi,
Baxtsizlig‘ ofati mendin sira ayrilmadi.
Lola jomida labo-lab qon ichib o‘tdim mudom,
Qat-baqat qonlig‘ bu ko‘nglim g‘unchasi ochilmadi.
Vah nasibim hajr o‘lub peshonama yozildi, lek
Vasl jomidin xumori furqatim yozilmadi.
Bulhavaslig‘ni namoyish qildi kim, qildi havas,
Ishq uni ne bilmadi, to ko‘ksida yoqilmadi?
Kim haqiqiy oshiq o‘ldi bildi sevgi qadrini,
O‘zga qadrdin bilmadi, o‘z qadrini to bilmadi.
Yoshim aylabdur tanim loy, o‘yla bir tun yo‘qdurur,
Kim qadam qo‘yganda uyqu ko‘zima toyilmadi.
Komila, men ishq maydonida javlon ayladim,
Yorliqqa ishq aro bir komile topilmadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |