Baroq qosh ostidan qiyg‘ir ko‘zing-la parmalaydursan.
Bale, fisqu-fasod “ilmi” aro senga taraf yo‘qdir,
Jame’i rasvo hunarni sen bilursan, uddalaydursan!
Agar afting esa qiyshiq – nachora, oynada ne ayb,
Nechun ahli zamondan, ham zamondan o‘pkalaydursan?
Necha boshga balo bo‘lding, baloi tim qaro bo‘lding,
Tuzalmas, bir yaro bo‘lding, qishu yoz maddalaydursan.
Odamsan, zohiran, lek benasibsan odamiylikdan,
YA’nikim, shunchaki maxluq erursan, o‘rmalaydursan...
10. Yumoristik obrazlarda hayotdagi ayrim nuqsonlar yengil, quvnoq kulgu ostiga olinadi va ularni
tuzatishga chorlaydi. Mullado‘st (“Maysaraning ishi”-H.H.Niyoziy), Hamrobuvi, Xolnisa (“Shohi
so‘zana”- A.Qahhor), Toshbolta (“Toshbolta oshiq”-H.G‘ulom) kabilar yumoristik obrazlarning jonli
namunalaridir. Asqad Muxtorning “Afsona” she’ri (yuqorida keltirgan edik)ni qayta bir o‘qisangiz,
yumoristik obrazlarga xos yoqimli kulguni jonli shohidi bo‘lasiz.
Asar qurilishida tutgan o‘rniga qarab obrazlar quyidagicha turlarga bo‘linadi:
1. Asar
voqealarining markazida turib, asar syujetini harakatga keltiradigan va oxirigacha
rivojlantiradigan, asar bosh g‘oyasini o‘zida tashiydigan shaxslar – Bosh obraz yoki Bosh
qahramon deb yuritiladi. Jumladan, XX asr boshida o‘zbek xalqi o‘zini qanday taniganini ko‘rsatish
“Qutlug‘ qon” (Oybek)ning bosh g‘oyasidir. Ana shu g‘oyani o‘zida tashigani va asarning boshidan
oxirigacha ishtirok etgani uchun Yo‘lchi romanning bosh qahramoni sanaladi. Xuddi shuningdek,
Otabek “O‘tgan kunlar” (A.Qodiriy)ning, Po‘lat “Qudratli to‘lqin” (SH.Rashidov)ning, Avaz “Qora
ko‘zlar” (P.Qodirov)ning, Ahmadjon “Davr mening taqdirimda” (A.Muxtor)ning bosh obrazidir.
2. Badiiy asarda ma’lum bir g‘oyani (asardagi bosh g‘oyaning kichik bir bo‘lagini) ifodalovchi, syujet
davomida bir, ikki ko‘zga ko‘ringan obrazlarepizodik yoki yordamchi obrazlar deyiladi. Jumladan,
“O‘tgan kunlar” romanidagi Qovoq devona, Usta Farfi, Rahmat, Ahmadxon, Komilbek kabilar –
epizodik obrazlardir.
Usta Farfi romanda bir epizodda ko‘rinadi va Otabek bilan usta Alimni “Komilbekni qotili Hamid”
ekanligiga
ishontirish, Kumushning xaridori, uni o‘ziniki qilishga harakati borligini bildirish uchun,
“bu bir it, tomdagi luqmani o‘zi ham yemaydi, boshqaga ham yedirmaydir, nah itning o‘zi!” - deya
Hamidni xarakterlash uchun, Otabek hayotidagi fojealarning manbaini, Hamidning yordamchisi Sodiq
usta Alimga qo‘shni ekanini ta’kidlash uchun kiritiladi. Bu vazifani o‘tab bo‘lgach, romanning keyingi
voqealari tasvirida ko‘rinmaydi. Shunga asosan u-yordamchi obrazdir.
Adabiyot hayotni ikki xil yo‘l bilan tadqiq etadi: biri-tasdiqlash, ikkinchisi-inkor etish. Shunga ko‘ra
obrazlar quyidagicha turlarga bo‘linadi:
1. Xatti-harakati, xarakter xususiyati bilan asosan ijobiy xislatlarni o‘zida tashisa va kitobxon uchun
o‘rnak bo‘la olsa, jamiyatni ezgulik va komillikka yetaklay bilsa, u – ijobiy obrazdir. Bu
xususiyatlarga ega bo‘lgan Otabek, Yo‘lchi, Bobur, Po‘lat, Ahmadjonlar – ijobiy obrazlar sanaladi.
2. Xatti-harakati, xarakter xususiyati bilan, asosan salbiy xislatlarni o‘zida tashisa, kitobxonni o‘ziga
nisbatan nafratini uyg‘otsa, jamiyatni tanazzulga tortsa, u- salbiy obrazdir. Hamid, Musulmonqul
cho‘loq (“O‘tgan kunlar”), Ahmad Tanbal (“Yulduzli tunlar”), Inoyat oqsoqol (“Ufq”) kabilar bu xil
obrazlarning tipik vakilidir.
Adabiyot tarix va zamona materialiga murojat qilishiga ko‘ra quyidagi obrazlarni vujudga keltiradi:
1. Yozuvchi “tarix orqali zamonaning ichiga kirsa” (A.Tolstoy), tarixda bo‘lib o‘tgan
voqelikni
obrazlarda gavdalantirsa, ular tarixiy shaxslar obrazi deb yuritiladi. Hamid Olimjoninng “Zaynab va
Omon”idagi Zaynab, Oybekning “Navoiy” romanidagi Navoiy, P.Qodirovning “Avlodlar dovoni”dagi
Akbar real tarixiy shaxslar obrazidir.
2. Yozuvchi bugungi jamiyatning taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan yangi g‘oyalarni ifoda etsa, bu
g‘oyalarni zamondosh, “tanish bo‘lgan notanish” xarakterlarda gavdalantirsa, bu zamonaviy
obraz yoki zamondosh obrazi deb yuritiladi. Mustaqillik mafkurasini qalbiga ko‘chirgan, Istiqlol
mohiyatini o‘zida jam qilgan, el-yurt ravnaqi uchun kuyib, yonib yashayotgan, O‘zbekistonining
buyuk davlat bo‘lishiga asos
va kuch berayotgan tadbirkor, mulkdor zamondoshlarimiz obrazi –
bunday obrazlarning yaqqol timsolidir.
Adabiyotshunoslikda
obrazlarning
yana
boshqacha
turlari
ham
mavjud: o‘zgaruvchan
obrazlar (Yormat-“Qutlug‘ qon”), murakkab obrazlar (Ortiq-“Qora ko‘zlar”) kabi. Demak, bu
sohadagi izlanishlar davom etaveradi.
Badiiy asardagi bir - biri bilan uzviy bog‘liq obrazlar majmui - obrazlar (sistemasi) tizimi (“O‘tgan
kunlardagi” Yusufbek hoji – O‘zbekoyim- Otabek – Kumush – Yodgorbek kabi), asardagi ma’lum bir
guruhga mansub obrazlar – obrazlar galeriyasi (“O‘tgan kunlar”dagi Hamid – Sodiq – Mutal - Jannat
kampir kabi) deb yuritiladi.
Badiiy asar qahramonlarini yuqoridagidek turlarga ajratish mumkindir, lekin ular o‘rtasiga Xitoy
devorini qo‘yish tamoman noto‘g‘ridir. Chunki go‘zal va hayotbaxsh bitta obraz (masalan Otabek)ni -
realistik obraz, epik obraz, bosh obraz, ijobiy obraz, tarixiy obraz deb yuritaverish haqiqatga to‘g‘ri
kelaverdi.
Hayotda har qanday yaxshi insonning ham qusurlari, har qanday yomonning ham yaxshi xislatlari
borligiga hech kim shubha qilmaydi. Hammasi ham aybdor (beayb-Parvardigordir) bandalardir.
Shunday ekan, badiiy asar qahramonlarini faqatgina bir rangda (oq yoki qora, yoki qizil) tasvirlanishi,
sun’iy ravishda bir rangning quyuqlashtirilishi mantiqan noto‘g‘ridir. Jumladan, “Oltin zanglamas”
(Shuhrat)dagi Mirsalim, “Chiniqish” (Mirmuhsin)dagi Bo‘rixo‘ja, “Senga intilaman” (H.G‘ulom)dagi
Mirhosil obrazlari yozuvchilar tomonidan jamiyatimizda uchrab turuvchi salbiy xususiyatlarning
deyarli barchasini o‘zlarida jamg‘argan
shaxslar sifatida tasvirlanadi; obraz aniqligiga putur
yetkaziladi. Natijada, bu obrazlar o‘zlarining jonli qiyofalarini yo‘qotib, salbiy xususiyatlarning
yig‘indisiga aylanib ketadilar. Chunonchi, yigirma yildan buyon kolxozga rais bo‘lib kelgan Mirhosil
– qo‘li egri, qo‘pol, xushomadgo‘y, cho‘lni nobud etuvchi, ma’naviy jihatdan buzuq, xotin olib, xotin
qo‘yuvchi va hokazo...
Adabiyot – insonshunoslik ekan, adabiy asardagi obrazlar hayotdagi kishilarning fe’l - atvorlariga –
xarakterlariga muvofiq kelishi, eng asosiysi, hayotiy bo‘lishi talab qilinadi. Adabiyotshunoslikda
“obraz” tushunchasi bilan ba’zida teng, ba’zida farqli ishlatildigan “personaj”, “qahramon”
tushunchalari ham bor.
Personaj (lat. Personal-shaxs so‘zidan) atamasi badiiy asarda ishtirok etuvchi hamma shaxslarga
nisbatan qo‘llaniladi. Ko‘pincha asardagi epizodik obrazlar-personajlar deb yuritiladi, shu sabab uning
tushunchasi obrazga nisbatan tor hisoblanadi. “Ona lochin vidosi” (P.Qodirov) romanidagi Ibn Ali,
Ahmad Tarxon,
Bobo Husayn, Habiba Sulton, Robiya Sulton, Uvays Tarxon, SHerhoji kabilar –
personajlardir.
Qahramon deganda, shijoati, dovyurakligi, botirligi bilan shuhrat qozongan, jonbozlik, mardlik qilib
o‘zini ko‘rsatgan (M., O‘zbekiston Qahramoni) kishi tasavvurga kelsa-da,
bu tushuncha umuman
asarda ishtirok etuvchi (Yo‘lchi, Yormat, Unsin; Hamid, Sodiq, Mutal; lirik qahramon, epik
qahramon) ijobiy yoki salbiyligidan qat’iy nazar hamma shaxslarga, ko‘pincha, bosh ishtirokchilarga
nisbatan qo‘llaniladi. Chunki, har qanday salbiy qahramon ham adabiy asarga to‘qib-bichib kiritilar
ekan, u ham asardagi biror voqea-hodisaning yuzaga kelishida asosiy rol o‘ynashi, shubhasizdir.