5.2. Qoraxoniylar davlati. Siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot.
Qoraxoniylar davlati. X asr oʻrtalariga kelib Yettisuv va Qashqar hududida yashovchi qarluq, chigil va yagʻmo qabilalarining birlashuv jarayoni yangi pallaga kirdi. Qarluqlar madaniy taraqqiyotda boshqa qabilalardan ancha yuqori turgan. Qoraxoniylar davlatining vujudga kelishida chigillar, toʻxsilar, argʻunlar, yagʻmolar, turgashlar, qipchoqlar, oʻgʻizlar, qirqizlar singari urugʻ qabilalari ham muhim rol oʻynadilar. Bu davlatga yagʻmo urugʻidan chiqqan, oʻz qavmi bilan islom dinini qabul qilgan Sotuq Abdul Karim qoraxon (Buqroxon) asos solgan. “qora” iborasi qadimgi turkiy tilda “buyuklik”, “ulugʻlik” ma’nolarini anglatgan.
X asrning oxiriga kelib siyosiy jihatdan kuchaygan, harbiy qudratga ega boʻlgan Qoraxoniylar davlati Movarounnahr sarhadlari tomon yurish boshlaydi. Bu davrda Somoniylar tushkunlikka yuz tutib, hukmdorlarining nufuzi va ta’siri tushib ketgan edi. Somoniylar hokimiyatining asosiy tayanchi boʻlib kelgan turk gʻulomlari, ularning sarkardalari somoniy hukmdorlarning izmiga boʻysunmay qoʻygan edilar. Natijada, 999- yilga kelib Buxoro qoraxoniylar tomonidan ishgʻol qilindi. 1001- yilda Mahmud Gʻaznaviy bilan tuzilgan shartnomaga koʻra, Amudaryoning shimolidagi barcha hududlar qoraxoniylarga tegishli boʻlib qoldi. Shu tariqa Somoniylar davlati oʻrnida 2 ta – Qoraxoniylar va Gʻaznaviylar davlati tashkil topdi.
Somoniylar davrida vujudga kelgan markazlashgan davlat oʻrnida mamlakatni udel tizimi (ayrim viloyatlarga boʻlingan tizim) asosida boshqaruv oʻrnatildi. Qashqardan Amudaryogacha choʻzilib ketgan katta hudud bir necha viloyatlarga boʻlingan edi. Movarounnahr viloyatlarining poytaxti Samarqand, Fargʻonaning poytaxti esa oʻzgan boʻlib, qashqarda bosh xoqon istiqomat qilgan.
Shunday ulkan hududdagi barcha yerlar qoraxoniylar xonadanining (sulolasining) shaxsiy mulki hisoblanib, uning tepasida ulugʻ (bosh) xon turgan. Sulola boshligʻi “xonlar xoni” yoki “sultonlar sultoni” nomi bilan yuritilgan. Rasman bu “Tamqachxon” deb atalgan.
Udellar (viloyatlar)ni qoraxoniylar avlodi vakillari boshqargan. Masalan, Sharofuddin ismli Tamqachxon viloyatlarni aka-ukalari, oʻgʻillari va qarindosh-urugʻlariga boʻlib bergan, oʻzi esa bevosita Qashqar va Bolasoqunni boshqargan. Demak, ilgarigi xonlar, amirlar singari davlat boshqaruvida sulola vorisligi saqlanib qolgan. Ammo “xonlar xoni” (Tamqachxon) bilan viloyat xonlari (iloqxonlar) oʻrtasida aloqa, munosabatlar mustahkam boʻlmagan. Qoraxoniylar davlati boshligʻi lavozimi xoqon taxti merosiy sanalgan. Ma’muriy idoralar ikkiga boʻlingan: dargoh va devonga. Xoqonning ulugʻ xojibi xoqon bilan fuqaro oʻrtasida vositachilik qilgan.
Xoqon harbiy qoʻshinlari cherik deyilgan, unga sipoxsolar qoʻmondonlik qilgan. Qoʻshin oʻnlik, yuzlik, mingliklarga boʻlingan. Xoqon qoshida doim toʻqqizta sariq bayroq xilpirab turgan. Xoqonlikda elchi yalovoch deb atalgan. Tamqachxonlar oʻz pullarini chiqarganlar. Bu pullar misdan yasalgan (zarb etilgan) tangalardan iborat edi. Milliy pul chiqarash, ma’lumki, davlat mustaqilligining muhim alomatlaridan biridir.
Qoraxoniylar oʻz xususiyatlarini saqlab qolgan holda, somoniylar davridagi idora boshqaruv tartib-qoidalarini qoʻllaganlar va somoniylar davlatida xizmat qilgan quyi pogʻonadagi ilmli xodimlardan foydalanganlar.
Xoqonlik hududlari el viloyatlarga boʻlingan. El-yurt hokimlari "Iloqxon" viloyat noiblari "takin" deb yuritilgan. Iloqxonlar oʻz nomlari bilan chaqa tangalar zarb qilar, viloyatlarning mustaqilligi uchun intilar edilar. Viloyat boshqaruv ma’muriyatida somoniylar davridagidek sohibbaridlar, mustavfiylar xizmat qilardi. Shaharlar va shahar hokimi, rais va muxtasiblar tomonidan boshqarilar edi. Har bir xon oʻziga mustaqil boʻlishga intilgan, bu esa davlatning zaiflanishiga olib keladi. Imomlar, saidlar, sadrlar katta imtiyozga ega boʻlganlar. qoraxoniylar ularni izzat qilib qoʻllab-quvvatlaganlar.
Qoraxoniylar davrida bir qator ijtimoiy oʻzgarishlar sodir boʻldi. Ularning asosiy tayanchi boʻlmish koʻchmanchi chorvadorlarning bir qismi dehqonchilik bilan shugʻullanib oʻtroq hayotga oʻtdi. oʻtroq dehqon aholisi oʻrtasida feodal munosabatlarning rivojlanishi tez sur'atlar bilan bordi va sinfiy tabaqalanish jarayoni kuchaydi.
Ilgari jamiyatda, davlatda katta mavqega, imtiyozlarga ega boʻlgan yirik yer egalari (ma’lumki, ular dehqonlar deb atalardi) qoraxoniylar hukmronligi davrida oʻz imtiyoz-ustunliklarini yoʻqotdilar, xatto koʻplari yerlaridan mahrum boʻldilar, oddiy xalq qatoriga tushib qoldilar. Shu vaqtdan boshlab "dehqon" soʻzi yerda ishlaydigan oddiy tabaqaga tegishli boʻlib qoldi. Davlat ixtiyoriga oʻtgan dehqon yerlari harbiylar, ruhoniylar va boshqa oliy tabaqa vakillariga xizmatlari evaziga iqta sifatida boʻlib beriladi. Shu davrdan boshlab, zamindorlar "iqtadorlar" deb atala boshlandi.
Qoraxoniylar davrida hududimizda turklashish jarayoni, ya’ni turkiy qabilalarning, turkiy tilning bu zaminda yashab kelayotgan sharqiy Eron tilida soʻzlovchi qabilalarga, elatlarga tasiri, turkiy urf-odatlarining yoyilishi, hayotga kirib borishi kuchaydi. Qoraxoniylar hukmronligi davri oʻzbek, uygʻur, qozoq, qirqiz, turkman, qoraqalpoq va boshqa turkiy xalqlarning etnik shakllanishida muhim bosqich boʻldi.
Turkiylarning mavqei oshdi, oʻtroq aholi son jihatdan koʻpaydi, aholi oʻrtasida ijtimoiy tabaqalanish jarayoni kuchaydi. Mamlakatda dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, me'morchilik, madaniyat, san'at ravnaq topdi.
XI asrning 40- yillariga kelib qoraxoniylar oʻrtasidagi sulolaviy kurashlar oqibatida xonlik ikkiga boʻlinib ketadi. Harbiy xonlik markazi Buxoro boʻlib, unga Movarounnahr va Fargʻonaning harbiy hududlari kirgan. Sharqiy xonlik markazi Bolasoqun boʻlib uning tarkibiga Talos, Isfijob, Shosh, Fargʻonaning sharqiy qismi, Yettisuv va Qashgʻar yerlari kirgan. Qoraxoniylarning yer, mol, dunyo va davlat talashib gʻaznaviylar, saljuqiylar va qoraxoniylar bilan olib borgan urushlari natijasida davlat kuchsizlanib boradi. 1130- yilda qoraxoniylar davlati saljuqiy Sulton Sanjarga qaram boʻlib qoldi. 1211- yilda esa Xorazmshox Aloviddin Muhammad qoraxoniylarga soʻnggi zarbani berdi va Movarounnahrda qoraxoniylar sulolasini tugatdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |