Tuproqqa talabi. Kuzgi bug’doyning boshqa g’alla ekinlariga nisbatan tuproqqa talabchanligi yuqori. Uning me’yorida o’sishi va rivojlanishi uchun tuproq muhiti neytral (betaraf – rN - 6-7,5) bo’lishi kerak. U tuproqning unumdor, begona o’tlardan toza va yetarli namlikka ega bo’lishiga talabchan. Bug’doy eng barqaror va yuqori hosilni unumdorligi yuqori qora tuproqlarda, to’q kashtan tuproqlarda beradi.
Bug’doy sho’rlangan tuproqlarda yaxshi o’smaydi. Eroziyaga uchrab tuprog’i yuvilgan nishab yerlar, qumli tuproqlar bug’doy ekish uchun qulay emas. Kuzgi bug’doy o’stirishda relyef ham katta ahamiyatga ega.
Yorug’likka talabi. Yorug’lik bug’doy o’simligi hayotining eng muhim omillaridan biridir. Yorug’lik kunining uzunligi, yorug’likning intensivligi va uning spektr tarkibi, fotosintez intensivligiga, organik moddalarning to’planishiga, o’simlikning o’sishiga, rivojlanishiga, ayrim organlarning shakllanishiga ta’sir qiladi. Yorug’lik barglar tuproq yuzasida paydo bo’lmasdan o’simlikka ta’sir ko’rsatadi. Intensiv yorug’likda kaleoptil tuproq yuzasiga chiqmasdan o’sishni to’xtatadi. Bulutli, quyosh yorug’lik kuni qisqa sharoitda kaleoptil tuproq yuzasiga chiqishi ham mumkin.
Kuzgi bug’doy uzun kun o’simligi. Bahorda, o’sish davrida 13-14 soatdan kam bo’lmagan yorug’lik kuni o’simlikning ko’p miqdorda plastik moddalar
to’plashi, biomassaning to’planishi va yorug’lik stadiyasini tez o’tishiga yordamlashadi.
Serquyosh, bulutsiz, ochiq ob-havo, yetarli namlik donning shakllanishi, pishib yetilishida, yuqori hosil olishda muhim omillar hisoblanadi.
Ma’danli oziqlanishga talabi. Kuzgi bug’doy boshqa don ekinlariga nisbatan tuproqdagi oziqa moddalarning o’zlashtiriladigan shaklda bo’lishiga talabchan. Dala sharoitida kuzgi bug’doyning o’sishi, rivojlanishi jadalligining past bo’lishi, tuproqda asosiy oziqa elementlari, azot, fosfor, kaliyning yetarli bo’lmasligi sababli yuzaga keladi. Ayrim tipdagi tuproqlarda me’yorida o’sishning bo’zilishiga boshqa oziqa elementlari, shu jumladan mikroelementlarning yetishmasligi sabab bo’ladi. Kuzgi bug’doy azotga talabchan.
Azot. Kuzgi bug’doyning o’sishi, rivojlanishi va hosili shakllanishida azot katta ahamiyatga ega. Azot oddiy va murakkab oqsillar, aminokislotalar, nuklein kislotalari, xlorofill, alkaloidlar, ayrim vitaminlar, fermentlar va hujayradagi ayrim organik birikmalar tarkibiga kiradi. Oziqlanish muhitida azotning yetishmasligi, shuningdek, ortiqchasi ham o’simlik ayrim organlarining o’sishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi va hosilning kamayishiga olib keladi.
Ortiqcha azotli oziqlanish, baquvvat o’sish massasini shakllanishiga va ildiz tizimi bilan yer usti massasi nisbatining bo’zilishiga, o’sish davrining uzayishiga, yotib qolishga hamda o’simlikning zamburug’ kasalliklariga chidamliligining pasayishiga sabab bo’ladi. Boshqa oziqa elementlari bilan balanslanmagan kuchli azotli oziqlanish hosilning kamayishiga, donning ekinboplik, non yopish sifatlarining yomonlashishiga olib keladi.
Kuzgi bug’doy o’suv davrida gektaridan 50-60 s don shakllantirishi uchun tuproqdan 180-220 kg azot o’zlashtiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |