4.5.Eronga chet el mustamlakachilari kirib kelishining kuchayishi.
1856-1857 yillardagi ingliz-eron urushi.
Bobiylar qo’zg’oloni bostirilgach, Eronda Angliya va Rossiyaning faoliyati
kuchaydi va Shu bilan birga ingliz-rus raqobati ham kuchaydi. Sevastopol qamali
davrida Eron hukumati Hirotga qarshi yangidan hujum qilish payti keldi deb
hisoblab, 1856 yil Eron qo’shinlari Hirotni egalladi. Bunga javoban Angliya
Eronga qarshi urush e’lon qilib, ingliz qo’shinlari Fors qo’ltig’ida bir qator
hududlarni bosib oldi va Qorun daryosi bo’ylab yuqoriga ko’tarila boshladi.
Angliya hukumati Rossiyaning Qrim urushida mag’lubiyatga uchraganini
hisobga olib, qurol kuchi bilan butun Eron ustidan o’z hukmronligini o’rnatishga
intildi. Lekin Hindistonda xalq qo’zg’olonining etilib kelishi va Xitoyda taypinlar
qo’zg’olonining kuchayib borishi inglizlarni Eron bilan sulh tuzishni
tezlashtirishga majbur qildi. 1857 yil 4 martda Parijda bu ikki davlat o’rtasida sulh
tuzildi.
14
Ingliz-eron sulhi bo’yicha Eron Hirotga va Afg’onistonning boshqa
hududlariga bo’lgan da’volaridan abadiy voz kechdi hamda Afg’oniston bilan
ziddiyatlar kelib chiqqan taqdirda Angliya vositachiligidan foydalanish
majburiyatini oldi. Angliya o’z navbatida o’z qo’shinini Janubiy Erondan olib
chiqish majburiyatini oldi. 1856-1857 yillardagi urushdan keyin Angliyaning
Erondagi ta’siri ancha kuchaydi.
1856 yil oxirida Eron bilan AQSH o’rtasida teng huquqli bo’lmagan
shartnoma imzolanib, ilgari inglizlar ega bo’lgan imtiyozlar amerikaliklarga
nisbatan ham joriy qilindi.
Shunday qilib, XIX asrning 60-yillariga kelib Angliya va chor Rossiyasi
Eronda muhim iqtisodiy va siyosiy mavqelarni qo’lga kiritdilar. Eron qaram
mamlakatga aylana boshladi. Kapitalistik davlatlar teng huquqli bo’lmagan
shartnomalarga tayanib, Eron xalqlarini asoratga solishni kuchaytirdilar.
Bu davrda Eronni asoratga solishda chet el sarmoyasi tomonidan qabul
qildirilgan kontsessiyalar katta rol o’ynadi. Inglizlar 1862-1872 yillar davomida
Eron hududida Londonni Hindiston bilan bog’lovchi telegraf liniyasi qurish
to’g’risidagi to’rtta bitimni shoh hukumatiga qabul qildirdilar. Bu telegraf
liniyalari Angliyani Erondagi ta’sirini yanada kuchaytirish vositasi bo’lib xizmat
qildi. Telegraf liniyasiga xizmat ko’rsatuvchi ingliz xodimlari eksterritoriallik
huquqiga ega edilar. Keyinchalik mamlakatning Shimoliy provintsiyalarida chor
Rossiyasi tomonidan qurilgan telegraf liniyalari paydo bo’ldi.
Eng muhim aloqa vositalari ham chet elliklar nazorati ostiga o’tdi. Ingliz
kapitalistlari Janubiy va Markaziy Eronda bir qancha shosse yo’llarni qurib, o’z
nazorati ostiga oldilar. Angliya kompaniyasi 1888 yilda Eronda kema suza
oladigan yagona daryo bo’lgan Qorunda kema qatnovini tashkil qilish bo’yicha
kontsessiyaga ega bo’ldi. O’z navbatida rus tadbirkorlari Shimoliy va Markaziy
Eronni rus chegaralari bilan bog’lovchi shosse yo’llarni o’z nazorati ostiga oldilar
va Kaspiy dengizining janubiy sohili bo’ylab paroxod qatnovini yo’lga qo’ydilar.
Ingliz va rus kapitalistlarini Eronning manfaatlari qiziqtirmas edi. Eron
temir yo’llarga juda katta ehtiyoj sezardi. Lekin ingliz mustamlakachilari transeron
(Eronning barcha hududlarini tutashtiruvchi) temir yo’li qurilsa, ruslar bilan
ziddiyat chiqib qolgan taqdirda rus qo’shinlarining temir yo’llar orqali Fors
ko’rfaziga kirib kelishi oson bo’ladi deb, temir yo’llar qurilishiga qarshi edi. O’z
navbatida rus kapitalistlari temir yo’llarning qurilishi arzon ingliz tovarlarining
Eronning Shimoliy hududlariga kirib kelishidan cho’chirdilar. Natijada rus
hukumati 1889 yilda Nasriddinshohdan Eronda 15 yil davomida Rossiya ruxsatisiz
hech kimga temir yo’llar qurishga kontsessiya bermaslik to’g’risidagi majburiyatni
tasdiqlatib oldi. Keyinchalik bu majburiyat ikki tomonlama shartnoma shaklida
1910 yilgacha uzaytirildi.
15
Chet el tadbirkorlari kontsessiyalar yordamida Eronni to’la bo’ysundirib
olishga intildilar. 1872 yilda Eron shohi mashhur ingliz telegraf agentligi egasi
baron Reyterga yo’llar va sug’orish inshootlari qurilishi, mineral va o’rmon
boyliklarini ishlash, fabrikalar qurish kabilarga monopol egalik qiluvchi 70 yil
muddatga mo’ljallangan kontsessiya berdi. Eron bojxonasini boshqarish ham
Reyter qo’liga o’tishi kerak edi. Bunday kontsessiyaning berilishi mamlakatda
umumiy norozilikni keltirib chiqardi, undan hatto hukmron doiralarning vakillari
ham norozi edi. Rus diplomatiyasi ham bunga norozilik bildirdi.
Natijada kontsessiyani bekor qilishga to’g’ri keldi. Lekin shunga
qaramasdan chet el tadbirkorlari yangi kontsessiyalarga egalik qilishni davom
ettirdilar. Rus tadbirkori Lianozov Kaspiyning janubiy qirg’oqlarida baliqchilik
sanoatiga, Angliyaning Talbota kompaniyasi butun mamlakat bo’ylab tamakiga
ishlov berish, sotib olish va sotishga monopol kontsessiya oldi. Doimo pulga
muhtoj bo’lgan shoh hukumati uncha katta bo’lmagan sarmoyaga kutilmagan
kontsessiyalarni berib yuborardi. Belgiyaliklar qimor uylari ochishga, fransuzlar
arxeologik qazishmalar o’tkazishga monopol kontsessiyalar oldilar.
Chor Rossiyasi iqtisodiy jihatdan Eronda ustunlikga erishish uchun
Angliya kabi iqtisodiy-moliyaviy qudratga ega emas edi, lekin u bu mamlakat
chegaralaridagi harbiy-strategik mavqeining ustunligidan (rus Kavkazorti va O’rta
Osiyosi) ancha rivojlangan xo’jalik va savdo aloqalaridan (Angliya Eronga
ko’proq tovar keltirishdan manfaatdor bo’lsa, Rossiya bu yerdan tovarlar olib
ketishdan ham manfaatdor edi) foydalanishi mumkin edi.
Eron poytaxtida 1878 yilda askarlar qo’zg’oloni yuz berishi natijasida
cho’chib qolgan shoh ancha ishonchli bo’lgan qo’shin – kazak polkini tashkil
qilish uchun rus hukumatidan ko’mak so’rashi Rossiyaning Erondagi mavqei
yanada mustahkamlandi.
Eron shohining iltimosiga ko’ra 1879 yilda polkovnik Domantovich
boshchiligida ruslarning 4 zobiti va 6 nafar uryadnigi Tehronga yuborildi.
Keyinroq rus harbiy mutaxassislariga polkovnik Kosagovskiy rahbarlik qila
boshladi. Rus harbiylarining yordami bilan bu yerda 1879 yilda kazak brigadasi
tashkil qilindi va u bevosita shohga bo’ysunardi. Bu brigada Eron shohi qo’shinlari
ichida jangovarligi ancha yuqori bo’lgan yagona harbiy qism edi. Poytaxtda
joylashtirilgan bu qo’shin shohni xalqdan himoya qilish bilan birga rus
chorizmining mustamlaka siyosatini amalga oshirish vositasi ham edi. Eron
armiyasida rus zobitlaridan tashqari boshqa Yevropa mamlakatlari zobit va
instruktorlari (Avstriya, Germaniya, Fransiya, Italiya) ham paydo bo’la boshladi.
Eron tobora ko’proq chet el sarmoyasi asoratiga tusha boshladi. Shoh
hukumati 1889 yilda Reyterga Eron Imperiya (Shahanshoh) bankini ochishga
ruxsat berdi. Chet el banki pul chiqarish uchun monopol huquqga ega bo’ldi,
16
davlat daromadlari va bojxona yig’imlari uning hisobiga kelib tushardi. Shimoliy
Eronning iqtisodiy hayoti esa rus tadbirkori Polyakov tomonidan 1890 yilda tashkil
qilingan Hisob-ssuda banki tomonidan nazorat qilinardi. Rus imperatritsasi Mariya
Fedorovna va moliya vaziri Vitte bu bankning aktsionerlari hisoblanardilar. Rus
tadbirkorlari 1893-1895 yillarda Enzeli-Tehron, Qazvin-Hamadon shosse yo’llarini
qurish uchun kontsessiyalarga ega bo’ldilar.
Ingliz va rus banklari o’rtasida kuchli raqobat kurashi borardi. X1X asr
oxiriga borib Angliya va Rossiya hukumatlari tomonidan Eronga berilgan asoratli
qarzlar mamlakatni yanada ko’proq asoratga solish vositasi bo’ldi.
Shunday qilib, XIX asr oxiriga kelib Eronni yarim mustamlaka asoratiga
solish asosan o’z nihoyasiga yetdi. Mamlakat amalda Angliya va Rossiya
tomonidan o’zaro taqsimlanib olindi. Eron janubida inglizlar, shimolda esa rus
imperialistlari hukmronlik qilardilar.
Ingliz va rus sanoati tovarlarining ko’plab kirib kelishi natijasida mahalliy
sanoat ishlab chiqarishi inqirozga yuz tutdi. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida
eronlik tadbirkorlar tomonidan qurilgan 50 dan ziyod turli xil zavod va fabrikalar
chet el tovarlari raqobatiga bardosh bera olmay, inqirozga uchrab yopildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |