9
4.3.Eronda Bobiylar qo’zg’oloni.
XIX asrning 30-40-yillarida Eron mehnatkashlarining ahvoli juda
og’irlashdi. Qoloq feodal tuzum, shoh hokimyatining zo’ravonligi, feodallarning
o’zboshimchaligi ustiga chet el sarmoyasining kirib kelishi vaziyatni yanada
keskinlashtirdi. Mehnatkashlarni asoratga solish kuchaydi, ijara haqi va boshqa
to’lovlar hosilning 2/3 va hatto 4/5 qismini tashkil etardi.
Shaharlarda chet el tovarlarining ko’plab paydo bo’lishi hunarmandlarning
xonavayron bo’lishiga olib keldi.
Eronda har yili ro’y berib turadigan hosilsizlik, qurg’oqchilik, kasalliklar
epidemiyasi ming-minglab odamlarni o’limiga sabab bo’lardi. XIX asr birinchi
yarmida mamlakat aholisi bir necha millionga qisqardi.
Shaharlarda kambag’al aholining noroziligi kuchaydi. Ularga oddiy
ruhoniylar, shu jumladan saidlar ham qo’shildi. Ruhoniylarning yuqori boy qatlami
mujohidlar va ulamolardan farq qilgan holda, quyi qatlam ruhoniylari o’z mehnati
orqasidan kun ko’rardilar. Ana shu quyi qatlam ruhoniylari vakillari boshlanib
ketgan xalq harakatining mafkurachilari sifatida chiqishib, bu harakatga diniy ruh
berdilar. Shu bilan birga bu harakat hukmron ijtimoiy tuzumga qarshi
qaratilganligi sababli u rasmiy din – shiachilikga ham qarshi qaratilgan edi.
1844 yilda Sherozda savdogar oilasidan chiqqan 23 yoshli said
Alimuhammad (1820-1850) o’zini “Bob” ya’ni xalq bilan imom Mahdiy o’rtasida
vositachi deb e’lon qildi. (“Bob” so’zi arabchada eshik, darvoza ma’nosini
anglatadi).
Islom dini sektalarida payg’ambar avlodidan bo’lgan imom Mahdiy
qiyomat kuni kelib, yomonlarni jazolab, adolat o’rnatilishi haqida rivoyatlar bor.
Bob ta’limotiga ko’ra imom Mahdiy rivoyatlarda aytilganidek uzoq
kelgusida emas, balki eng yaqin vaqt ichida aynan Eronda paydo bo’lishi kerak
edi. Shia ta’limotiga ko’ra imom Mahdi yer yuzi baxtsizlik va azob-uqubatlarga
to’lib ketganda odamlar oldiga kelishi kerak edi. Bob esa ana shunday vaqt
kelganligini, hokimyat va ulamolarning zulmi natijasida xalqning sabr kosasi
to’lganligini, shuning uchun ham imom Mahdiy keladigan vaqt bo’lganligini
aytadi. Bobning aytishicha Mahdiyning kelishi bilan Eronda adolatli podsholik
o’rnatiladi, har qanday zulm tugatiladi, hamma odamlar, erkak va ayollar teng
bo’lib, baxtli va farovon hayot kechiradilar. Bob o’z zimmasiga Mahdiy kelguncha
haqiqatni xalq ommasiga yetkazish va odamlarni Yangicha hayot kechirishga
tayyorlash vazifasi yuklatilganini e’lon qiladi.
Bobning targ’iboti nafaqat diniy, balki ijtimoiy-siyosiy xarakterga ham ega
edi. Qisqa davr ichida Bobning izdoshlari – bobiylar soni keskin ko’paydi.
Hokimyat bobiylar harakatini bo’g’ib tashlashga intildi. 1847 yilda
Alimuhammad qamoqqa olindi. U qamoqda bo’lishiga qaramay o’ziga sodiq
10
odamlar yordamida o’z tarafdorlari bilan aloqa o’rnatdi. U qamoqda o’zining
asosiy asari “Bayon”ni yozib tugatdi. Bu kitob bobiylar uchun asosiy dasturilamal,
go’yo yangi Qur’on bo’lib qoldi. Shundan keyin Bob o’zini Mahdiy deb e’lon
qildi.
Bob ta’limoti va ijtimoiy talablari o’zining mo’’tadilligi bilan ajralib
turardi. Uning maqsadi Eron hukmdorlariga ahloqiy jihatdan ta’sir o’tkazib, ularda
adolat hissini uyg’otish edi.
Bobga nisbatan xalq bilan ancha yaqin aloqada bo’lgan uning izdoshlari
ancha radikal dasturni ilgari surdilar. Mozandarondagi bobiylar harakatining
rahbari
Barforushlik
mulla
Muhammadali
qat’iy ravishda hukumatga
bo’ysunmaslikga va boylarning mol-mulkini tortib olishga da’vat etdi. U Qur’on
va shariat o’z kuchini yo’qotganligini e’lon qildi. Odamlar endilikda o’z
xo’jayinlariga nisbatan barcha majburiyatlarni bajarishdan, shu jumladan soliqlarni
to’lashdan ozod bo’lganliklarini bildirdi.
Bobiylar ta’limoti xalq ommasi ichida keng yoyildi. Xurosonda bu
ta’limotning otashin targ’ibotchisi Bushruy qishlog’ilik mulla Xusayn edi.
Qazvinda esa Qurrat-ul-ayn taxallusini olgan Zarrin Toj ismli yosh ayol o’z
chiqishlari bilan mashhur bo’lgan edi. SHoirtabiat go’zal bu ayol bobiylar g’oyasi
uchun o’z uyi va oilasidan ham voz kechgan edi.
1848 yil yozida Muhammadali va Qurrat-ul-ayn boshchiligidagi
bobiylarning katta guruhi Mozandaron va Xuroson chegarasidagi Bedasht
qishlog’iga to’planib, bir necha kun davomida yangi ta’limotning tamoyillarini
muhokama qildilar. Bedashtdagi yig’ilishlarda ularning kelgusidagi faoliyatiga
asos bo’lgan demokratik dasturi shakllandi. Bobiylar o’z dasturlarida keng xalq
ommasi talablariga katta o’rin berdilar. Bedashtdagi chiqishlarda hukmron
tuzumga qarshi oshkora kurash boshlashga chaqiriqlar yangradi. Bu voqea Eronda
bobiylar qo’zg’oloni boshlanganligini bildirardi.
Eron hukumati Bedashtga qo’shin yuborib, bobiylarni quvg’in qildi.
Ulardan ko’pchiligi, shu jumladan Qurrat-ul-ayn ushlab olinib, turmaga tashlandi.
Mulla Muhammadali va Xusayn Barforush shahriga keldilar. Barforush bobiylar
harakatining asosiy markaziga aylandi.
1848 yil kuzida 700 ga yaqin bobiylar mulla Muhammadali boshchiligida
Barforushni tashlab chiqib, uning yonidagi Shayx Tabarsi maqbarasini va uning
atrofini egallab oldilar. Ular o’zlarining ijtimoiy g’oyalarini amalga oshirish uchun
shu yerga o’rnashib olishga qaror qildilar. Bobiylar Shayx Tabarsi ziyoratgohi
atrofiga qal’a, uylar qurib, yashay boshladilar. Ularning butun mulki umumiy
bo’lib, umumiy qozonda ovqat qilinardi. Mamlakatning turli tomonlaridan bu
yerga bobiylar tarafdorlari kela boshladilar. Bu yerdagi bobiylar soni 2 mingdan
oshib ketdi.
11
Tevarak-atrofdagi xonlar Shayx Tabarsini egallab olishga harakat qildilar,
lekin bobiylar ularning hujumlarini qaytardilar. Atrofdagi shahar va qishloqlardan
ko’plab odamlar ularga yordamga keldilar.
Shoh hukumati bobiylarga qarshi 2 ming kishilik doimiy qo’shin yuborib,
Shayx Taborsiyni qamal qila boshladi. Lekin 1849 yil yanvarda bobiylar qal’adan
chiqib, shoh qo’shinini tor-mor qildilar. Bu g’alaba natijasida bobiylar harakati
Zanjonda (Eron Ozarbayjoni) va Fors viloyatida keng yoyildi. Tehronda ham
bobiylar targ’iboti kuchaydi.
Hukumat doiralarida va feodallar ichida sarosima boshlandi. Hukumat
Mazondaronga yana katta qo’shin va artilleriya yubordi. Lekin Shayx Tabarsini
hujum bilan olib bo’lmadi. Shundan keyin bobiylar qal’asi to’la qamal qilishga
o’tildi. Bobiylar ichida ochlik, o’q-dori, porox etishmasligi boshlandi. Shunga
qaramay ular qahramonlarcha jang qildilar. Xusayn ham jangda halok bo’ldi.
Bahorga kelib qal’a himoyachilarining soni 250 kishiga etmas edi, shoh qo’shini
bu vaqtda 10 ming kishini tashkil qilardi. Ochlikdan azob chekkan bobiylar
muzokara boshlashga majbur bo’ldilar. Hukumat qo’shinining boshlig’i kurashni
to’xtatgan bobiylarni ozod qilishga tantanali so’z berdi. Lekin 1849 yil may
oyining boshida tirik qolgan bobiylar qal’adan chiqqanlarida, ularni o’rab olib,
qurolsizlantirdilar. Bobiylar harakatining oddiy a’zolari shu yerning o’zida otib
tashlandi. Muhammadali va bobiylarning boshqa rahbarlarini Baforushga olib
borib, og’ir qiynoqlardan keyin qatl qildilar.
7 oy davom etgan Mazondaron bobiylarining qo’zg’oloni ana shunday
yakunlandi. Lekin mamlakatdagi g’alayonlar to’xtamadi. 1850 yil boshida Yazdda
ham bobiylar qo’zg’oloni bo’lib o’tdi. Tehron bobiylari shohga va Mirzo
Tog’ixonga qarshi fitna tayyorladilar, lekin fitna fosh bo’lib, 7 nafar bobiy qatl
qilindi. O’limi oldidan ular o’zlarini Bob ta’limotiga sodiq ekanliklarini e’tirof
etdilar.
1850 yil Zanjonda va Neyrizda (Fors viloyati) yangi yirik qo’zg’olonlar
ko’tarildi. SHoh hukumati bobiylarni qo’rqitish maqsadida 1850 yil iyulda Bobni
qatl qildi, lekin qo’zg’olonlar davom qilaverdi. Zanjondagi qo’zg’olonni bostirish
uchun 30 ming kishilik armiya yuborildi, lekin qo’zg’olonchilar taslim
bo’lmadilar. Natijada uzoq vaqt davom etgan qamal boshlandi. Faqat 1850 yil
dekabrga kelib qo’zg’olon bostirildi. Taslim bo’lgan bobiylar shafqatsizlik bilan
qirib tashlandi. Bu bilan bobiylar qo’zg’olonining asosiy o’choqlari tugatildi va
qo’zg’olon mag’lubiyatga uchradi.
Neyriz qo’zg’oloni ham bir necha oydan keyin bostirildi. Asir olingan
bobiylarga shafqatsizlarcha azob berildi.
Neyriz qo’zg’oloni bobiylarning so’nggi ommaviy chiqishlari edi. 1851-
1852-yillarda ham bobiylar bir necha marta qurolli kurashga ko’tarildilar, lekin
12
keng xalq ommasi bu harakatdan chetlashgan edi. Bobiylar qo’zg’olonlari uzuq-
yuluq, birlashmagan holda yuz bergani uchun hukumat qo’shinlari ularni tez orada
bostirar edi.
Bobiylarning omon qolgan rahbarlari yakka terror yo’liga o’tdilar. 1852 yil
avgustda Nasriddinshohga suiqasd uyushtirildi. Suiqasd amalga oshmadi, shoh
engil yarador bo’ldi, suiqasdchilar qo’lga olinib, qattiq qiynoqlardan keyin qatl
qilindilar. Mamlakatda bobiylar va ularga xayrihohlarga nisbatan shafqatsiz
jazolash boshlandi. Bobiylar harakatida hech qachon ishtirok etmagan yuzlab
kishilar qatl etildi.
Bobiylar harakati tor-mor etilgach feodal zodagonlar avvalgi eski
tartiblarni to’la qayta tikladilar. Natijada Eronning ichki va xalqaro ahvoli yanada
yomonlashdi.
Bobiylar qo’zg’oloni dehqonlar, hunarmandlar, mayda savdogarlarning
feodalizmga va chet elliklar zulmiga qarshi qaratilgan chiqishlari edi. Xitoydagi
taypinlar qo’zg’oloni, Hindistondagi xalq qo’zg’oloni kabi bobiylar qo’zg’oloni
ham Osiyo xalqlarining XIX asr o’rtalaridagi ozodlik kurashining yorqin
namunalaridan biri edi. Lekin taypinlar qo’zg’olonidan farq qilgan holda, bobiylar
qo’zg’oloni dehqonlar urushiga aylanib ketmadi. Bu kurashda Erondagi ba’zi
shaharlar atrofidagi dehqonlar ishtirok etdi xolos. Bobiylar qo’zg’oloni stixiyali
xarakterga ega bo’lib, mamlakatning turli viloyatlaridagi qo’zg’olonlar o’rtasida
aloqa yo’q edi.
Eronda XIX asr o’rtalarida hali feodalizm va chet elliklar zulmi ustidan
g’alaba qozonish uchun ob’ektiv shart-sharoitlar yo’q edi. Dehqonlar kurashini
birlashtiradigan va unga rahbarlik qila oladigan burjuaziya va ishchilar sinfi hali
shakllanmagan edi. Dehqonlarning chiqishlari uzuk-yuluq va mahalliy xarakterga
ega edi. Lekin shunga qaramasdan bobiylar qo’zg’oloni keyinchalik Eronda avj
olib ketgan ozodlik kurashining muhim tayyorgarlik bosqichi bo’ldi. Shuning
uchun ham hukmron feodal tuzumni emirgan bobiylar harakati va bobiylar
qo’zg’oloni muhim ijobiy ahamiyatga ega bo’ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |