4-mavzu Tarixiy ong, tarixiy xotira va tarixiy meros.
Mavzuga aloqador izohli so‘zlar lug‘ati1:
Xotira – bu bizning o‘tmish haqida bilimimiz, sub’ektning tashqi olam va o‘zining ichki holati haqidagi axborotlardan kelgusida o‘zining hayotiy faoliyatida faol, ijodiy foydalanish uchun ularni saqlab qolish va ifoda etish qobiliyatidir. Inson xotirasi tarixiy tabiatga ega, ijtimoiy belgilanadi, uning ijodi xususiyati bilan uzviy bog‘liq, insonning ichki, ma’naviy olamining boshqa elementlari bilan bir qatorda, u inson shaxsini faol shakllantiradi. Ijodiy qobiliyat, bilim, ko‘nikmalar va usullar yaratuvchi shaxsning, yangilik bunyodkorining xotirasida saqlanib qoladi.
Axborot − dunyoda sodir bo‘lgan turli hodisalarning tasviridir. Axborotning doimiy almashinuvi jamiyat hayoti va inson hayotini izga solib turilishining asosiy shartlaridan biridir. Axborot ochiq ifodalangan va yashirin holatda (keyingisi ko‘p uchraydi) bo‘ladi.
Manba − o‘tmish xaqida axborot tashuvchilar manbalar hisoblanadi. Manbalar bir necha turli bo‘lishi mumkin: YOzma (belgili) manbalar; Moddiy manbalar; Etnografik manbalar; Xalq og‘zaki ijodiga oid manbalar; Lingvistik (tilshunoslikka oid) manbalar.
Empirizm − nazariy umumlashtirishni inkor qilib, hissiy idrokni, tajribani bilishning birdan bir manbaidir deb biladigan falsafiy yo‘nalish, nazariyadan ko‘ra amaliy faoliyatga ko‘prok moyil bo‘lishlik, amaliy faoliyatga moyillik.
Paleografiya – yozuvlar tarixini, qaysi materialga yozilishidan qat’iy nazar yozma yodgorliklar turlarini o‘rganadi.
Arxeografiya – arxiv hujjatlarini, yozma tarixiy manbalarni nashr etish qoida va usullarini o‘rgatadi. Nashr qilingan hujjatlar to‘plamlari ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanuvchilar uchun tarixni chuqur o‘rganishda, xolisona tadqiq etishda yordam beradi.
Tarixiy geografiya – bu insoniyat tarixiy o‘tmishining geografiyasini, xususan tabiiy muhit, tashqi va ichki chegaralardagi, shahar va qishloqlar, qal’alardagi, harbiy yurishlardagi yo‘llarni, jang maydonlarini, xalq harakatlari va qo‘zg‘olonlarining yo‘nalishlaridagi o‘zgarishlarni o‘rganadi.
Geneologiya (shajara) – insonlarning kelib chiqishi, qarindoshlik aloqalari, oila ajdodlarining kelib chiqishi, shuningdek, ayrim shaxslar va ularning qarindoshlik aloqalarini o‘rganadi.
Numizmatika – tangalar, pul birliklari, orden va medallar, nishonlarni o‘rganadi. Bu esa hokimiyat tepasida kimlar bo‘lgani va almashgani, sulolalar ketma-ketligi, davlat to‘ntarishlari, urushlar, diniy islohotlar va boshqalar to‘g‘risida ma’lumot beradi.
Xronologiya – turli xalqlardagi har xil vaqtlarni va ularni hozirgi zamon yilnomasiga o‘tkazish usullarini o‘rgatadi. Tadqiqotchi-talaba xronologiya uslubiga tayangan holda yozma, arxeologik va boshqa manbalarga asoslanib, tarixiy hujjatlar, voqealar, hodisalar, dalillarning aniq sanasini belgilaydi. Masalan, Hijriy taqvim, Grigoryan taqvimlari o‘rtasidagi farq, tarixiy voqealarni 1918 yil 1 fevralgacha sanasi va undan keyingi o‘zgarishlar.
Metrologiya – o‘tmishdagi uzunlik, maydonlar, og‘irlik, hajmlar o‘lchov birliklarini o‘rganadi. O‘lchov birliklarining tarixiy davrda, mintaqalardagi rivoji va ularning hozirgi o‘lchov birliklari bilan solishtirish ilmiy tadqiqotlarda muhim ahamiyatga ega. Metrologiya tadqiqotchi uchun ma’lum bir davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni, xususan er maydonlari ko‘rsatkichi, qishloq xo‘jaligi va sanoat ishlab chiqarishi miqdori, mahsulotlar narxi, savdo aylanmasini aniqlashda yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |