Suitsidal xavfning ijtimoiy muhitdagi omillari
Oʻz joniga qasd qilishga undovchi ijtimoiy muhitdagi jiddiy omillari sirasiga ogʻir stress holatlari taʼsiri (yaqin kishisining oʻlimi, oilaning barbod boʻlishi, jismoniy yoki jinsiy zoʻrlangan va boshqalar), maʼlum ijtimoiy tavsiflar (oila, doimiy ish joyining yoʻqligi va b.), oʻlimga olib boradigan suitsid vositalarning mavjudligiga koʻra ajratiladi.
Suitsidal xulq-atvorga undovchi stressli holatlar – yaqin odamining oʻlimi, sevimli kishisi bilan ajrashish yoki munosabatlarning buzilishi, shaxslararo ixtiloflarning turli koʻrinishi, farzandining oʻlimi yoki ogʻir kasallikka duchor boʻlishi, ish joyini yoʻqotish yoki ish topa olmaslik va boshqalar. Mahalliy tadqiqotchilarning maʼlumotiga koʻra, oʻz joniga qasd qilishlarning 2/3 ga yaqini shaxsiy-oilaviy sabablar taʼsirida sodir etiladi. Shu sababli 16–20 yoshlilar oʻrtasida, koʻpincha, omadsiz sevgi munosabatlari, 30–40 yoshlilar orasida turli oilaviy mojarolar, 60 yoshdan kattalarda esa, yaqinlarini yoʻqotish va yolgʻizlik oʻz joniga qasd qilishga sabab boʻladi.
Tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, jismoniy va nomusga tajovuzni boshdan kechirganlarda oʻz joniga qasd qilish darajasi oshadi. Niderlandiyada oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, 1490 nafar oʻsmirlardan toʻplangan materialida nomusiga tajovuz qilinganlarning koʻpchiligida, boshqa jarohat olgan tengdoshlaridan koʻra, suitsidal xulq-atvor, depressiya va ruhiy buzilishlarning turli koʻrinishlari kuzatilgan. Boshqa tadqiqotlarda oʻzini zaharlashga urinish bilan kasalxonaga yotqizilgan ayollarning koʻpchiligining, boshqa sabablar bilan kasalxonga yotqizilgan ayollarga nisbatan, avval nomusiga tajovuz qilinganligi koʻrsatilgan.
Suitsidal xulq-atvorga taʼsir qiluvchi eng muhim omil – din hisoblanadi. Dinga eʼtiqodli kishilarda eʼtiqodsiz kishilarga nisbatan suitsid holati ancha kam uchraydi. Shuningdek, diniy eʼtiqod, oʻz joniga qasd qilishga taʼsir koʻrsatadi. Aholisining katta qismi islom va katolik diniga mansub mamlakatlarda ayniqsa, protestantlik dini ustun boʻlgan mamlakatlarga qaraganda, suitsid darajasi ancha past koʻrsatkichga ega ekanligi tadqiqotlarda aniqlangan. Turli etnik guruhlar oʻrtasida olib borilgan tadqiqotlarga koʻra, Singapurda etnik malayyaliklarning – islom tarafdorlari orasida oʻz joniga qasd qilish past darajada, shu bilan bir vaqtda, oʻz joniga qasd qilishga qatʼiy toʻsiqlar qoʻyilmagan etnik hindular orasida koʻpligi bilan ajralib turadi.
Foydalanilgan suitsid usulining – asosiy omili, oʻz joniga qasd qilishga urinish orqali oʻlimga olib kelish ehtimoli bilan belgilanadi. Rossiyada oʻz joniga qasd qilishda tez-tez foydalaniladigan uslublar oʻzini osish, zaharlanish (birinchi navbatda, medikamentoz preparatlar bilan), sovuq qurollardan foydalanish va balandlikdan oʻzini tashlash hisoblanadi. AQSHda sodir etiladigan suitsidlarda taxminan, 2/3 qismida olov sochuvchi qurollardan foydalaniladi. Angliyada oʻz joniga qasd qilishda gaz chiqaruvchi avtomobillardan zaharlanish usullari keng qoʻllaniladi. Xitoyda keng tarqalgan uslub – pestitsidlar bilan zaharlanish hisoblanadi. Aholining oʻlimga olib keluvchi vositalarga imkoniyatlarni chegaralash (masalan, olov sochuvchi qurol), oʻz joniga qasd qilish darajasini kamaytiradi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, biologik, psixo-psixiatrik va ijtimoiy muhit omillari suitsidal xulq-atvor rivojlanishi jarayonida oʻzaro aloqadorligini taʼkidlash zarur. Masalan, suitsidal xulq-atvorda genetik omillar bevosita psixik va ijtimoiy muhit omillariga taʼsir koʻrsatadi. Genetik omil shaxslarda koʻpincha, stressli vaziyatlarga undovchi ijtimoiy xulq-atvorga moyillik, shuningdek, oʻz navbatida, depressiya va suitsidal reaksiyalarni chaqirishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |