4-MAVZU. SHAXS PSIXOLOGIYASI VA KASBIY SHAKLLANISH. SHAXSNING INDIVIDUAL, SHAXSIY RIVOJLANISHINING O’ZARO TA’SIRI (4 soat)
Reja
4.1. Psixologiyada «shaxs» tushunchasi va shaxs ijtimoiylashuvi muammosi.
4.2. Shaxsning «Men» obrazi va o‘z-o‘ziga baho berishi muammosi.
4.3. Shaxs dunyoqarashini va kasb etikasining shakllanishi.
Mavzuning o’quv maqsadi:
Ta’limiy: talabalar shaxs, individ, individuallik, shaxs borasidagi psixologik nazariyalar, shaxs faolligining manbalari, shaxsning malaka va odatlari haqidagi bilimlarni shakllantirish.
Tarbiyaviy:bo’lajak muhandilar tomonidan inson, individ, shaxs va individuallik, «shaxs» tushunchasi tarixi va uni psixologik tarzda tushunish, shaxs tuzilishi, shaxs tuzilishida biologik va ijtimoiy nisbatlar muammosi, shaxs haqida psixologik nazariyalar, o’zini anglash, o’zini baholash va shaxsiy da’vogarlik darajasi, shaxsning psixologik himoyasi, shaxs shakllanishi va taraqqiyoti haqidagi bilim, ko’nikma va malakalari asosida dunyoqarashini kengaytirish.
Rivojlantiruvchi: mavzuning ta’limiy va tarbiyaviy o’quv maqsadlari asosida talaba shaxsini rivojlantirish.
4.1. Psixologiyada «shaxs» tushunchasi va shaxs ijtimoiylashuvi muammosi.
«Shaxs» tushunchasi keng va ko’p qirralidir. Shaxsni u yoki bu yo’nalishda bir qator fanlar: falsafa, tarix, pedagogika, sotsiologiya, tibbiyot va psixologiya o’rganadi. Psixologiya fani boshqa fanlardan farqli o’laroq, shaxsning ichki dunyosini, boshqacha qilib aytganda, uning ruhiy jarayonlarini, hissiy- irodaviy holatlarini, individual -psixologik xususiyatlarini tadqiq qiladi. Psixologiya fanida shaxs muammosini o’rganish bo’yicha turli nazariyalar mavjud bo’lib, ularga biogenetik, sotsiogenetik, psixogenetik, kognitivistik, psixoanalitik, bixevioristik kabi qarashlar, yondashuvlar qiradi.
Biogenetik nazariya negizida insonning biologik rivojlanishi bosh omil sifatida qabul qilingan bo’lib, qolgan jarayonlarning taraqqiyoti ixtiyoriy xususiyat kasb etadi, ular bilan o’zaro aloqalar tan olinadi, xolos. Mazkur nazariyaga binoan, taraqqiyotning bosh maqsadi – biologik determinantlarga (aniqlovchilariga) qaratiladi va ularning mohiyatidan sotsial- psixologik xususiyatlar kelib chiqadi.
Taraqqiyot jarayonining o’zi avval biologik rivojlanishning universal bosqichi sifatida sharhlanadi va talqin qilinadi. Biogenetik qonuniyat F. Myuller va E. Gekkellar tomonidan kashf qilingan bo’lib, ular ushbu qonuniyat taraqqiyoti nazariyasini tashviqot qilish hamda antidarvinchilarga qarshi kurashda muayyan darajada tarixiy rol o’ynagan. Biroq, inson organizmining individual va tarixiy taraqqiyoti munosabatlarini tushunti- rishda qo’pol xatolarga yo’l qo’yilgan. Jumladan, biogenetik qonuniyatga ko’ra, shaxs psixologiyasining individual taraqqiyoti (ontogenez) butun insoniyat tarixiy taraqqiyotining (filogenez) asosiy bosqichlarini qisqacha takrorlaydi, degan g’oya yotadi.
Sotsiogenetik nazariya. Biogenetik nazariyaning qarama-qarshi ko’rinishi sotsiogenetik nazariya hisoblanadi. Sotsiogenetik yondashuvga binoan, shaxsda ro’y beradigan o’zgarishlar jamiyatning tuzilishi, ijtimoiylashish (sotsializatsiya) usullari, uni qurshab turgan odamlar bilan o’zaro munosabati vositalaridan kelib chiqqan holda tushuntiriladi. Ijtimoiylashuv nazariyasiga ko’ra, inson biologik tur sifatida tug’ilib, hayotning ijtimoiy shart-sharoitlarining bevosita ta’siri ostida shaxsga aylanadi.
Kognitivistik yo’nalish. Kognitivistik yo’nalishning asoschilari qatoriga J. Piaje, Dj. Kelli va boshqalarni kiritish mumkin. J. Piajening intellekt nazariyasi ikkita muhim jihatga ajratilgan bo’lib, u intellekt funktsiyalari va intellektning davrlari ta’limotini o’z ichiga qamrab oladi. Intellektning asosiy funktsiyalari uyushqoqlik (tartiblilik) va adaptatsiya (moslashish, ko’nikish)dan iborat bo’lib, intellektning funktsional invariantligi deb yuritiladi.
Muallif shaxsda intellekt rivojlanishining quyidagi bosqichlarni ajratadi:
sensomotor intellekti (tug’ilishdan to 2 yoshgacha);
operatsiyalardan ilgarigi tafakkur davri (2 yoshdan to 7 yoshgacha);
muayyan operatsiyalar davri (7–8 yoshdan 11–12 yoshgacha);
formal (rasmiy) operatsiyalar davri.
J. Piajening g’oyalarini davom ettirgan psixologlarning bir guruhini kognitiv-genetik nazariyaga biriktirish mumkin. Bu yo’nalishning namoyandalari qatoriga L. Kolberg, D. Bromley, Dj. Birrer, A. Vallon, G. Grimm va boshqalar kiradi.
Shaxs psixologiyasining rivojlanishi muammosini o’rganishga Rossiyalik atoqli olimlar L. S. Vigotskiy, P. P. Blonskiy, S. L. Rubinshteyn, A. N. Leontev, B. G. Ananev, A. G. Kovalev, L.I. Bojovichlar o’zlarining salmoqli hisslarini qo’shganlar.
Quyida psixologlarning ayrim fikrlariga qisqacha to’xtalib o’tamiz.
A.G.Kovalevning fikricha, shaxs – ijtimoiy munosabatlarning ham ob’ekti, ham sub’ekti. A. N. Leontevning tushuntirishicha, shaxs faoliyat sub’ektidir. K. K. Platonov jamiyatda o’z vazifasini anglovchi, ishga layoqatli, yaroqli individni shaxs deb ataydi. Bu muammo mohiyatini chuqurroq ochishga harakat qilgan S. L. Rubinshteynning ta’rificha, shaxs tashqi ta’sirlar yo’nalishini o’zgartiruvchi, ichki shart-sharoitlar mahsulidir.
A.V.Petrovskiyning quyidagi ta’rifini shaxsning psixologik ta’rifi sifatida qabul qilish mumkin: «O’z mehnati tufayli hayvonot olamidan ajralib chiqqan, jamiyatda rivojlanuvchi va odamlar bilan til yordamida munosabatga kirishuvchi odam shaxsga voqelikni beruvchi hamda faol o’zgartiruvchi sub’ektga aylanadi». Ko’rinib turibdiki, psixolog olimlar shaxsni tushunishga turli tomonlardan yondashib, unga har xil ta’rif berishgan.
Muayyan fikrlarni jamlagan holda shaxsga quyidagicha ta’rif berish mumkin. «Shaxs o’z menligini anglagan, o’zgalar bilan o’zaro munosabatlarga kirisha oladigan tabiat va jamiyatga faol ta’sir o’tkaza oladigan har qanday individ».
Yuqorida bayon qilingan nazariyalar va psixolog olimlarning fikrlaridan kelib chiqib, psixologiyada «shaxs» masalasini tushu- nish bo’yicha quyidagi xulosalarga kelish mumkin.
jamiyatning a’zosi hisoblangan va ong egasi bo’lgan har bir individ shaxsdir;
shaxs hamma vaqt muayyan, faqat o’ziga xos bo’lgan murakkab individual sifatlar va xususiyatlar egasidir. Bu sifatlar va xususiyatlar shaxs xulqida, boshqa shaxslar bilan munosabatlarida, irodasi va xulq-avtorida, xislatlarida, qobiliyatlari, mayllari va qiziqishlarida ifodalanadi;
odam shaxs bo’lib tug’ilmaydi, balki u ijtimoiy taraqqiyot jarayonida shaxs sifatida shakllanadi.
shaxs psixologiyasini aniq tarixiy sharoitlardan, u mansub bo’lgan jamiyatdan, jamiyatda egallagan mavqeidan kelib chiqqan holda o’rganish mumkin.
Ushbu xulosalardan muhandis faoliyatida amalda foydalaniladigan bo’linsa, shaxs muammosini o’rganishning ikki tendentsiyasi («tendentsiya lotincha so’z bo’lib, «intilish», «g’oya», «fikr», «mayl», «tamoyil» degan ma’nolarni anglatadi) birli- gini kuzatish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |