4-MAVZU: Murakkab qo’shma gap. Murakkab sintaktik butunlik
Tayanch tushunchalar: murakkab sintaktik butunlik, matn, makromatn, mikromatn, supersintaktik butunlik, yuqori darajadagi sintaktik butunlik, mavzu yadrosi, kommunikatsiya, tema-rema zanjiri, tashqi signal.
Reja:
1. Murakkab sintaktik butunlikning lisoniy tabiati.
2. Murakkab sintaktik butunlik qismlarining bog‘lanishi.
3. Matnning lisoniy qurilishi va turlari.
4. Xulosa.
So‘nggi yillarda o‘zbek tilshunosligida ham murakkab sintaktik butunliklarni o‘rganishga e’tibor kuchaydi. Matn lingvistikasi bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlarning o‘tkazilayotganligi buning yaqqol dalilidir.1
Ma’lumki, tilda aloqa-aralashuv vositalari ichida eng katta birlik hisoblangan gapdan ham yirik qurilmalar mavjud bo‘lib, ular murakkab sintaktik butunliklar deb nomlanadi. Bunday qurilmalar grammatik jihatdan to‘la shakllangan bir necha mustaqil gaplarning semantik birikuvidan tashkil topadi va kichik bir mavzuni yoritish uchun xizmat qiladi. Lekin bundan har qanday gaplarni biriktirib murakkkab sintaktik butunliklarni hosil qilish mumkin degan xulosaga kelish noto‘g‘ri bo‘ladi. Nutq jarayonida har qanday so‘zni biriktirib gap tuzish mumkin bo‘lavermaganidek, har qanday gaplarning yig‘indisidan murakkab sintaktik butunliklarni hosil qilish mumkin bo‘lmaydi. Masalan: 1. Bugun havo juda issiq bo‘lishi kutilmoqda. 2. Biz imtihonni muvaffaqiyatli topshirdik.
Ko‘rinadiki, har ikki gapning yig‘idisidan yagona semantik yaxlitlik hosil bo‘lmaydi. Chunki berilgan gaplar orasida nafaqat mazmuniy bog‘liqlik, balki sintaktik munosabat ham kuzatilmaydi. Murakkab sintaktik butunlik qismlari orasida ham mazmuniy, ham sintaktik aloqa-bog‘lanish shakllanadi. Ketma-ket kelgan gaplar bir-birini to‘ldiradi, izohlaydi, biri ikkinchisiga aniqlik kiritadi, fikrni to‘laqonli ifoda etishga imkon berib, yagona umumiy xulosa chiqarishga yordam beradi. Masalan:
Zohidni yaxshi taniydiganlar «otasiga o‘xshagan mo‘min-qobil bola», deydilar. Zohid bu ta’rifni inkor etmaydi. Ba’zan hazillashib, «yuvoshligim dadamdan, jahlim chiqqanida ayamga o‘xshab qolaman», derdi. Chindan ham ayasi dadasiga nisbatan gapga chechanroq, qo‘polroq tarzda aytilsa, betga choparroq edi. Insonga doir fazilatu kam-ko‘stlar ulashilganida dadasi yuvoshlikdan mo‘lgina baxramand bo‘lib, qaysarlik, sharttakilik kabi odatlarni peshtaxta ustida unutib qoldirganu, ayasi esa «Erimga taalluqli bu «fazilatlarni uvol qilmayin», deb o‘ziga qo‘shib ola qolgan edi. (T.Malik. «Shaytanat»)
Ushbu bir butun semantik-sintaktik qurilma 5 ta alohida-alohida gaplardan tashkil topgan bo‘lib, yaxlit bir fikrni to‘la va batafsil ifoda etishga qaratilgan. Birinchi gapning mazmuni keyingi gaplarda yanada to‘ldirilgan, ochib berilgan. Shu sababli bu gap murakkab sintaktik butunlikning mazmuniy va sintaktik markazi hisoblanadi. U o‘zidan keyin fikrni davomi borligiga ishora qiladi.
Semantik-sintaktik butunlik tarkibidagi har bir keyingi gap semantik jihatdan oldingi gapga tayanadi, jumla mazmunini ma’lumdan yangigacha rivojlantiradi. Natijada jumlalar o‘rtasida tema – reja zanjiri hosil bo‘ladi. Murakkab semantik-sintaktik birlik tarkibidagi gaplar nafaqat mavzu umumiyligi jihatidan, balki uning bir butunligini ta’minlaydigan turli xil tashqi signallar orqali ham bog‘lanadi. Tashqi signallar sifatida ayrim leksik birliklar, zamon shakllari qo‘llanadi.
Murakkab sintaktik butunlik qismlarini bog‘lovchi vositalar xarakteriga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: 1. Butunlik qismlarini chapdan (oldingi qismga qarab) bog‘lovchi vositalar. 2. Butunlik qismlarni o‘ngga qarab (keyingi qismga qarab) bog‘lovchi vositalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |