DINIY AMALLAR KATEGORIYALARI
Islom dinida diniy amallar ahamiyatiga ko‘ra bir necha kategoriyalarga bo‘linadi. Ulardan
asosiylari quyidagilardir.
Farz
deb islom dini ta’limotiga ko‘ra, inkor qilib bo‘lmaydigan darajada qat’iy dalil bilan
bajarilishi talab qilingan amalga aytiladi. Masalan, besh vaqt namoz o‘qish, Ramazon oyida ro‘za
tutish, zakot berish, ilm o‘rganish kabi amallar farz hisoblanadi. Farzni bajarish shart hisoblanadi.
Vojib
atamasi hanafiy mazhabi ta’limotiga ko‘ra, Qur’oni karimda to‘g‘ridan–to‘g‘ri buyruq
kelmagan holda bajarilishi shart bo‘lgan amallarga nisbatan ishlatiladi. Masalan, vitr, hayit
namozlarini ado etish. Vojibning darajasi farz bilan deyarli barobar.
Sunnat
– islom shariatiga ko‘ra, Rasululloh (a.s.) buyurgan zimmaga yuklanmagan, lekin
bajarilishi talab qilingan amal. Sunnatga amal qilish vojibga amal qilish kabi talab etiladi.
Mazhab ulamolari sunnatni, ikkiga bo‘lishgan: 1.
Sunnati muakkada
(ta’kidlangan sunnat) –
vojibdan keyingi darajada turadi, masalan, farzga qo‘shib o‘qiladigan sunnat namozlarni o‘qish.
Bunga amal qilgan kishi savobga ega bo‘ladi, amal qilmagan kishi esa muayyan darajada gunohkor
hisoblanadi. 2.
Sunnati zoida
(qo‘shimcha sunnat) – eb–ichish, yurish–turish kabi ishlarda
Payg‘ambar alayhissalomga ergashish. Bunga amal qilgan kishi savobga erishadi, amal qilmagan
kishiga gunoh bo‘lmaydi.
Mandub
– bajarilishi afzal bo‘lgan amal. Masalan, Fitr (Ramazon hayiti) kuni taom eyish,
misvok va g‘usl qilish, xushbo‘y surtish va eng yaxshi kiyimlarni kiyish mandub hisoblanadi. Bu
ishlarni amalga oshirgan kishi savobga erishadi, lekin uni tark qilgan kishi gunohkor
hisoblanmaydi.
Muboh
islom shariati qilish yoki qilmaslikni kishilar ixtiyoriga qo‘ygan amallar. Masalan,
Ramazon oyida kechasi eb–ichish kabi. Bunda shariat belgilagan chegaradan chiqmay tasarruf
etish muboh sanaladi. Mubohda uni qilgan ham, qilmagan ham – barobar, savob ham gunoh ham
bo‘lmaydi.
Makruh
bajarilishi yomon sanalgan amaldir. U ikki xil bo‘ladi:
makruhi tahrimiy
(harom
hisoblangan makruh) va
makruhi tanzihiy
(pok hisoblangan makruh). Makruhi tahrimiy deb e’tiroz
bildirilishi mumkin bo‘lgan dalil bilan bajarilishi taqiqlangan amalga aytiladi. Masalan, birovning
sovchiligi ustiga sovchi yuborish, erkaklarning tilla taqishi va ipak kiyim kiyishi makruhi tahrimiy
hisoblanadi.
Makruhi tanzihiy bajarilishi qatiy hujjatlar bilan taqiqlanmagan, ammo qilinmasligi
qilinishidan afzal bo‘lgan amaldir. Mushuk, yirtqich qushlar tekkan suvda tahorat olish bunga
misol bo‘ladi.
Harom
atamasi islom ta’limotiga ko‘ra, inkor qilib bo‘lmaydigan darajada qat’iy dalillar
bilan bajarilishi taqiqlangan amal. Masalan, odam o‘ldirish, zino qilish, o‘g‘rilik kabi amallar
harom hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |