2. Buxgalteriya hisobiga raxbarlik qilish.
Buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etishni korxona, muassasa va tashkilot rahbari amalga oshiradi.
Rahbar quyidagi huquqlarga ega:
– bosh buxgalter rahbarligida buxgalteriya hisobi xizmatini tashkil etish yoki shartnoma asosida jalb qilingan buxgalter xizmatidan foydalanish;
– buxgalteriya hisobi yuritishni shartnoma asosida ixtisoslashtirilgan buxgalteriya firmasiga yoki tarkibiga buxgalteriya sub’ekti ham kiradigan xo‘jalik birlashmasining markazlashtirilgan hisobga olish bo‘limiga yuklash;
–buxgalteriya hisobini mustaqil yuritish.
Rahbar quyidagilarni ta’minlashi shart:
– ichki hisob va hisobot tizimi ishlab chiqilishini;
– xo‘jalik operatsiyalarini nazorat qilish tartibini;
– buxgalteriya hisobi to‘liq va aniq yuritilishini;
– hisob-kitob hujjatlarining saqlanishini;
– tashqi foydalanuvchilar uchun moliyaviy hisobot tayyorlanishini;
– soliq hisobotlari va boshqa moliyaviy hujjatlar tayyorlanishini;
– hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilishini.
Buxgalteriya hisobini yuritishda aloqador bo‘lgan rahbarlar, buxgalterlar va boshqa shaxslar buxgalteriya hisobini tashkil etish va yuritishda buxgalteriya hisobining asosiy tamoyillariga rioya qilishlari kerak.
Buxgalteriya apparati hujjatlarni ishlab chiqishi, buxgalteriya registrlarida hisob yozuvlarini oqilona olib borishi va ular asosida boshqaruv va moliyaviy hisobotlarni tuzishni ta’minlashi zarur.
Buxgalteriya apparati, quyidagi bo‘limlardan tashkil topgan:
material bo‘limi, bu erda sotib olingan material qiymatliklarni, material yuboruvchilar bilan hisob - kitoblarni, materiallarni saqlash va foydalanish joylari bo‘yicha kirimi va sarflanishini hisobi yuritiladi. Ko‘pam katta bo‘lmagan korxonalarning bu bo‘limida asosiy vositalar, arzon va tez eskiruvchi buyumlar va tayyor mahsulotlar hisobi ham yuritiladi. Yirik korxonalarda bu uchastkaning ma’lumotlarini ishlab chiqish uchun maxsus bo‘lim tashkil etiladi;
hisoblashish bo‘limi, bu erda dastlabki hujjatlarga asosan ish haqi hisoblash va undan ushlanmalar bo‘yicha barcha hisoblashishlar olib boriladi, mehnat haqi fondi va iste’mol fondidan foydalanish bo‘yicha nazorat amalga oshiriladi, ijtimoiy sug‘urta va ta’minotga ajratmalar bo‘yicha, pensiya fondiga bandlik fondi va boshqalar bo‘yicha hisoblashish hisobini olib boradi;
ishlab chiqarish - kalkulyatsiya bo‘limi, bu bo‘limda barcha turdagi ishlab chiqarishga qilingan xarajatlar hisobi yuritiladi, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning haqiqiy tannarxi aniqlanadi va hisobot tuziladi, tugallanmagan ishlab chiqarishga sarflangan xarajatlar tarkibi aniqlanadi.
umumiy bo‘lim, bu bo‘limda yuqorida sanab o‘tilgan bo‘limlarda hisobga olinmaydigan muomalalar hisobi yuritiladi, Bosh daftar yuritiladi va buxgalteriya hisobi tuziladi. Yirik korxonalarda moliyaviy bo‘lim ajratilib, unda pul mablag‘lari, korxona va ayrim shaxslar bilan hisob - kitoblar hisobi yuritiladi.
Buxgalteriya korxonaning barcha ishlab chiqarish bo‘linma (tsex, bo‘lim)lari bilan bevosita munosabatda bo‘ladi. U ulardan buxgalteriya hisobini yuritish uchun tegishli ma’lumotlar oladi, chunonchi:
kadrlar bo‘limidan – ishga qabul qilinganligi, ishdan bo‘shatilganligi, ta’tilga chiqqanligi, korxona ichida bir joydan ikkinchi joyga o‘tkazilganligi to‘g‘risida shaxslar ro‘yxati (buyruq)ni oladi;
omborlardan – tovar – material qiymatliklarini harakati (kirim, chiqim, bir joydan ikkinchi joyga o‘tkazilishi) to‘g‘risida hujjatlar oladi;
tsexlardan – ayrim xo‘jalik muomalalari (mahsulotni ishlab chiqarish va sh.k.) bo‘yicha hujjatlar, xarajatlar bo‘yicha ishlab chiqarish hisoboti va boshqalarni oladi.
Bosh mexanikdan – asbob - uskunalani harkati va ularni ta’miri to‘g‘risida, avtotransportni ishlari va boshqalar to‘g‘risida hujjatlar oladi;
Reja bo‘limidan – korxonaning barcha faolichti bo‘yicha tasdiqlangan reja ko‘rsatkichlari (daromad va xarjatlar smetasi) ni oladi;
Mehnat va ish haqi bo‘limidan – alohida kategoriya ishlovchilariga haq to‘lash va mukofatlash, stavkalar, okladlar, shtatlarni o‘zgarishi to‘g‘risida nizomi.
Bosh buxgalter buxgalteriya hisobining yuritilishi yuzasidan belgilangan qoidalar asosida uni tashkil etib, quyidagilarni ta’minlashi shart:
* buxgalteriya ishining to‘g‘ri tashkil etilishi, buxgalteriya hisobi schyot(hisobvaraq)lar va hujjatlarda operatsiyalarning o‘z vaqtida hamda to‘g‘ri aks ettirilishi;
* qonuniy tarzda mablag‘ va boyliklar but saqlanishini ta’minlash;
* qat’iy hisobdagi blanklarning but saqlanishi va ular hisobining to‘g‘ri yuritilishi;
* buxgalteriya hisobining ilg‘or shakl va usullaridan keng foydalanish;
* kelib tushgan pul mablag‘lari, tovar-moddiy boyliklar va asosiy vositalar hisobining to‘liq yuritilishi, shuningdek ular harakati bilan bog‘liq operatsiyalarning buxgalteriya hisobida o‘z vaqtida aks ettirilishi;
* davlat byudjetiga to‘lovlar, ijtimoiy sug‘urta va pensiya fondiga badallar, boshqa fondlar hamda rezervlarga ajratmalarning to‘g‘ri yozilishi hamda o‘z vaqtida o‘tkazilishi;
* kamomad hamda pul mablag‘lari va tovar-moddiy boyliklarning talon-taroj qilinishi bo‘yicha materiallarni rasmiylashtirish yuzasidan inventarizatsiyalarda qatnashish, tegishli hollarda bu materiallar sud va tergov organlariga taqdim etilishini nazorat qilish;
* buxgalteriya hisobi va hisobotining to‘g‘ri tashkil etilishini tekshirish, buxgalteriya hisobi, hisoboti, nazorat tahlil masalalari yuzasidan xodimlarga o‘z vaqtida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib borish;
* buxgalteriya hisobi va hisoboti ma’lumotlari asosida korxonaning moliyaviy faoliyatini iqtisodiy tahlil qilish (agar bu vazifa bashqa hodimga yuklatilgan bo‘lmasa);
* buxgalteriya hujjatlarining but saqlanishi, ularning o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilishi va arxivga topshirilishi.
Bosh buxgalter tegishli bo‘linmalar va tsexlarning rahbarlari bilan birgalikda quyidagilarni sinchiklab nazorat qilishi shart:
a) tovar-moddiy boyliklarning qabul qilinishi va topshirilishini rasmiylashtirishda belgilangan qoidalarga rioya etilishi;
b) ish haqi fondining to‘g‘ri sarflanishi, mansab maoshlarining to‘g‘ri belgilanishi, shtatlar, ishlab chiqarish, sotish va ta’minot intizomiga qat’iy rioya etilishi;
v) pul mablag‘lari, tovar-moddiy boyliklar, asosiy vositalarni yo‘qlama qilish, hisob-kitoblar va to‘lov majburiyatlarini bajarishning belgilangan qoidalariga rioya etilishi;
g) belgilangan muddatlarda debitorlik qarzi undirib olinishi va kreditorlik qarzining qaytarilishi, to‘lov intizomiga rioya etish;
d) kamomadlar, debitorlik qarzi va boshqa yo‘qotishlarni buxgalteriya hisobining balans hisobotlaridan qonuniy tarzda chiqarilishi.
Bosh buxgalter quyidagi huquklarga ega:
a) buxgalteriya hisobi ishlari to‘g‘ri tashkil etilishini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rishni korxona rahbaridan talab qilish;
b) tarkibiy bo‘limalar, uchastkalar va tsexlarda tovar-moddiy va boshqa boyliklarni qabul qilish, kirimga yozish, saqlash hamda sarflash yuzasidan belgilangan tartibda amal qilinishini tekshirib turish;
v) mukofotlar hajmlarini pasaytirish yoki mukofotdan mahrum etish to‘g‘risida takliflar berish.
Bosh buxgalter quyidagi hollarda javobgar bo‘ladi:
a) buxgalteriya hisobi noto‘g‘ri yuritilib, oqibatda pala-partish holatga kelgan va buxgalteriya hisoboti tuzilganda;
b) pul mablag‘lari, tovar-moddiy va boshqa boyliklarni qabul qilish, kirimga yozish, saqlash va sarflash yuzasidan belgilangan tartibga zid operatsiyalar bo‘yicha hujjatlar ijroga qabul qilingan hamda rasmiylashtirilgan hollarda;
v) buxgalteriya aybi bilan noto‘g‘ri buxgalteriya hisoboti tuzilganda;
g) kamomadlar, debitorlik qarzlari va boshqa yo‘qotishlarni buxgalteriya balans hisobotlaridan chiqarish tartibi buzilganda;
d) buxgalteriya hisobini tashkil etishga doir boshqa me’yoriy hujjatlar buzilganda.
Bosh buxgalter quyidagi holatlar uchun korxona rahbari bilan bab-baravar javob beradi:
a) moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tartibga soluvchi qoidalar va nizomlar buzilishi;
b) mansabdor shaxslardan ular etkazgan zarar summasini o‘z vaqtida undirib olmaslik;
v) choraklik va yillik balans hisoboti hamda boshqa buxgalteriya hisobotlarini tegishli organlarga taqdim etish muddatlarining buzilishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |