4-ma’ruza
Titish, tozalash va aralashtirish jarayonlari samaradorligini
nazorat qilish
reja:
Titish-tozalash sexida texnologik jarayonni nazorat qilish
Mahsulotni titishda ta’sir etuvchi omillar
Aralashtirish jarayonlarini nazorat qilish
Paxta tolasidan yuqori sifatli gazlamalar ishlab chiqarish uchun yuqori sifatli ip ishlab chiqarish lozim. Yuqori sifatli ip ishlab chiqarish uchun esa yigirish korxonalarida har tomonlama yaxshi tashkil etilgan va doimo faoliyat ko‘rsatuvchi texnikaviy nazorat bo‘lishi kerakdir.
Korxonada faoliyat ko‘rsatadigan muhandis-texnik xodimlar bilan bir qatorda texnikaviy nazoratni nazorat bo‘limi, korxona laboratoriyasi amalga oshiradi. Bu bo‘limlar xomaki mahsulotlar va ip sifatini doimo nazorat qilib turadilar.
Texnik nazorat bo‘limi va korxonadagi laboratoriyalar doimiy va davriy nazoratlarni o‘tkazib turadilar.
Doimiy nazorat-korxonaga keltirilgan yoki ta’minlovchilardan qabul qilingan xom ashyo, hamda boshqa materiallarni va chetga chiqariladigan mahsulotlar sifatini nazorat qiladi.
Davriy nazorat- quyidagi ko‘rinishda o‘tkaziladi:
1. Barcha o‘timdagi xomaki mahsulotlar (xolst, pilta, xolstcha, pilik) sifatini;
2. Barcha jarayonlarda texnologik tartibni va mashinalarni ishlatish bo‘yicha qoidalarni bajarilishini;
3. Sex xodimlari tomonidan o‘rnatilgan yo‘riqnoma va uslubda xomaki mahsulotlarni texnik nazoratini amalga oshirilishini.
Texnik nazorat bo‘limi yigirish ishlab chiqarishida ipning sifati, mahsulotning chiziqiy zichligi, chiziqiy zichlik bo‘yicha notekisligi, mahsulotning tozaligi, xom ashyo sifati va uziluvchanligini nazorat qilib boradi.
Notekislik iplarning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlariga, yigirish va to‘quvchilik mahsulotlarining fizik-mexanik xossalariga ta’sir qiladi. Ko‘pgina omillar; xom ashyo xossalarining notekisligi, ko‘pincha texnologik jarayon va mashinaning konstruksiyasiga, rejimning buzilganligiga, mashinalardan uzoqlashish va uni sozlash natijasida notekislik hosil bo‘ladi.
Korxonaga olib kelinayotgan toylarning o‘lchamlari 735x980x620 mm, massasi 200-220 kg bo‘ladi. Hozirgi zamonaviy korxonalarda yopiq omborlarda 3 oylik paxta tolasi saqlanadi. Omborlarda tolalar to‘dalari bo‘yicha shtabellarga joylashtiriladi va har bir shtabellar oralig‘ida ma’lum miqdorda joy qoldiriladi. Bu oraliq tola holatini tekshirib turish va kerakli to‘dadagi tolani olish kerak. Aks holda tola tez yonishi, hamda chirishi mumkin. Vagonlardan toylarni tushirish, ularni joylashtirish va korxonalarga tashish ishlarining barchasi mexanizatsiyalashgan.
To‘da-bir vagonga joylashtirilgan, bir xil va bir vaqtda terilgan seleksiya navli paxta tolalariga aytiladi.
Bitta to‘dada 72 tadan 200 tagacha toy bo‘ladi. Har bir to‘da sertifikat bilan jo‘natiladi. Unda paxta tozalash korxonaining nomi yoki nomeri, to‘da nomeri, seleksiya navi, tola uzunligi, chiziqiy zichligi, pishiqligi, tolaning pishganlik ko‘rsatkichi, chiqindilar miqdori va to‘dadagi toylar soni. To‘da sonlar bilan belgilanadi. Masalan, 24-190-29. Oldingi 2 tasi, ya’ni 24-paxta tozalash korxonaining nomeri, keyingi 190-mavsum boshidan beri terilgan paxta to‘dalarining tartib raqami, 29-paxta tolasi toyi nomeri.
Stavka-titish tozalash agregatidagi ta’minlovchi aralashtiruvchi mashinalar yoki avtotoytitkich oldiga qo‘yilgan paxta toylarining turkumidir.
Stavkadagi toylar soni MDH davlatlarida 24 tadan kam bo‘lmasligi ta’kidlanadi, lekin stavkadagi toylar soni qanchalik ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi, strukturasi va xossalari bo‘yicha ravon, bir tekis ip olinishi muqarrar ta’minlanadi.
Stavkani 6 ta markadan kam bo‘lmagan paxta tolalaridan tuzish tavsiya etiladi.
Yuqoridagi ko‘rsatmalarni sex boshlig‘i va smena ustasi yoki tayinlangan mas’ul shaxs tekshirib boradi.
Laboratoriya mudiri bir haftada bir marta smena ustasi (mas’ul shaxs) bilan yuqoridagilarning bajarilishini nazorat qiladi.
Yigirish korxonalarida texnologik jarayon normal kechishi uchun uchta shart bajarilishi kerak:
1. Saralanma tarkibidagi paxta tolasining quyidagi o‘rtacha fizik-mexanik ko‘rsatkichlari doimiy o‘zgarmas bo‘lishi kerak; tola uzunligi, tola tarkibidagi chiqindilar miqdori va saralanmaga qo‘shilayotgan qaytimlar miqdori va sifati.
2. Aralashmaga diagonal bo‘yicha yangi to‘dalarni qo‘shish.
3. Agregatdagi ta’minlovchi aralashtiruvchi mashina oldiga qo‘yilgan, hamda ishlatilayotgan stavkada tola har bir to‘dadagi toylardan bo‘lishi kerak.
Stavka-bu titish-tozalash agregatidagi ta’minlovchi aralashtiruvchi mashinalari oldiga qo‘yilgan paxta toylaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |