Vulgarizmlar - qo‘pol, haqorat mazmunidagi soʽzlar. Vulgarizmlar badiiy asarlarda salbiy qahramonlarning dagʻalligi, qo‘polligi va madaniyatsizligini koʻrsatish uchun ishlatiladi. Lekin bunday soʽzlarning nutqda qoʻllanilishi salbiy hodisadir. Umumtilda dagʻal, haqorat soʽz va iboralar ham mavjud, ammo vulgarizmlar jamiyatda barqarorlashgan ma’naviy-axloqiy qoidalarga ziddir. Ularni nutqda qoʻllash nutqning sofligini tamoman izdan chiqaradi, jamiyat a’zolarining hamiyatiga ham tegadi. Oʻqituvchi nutqida vulgar soʽzlarning ishlatilishi pedagogning tarbiyalanganlik darajasini tubanligini koʻrsatadi. Ta’kidlash lozimki, badiiy nutqdagina ba’zan bunday soʽzlarga joy ajratiladi. Soʽz san’atkorlari badiiy asarlarda, albatta, muayyan me’yorga amal qilgan holda qahramon xarakteri, ichki dunyosini ochish maqsadida vulgarizmlardan foydalanadilar. Ta’lim jarayonida esa oʻqituvchi namuna, uning nutqi esa etalon vazifasini bajarar ekan, har bir ziyoli, madaniyatli pedagog qanday vaziyat boʻlishidan qat’i nazar vulgarizmlardan saqlanishlari lozim. Qo‘pol va haqorat mazmunidagi soʽzlarni ishlatadigan oʻqituvchining obroʻsi ham boʻlmaydi, u oʽz hurmatini yo‘qotib qoʻyadi.
Parazit soʽzlar − ortiqcha qaytariqlar, bekorchi soʽzlardir. Soʽzlovchining tilga e’tiborsizligi tufayli yuzaga keladi va doimiy qoʻllanilib borilsa, odatga aylanib qolishi mumkin. Masalan, ya’ni, demak, xo‘sh, tak va b. Bunday lugʻaviy birliklarni me’yoridan ortiq qoʻllash nutqning saviyasini pasaytiradi. Tilshunoslikda parazit soʽzlar deb ataladigan bunday birliklar koʻproq ogʻzaki nutqda koʽzatiladi. Aytilmoqchi boʻlgan fikrni yyetarli darajada aniq tasavvur qilmaslik, fikrlar oʻrtasidagi tizimli munosabat idrokining etishmasligi, fikrning quyilib kelmasligi natijasida nutq oqimida e- e-e, xm-m-m, he-e-e kabi tovush "oqim"lari, xo‘-o‘-o‘sh, haligi, anaqa, masalan, demak, shu, innaykeyin, ya’ni, aytaylik, bildingizmi, tushundingizmi, men sizga aytsam, gap shundaki, qarang kabi lugʻatlarda aniq ma’nosi mavjud soʽz va iboralar ayni ma’nosidan begona qilingan tarzda qoʻllanadi. Bunday qoʻllashlar bora-bora nutq tuzuvchida oʽziga xos odatga aylanib qolishi ham mumkin, masalan, kimdir haligi, kimdir demak yana boshqa birov bildingizmi soʽzini ogʻzaki nutqida parazit soʽz sifatida doimiy ishlatadi. Aytish mumkinki, bunday soʽzlar u yoki bu notiqning soʽzlashuv uslubining oʽziga xos koʻrsatkichi boʻlib qoladi (hatto bu "koʻrsatkich" shaxsning laqabiga aylanib ketishi ham mumkin, masalan, "shu-shu" domla, "xo‘sh-xo‘sh" usta kabi). Bu, albatta, nutqning sofligini izdan chiqaradi, nutqda ifodalangan axborotni qabul qiladigan oʻquvchining diqqatini chalgʻitadi, nutqning oʽz maqsadiga erishishini qiyinlashtiradi. Shuning uchun ham, ayniqsa, oʻqituvchi va asosiy quroli soʽz boʻlgan boshqa mutaxassislar parazit soʽzlarning oʽz nutqlariga kirib qolishidan saqlanishlari lozim. Maktab, kollej va litsey oʻquvchilari, Shuningdek, oliy ta’limda taxsil olayotgan talabalarning nutqida parazit soʽzlarning nutqiy odatga aylanmasligi uchun oʻqituvchi doimiy ish olib borishi maqsadga muvofiq. Soʽz san’atkorlari qahramon xarakteri, ma’naviy-ma’rifiy saviyasini koʻrsatishda badiiy asarda parazit soʽz va iboralardan ham foydalanadilar.
Kanselyarizmlar − rasmiy uslubga xos soʽz va birikmalar. Masalan, yuqorida qayd etilgan, quyida bayon qilingan, ...unvoni berilsin, zimmasiga yuklansin, topshirilsin, tadbirlarni ishlab chiqsin... Qat’iy shaklga kirgan bunday tayyor soʽz va birikmalar hujjatlar matniga alohida rasmiylik ma’nosini beradi. Ammo kantselyarizmlar soʽzlashuv, publitsistik va badiiy nutqda ishlatilsa, nutqning sofligi anchagina zarar koʻradi. Rasmiy uslubdan tashqari boshqa uslublarda qoʻllangan tayyor nutqiy qoliplar oʻquvchining ijodiy tafakkur koʻnikmalarining tarkib topishi, barqarorlashishiga xalaqit beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |