Varvarizmlar − oʻzbek adabiy tiliga oʽzlashmagan xorijiy soʻzlardir. Nutqda oʻzbek tilida muqobili boʻla turib oʻzlashmagan xorijiy soʻzlarni, ya’ni varvarizmlarni qoʻllash nutqning tozaligini, sofligini buzadi. E’tiborsizlik tufayli, asossiz va oʻrinsiz ravishda, ayrim oʻqituvchilarning nutqida bu holatni kuzatish mumkin. Masalan, voobshche, obshchitada yashaydi, zaynit, tak (xo‘sh deyish o‘rniga), obsujdat qilish kerak, prelest, uchebniy chast, zayavlenie, akt... Bu holat birinchidan, nutqning tozaligiga salbiy ta’sir etsa, ikkinchidan, ziyolining madaniy saviyasini, ma’naviy qiyofasini pasaytiradi. Varvarizmlarni oʽzbek tiliga oʽzlashgan, adabiy tilning leksik me’yorlari sirasidan oʻrin olgan chet soʽzlardan farqlash lozim. Har qanday chet soʻz emas, balki faqat varvarizmlar nutqning sofligini buzadi. Rus, ingliz, arab, fors va boshqa tillarning soʽz va birikmalarini nutqda ishlatish, avvalo, nutqning sofligini tamoman yo‘qotadi, qolaversa, bunday qilish oʽzbek tiligagina emas, balki ayni paytda mazkur xorijiy tillarga ham hurmatsizlikni koʻrsatadi. Ba’zi oʻqituvchilar oʽz nutqlarida varvarizmlarni qoʻllab, bu bilan oʽzlarining boshqa tillarni ham bilishlarini, madaniy saviyalarining yuqoriligini koʻrsatmoqchi boʻladilar. Aslida esa bu past madaniy-ma’rifiy saviya, tor tafakkur, qashshoq ma’naviyatdan dalolatdir. Masalan, zvonok chalindi (qo‘ngʻiroq chalindi), pererivga chiqdik (tanaffusga chiqdik), zvonit qildi (qoʻngʻiroq qildi), voobshche (umuman), koroche (qisqasi), tak (xo‘sh) kabi bir qancha soʽz va birikmalarning oʻqituvchining nutqida uchrashi salbiy hodisa sanaladi. Ilmiy va ilmiy-ommabop matnlarda misol yoki dalil uchun olingan, iqtibos qilingan xorijiy tildagi soʽz, birikma va jumlalar varvarizm deb baholanmaydi. Bu bayon qilinayotgan ilmiy fikrning asosliligini, manbaga yondashuvning xolisligini kursatishga xizmat qiladigan maqbul usul sanaladi. Varvarizmlar badiiy nutqda oʽziga xos estetik vazifani bajaradi. Badiiy asardagi personajlarning milliy mansubligi, xarakteri, ichki dunyosi, madaniy-ma’rifiy saviyasi kabi bir qator jihatlarni ifodalashda varvarizmlardan foydalanish mumkin. Varvarizmlar, asosan, ayni shu personajlarning nutqida qoʻllanadi. Koʻpincha varvarizm qahramonning u yoki bu millatga mansubligini ta’kidlash uchun xizmat qiladi. Ba’zan badiiy nutqdagi varvarizmlar qahramonning milliy mansubligini, ichki dunyosini, xarakterini bir chimdim achchiq kulgi bilan ochish uchun ham xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |