Sezgi – bu ob’ektiv dunyodagi narsa va hodisalarning sezgi organlarimizga bevosita ta’sirining mahsuli bo‘lib, ularning alohida, ayrim xususiyatlarining oddiy xissiy obrazlaridir.
Sezgi a’zolariga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi buyumlar, ularning xossalari va munosabatlarini aks ettiruvchi yaxlit hissiy obrazni idrok etish deb ataladi. Idrok deganda turli sezgi a’zolari ma’lumotlari asosida miyada buyum va hodisaning yaxlit xissiy obrazining hosil bo‘lishi tushuniladi.
Sezish va idrok etish inson tashqi dunyoga kundalik amaliy ta’sir ko‘rsatishi, mehnati jarayonida, sezgi a’zolari faol ishlashi natijasida amalga oshadi va rivojlanadi. Bunda inson o‘zining har bir yangi taassurotini mavjud bilimlar tizimiga kiritadi. Sezish va idrok etish jarayonlari o‘zidan keyin miyada “iz” qoldiradi. Bu insonga ayni lahzada ta’sir ko‘rsatmayotgan narsalarning obrazlarini gavdalantirish qobiliyatidan iborat. Bu obrazlar narsa va hodisalarning avvalgi ta’siri natijasida xotiramizda qolgan taassurotlarning qaytadan esga olinishi tbilan bog‘liq. Xotira – jonning kuchi, sezgi va idrok ma’lumotlarini qayd etish va saqlashdir. Tashqi ta’sirlarning idrok etilishi va ularning xotirada saqlanishi natijasida xotirada tasavvurlar uyg‘onadi.
Tasavvur – hissiy darajadagi bilimning yuqori shakli bo‘lib, ilgari idrok etilgan buyum va hodisalarning xotirada qayta hosil qilingan hissiy obrazidir. Tasavvur – bu idrok etish va nazariy tafakkur o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘indir.
Hayol – esa insonning muhim hossasi bo‘lib, tafakkur oqimida yetishmayotgan ko‘rgazmalilik o‘rnini to‘ldiradi. Hayol kuchi ongda mavjud obrazlarni nafaqat qayta chaqiradi, balki ularni bir-biri bilan bog‘laydi va ularni umumiy tasavvurlar darajasiga ko‘taradi.
Tasavvur sifatidagi voqelikni hissiy in’ikos ettirishning bu shakli bo‘lmasa, inson bevosita vaziyatning o‘ziga boglanib qolgan bo‘lardi. Hayotiy tajriba jarayonida inson tasavvur qila olish qobiliyatiga ko‘ra o‘zining ixtiyoridagi hissiy material hajmini olamni sezish va idrok etish sohasi, shuningdek, ijtimoiy xissiy tajribaga asoslangan holda kengaytirib boradi. Tasavvurlar sohasida amaliyot, insonning faoliyati va bu bilan bog‘liq qadriyatlar, kishilarning ehtiyoji, maqsad-manfaatlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Qisqa ta’rif berilsa, tasavvur ongimizda narsa va hodisalarning sezgi a’zolarimizga bevosita ta’sir etmagan holda qayta hosil kilinadigan va saqlanadigan hissiy obrazidir. Biroz boshqacharoq ta’rif ham bor: tasavvur ilgari idrok qilingan narsa yoki hodisaning takroriy obrazidir, xissiy aks ettirishning yaqqol va obrazli ko‘rinishdagi shaklidir.
Fikrimiz yakunida voqelikni hissiy aks ettirishning inson bilishini ta’minlashdagi o‘rni salmoqli ekanligini ta’kidlashimiz lozim. Chunki:
- sezgi a’zolari insonni tashqi dunyo bilan bog‘laydigan yagona omildir;
- sezgi a’zolarisiz inson oddiy anglash, bilish va tafakkur qilishga qodir emas;
-ba’zi sezgi a’zolarini yo‘qotish bilishni qiyinlashtirib, murakkablashtiradi, lekin uning imkoniyatlarini to‘sa olmaydi. Bu shunday izohlanadiki, bunday holda bir sezgi a’zosi o‘rniga boshqasining imkoniyatlari ortadi, faoliyat ko‘rsatayotgan sezgi a’zolarining zohiriy imkoniyatlari ishga tushadi, individ o‘z diqqat-e’tiborini jamlay boshlaydi va boshqalar;
aql va tafakkur (ratsionallik) sezgi a’zolari yetkazib bergan dalil va axborotga asoslanadi;
muayyan jarayon yoki faoliyatni boshqarish, avvalo, sezgi a’zolari tomonidan olingan axborot yordamida amalga oshiriladi;
sezgi a’zolari ob’ektlarni har tomonlama bilish uchun zarur bo‘lgal dastlabki axborotni bilimni rivojlantirish uchun beradi va bu axborotsiz bilishning biron bir shakli yuzaga kelmaydi.
Shunday qilib, hissiy darajadagi bilim narsalarning ayrim tashqi tomonlari, hodisa to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lishdir. Narsalarning ichki tabiatini, hodisaning mohiyatini, rivojlanish qonuniyatlarini mavhum tafakkur orqali anglab olinadi.
Kishilarda voqelikni abstrakt - fikriy aks ettira oladigan qobiliyat asosida paydo bo‘ladigan hamda rivojlanadigai in’ikosning dastlabki va yetakchi shakli tushunchadir. Bilish jarayonida tushunchaning asosiy vazifalaridan biri shuki, u ma’lum guruxdagi narsalarni ba’zan ma’lum, umumiy, muhim belgilariga ko‘ra umumlashgan holda ajratib aks ettiradi. Unga quyidagicha ta’rif berish mumkin: tushuncha abstrakt tafakkur shakli (yoki turi) sifatida ba’zi narsalarni umumlashtirish va shu narsalar uchun umumiy bo‘lgan belgilar yig‘indisini fikran ajratish natijasidir.
Shunday qilib, voqelikni chuqur aks ettirishi, anglashi va yo‘nalishiga qo‘ra tushunchalarni 4 guruxga bo‘lish mumkin: 1) narsalardagi umumiylikni aks ettiruvchi tushunchalar; 2) narsalardagi muhim belgilarni qamrab olgan tushunchalar; 3) narsalarning mazmun-mohiyati ochilishiga bog‘liq tushunchalar va 4) goya — tushunchalar.
Insonning abstrakt-fikrlash qobiliyati tushunchalar bilan birga voqelikni aqliy o‘zlashtirishning boshqa shakllarini ham o‘z ichiga oladi. Klassik formal mantiq faniga ko‘ra, tafakkurning muhokama yuritish (hukm) va xulosa chiqarish shakllari ham borligi ma’lum. Hukmlarni aytayotib, biz tushunchalardan foydalanamiz. Ular hukmlarning elementlari hisoblanadi.
Narsalarning mohiyatini bilish asosida ular to‘g‘risidagi tushunchalar paydo bo‘ladi, yagona hukmga birlashishi mumkin bo‘lgan yakka hukm yoki xukmlar majmuasi shakllanadi. Narsalarni anglashda erishilgan bu hukm ham tushuncha o‘rnida qabul qilinadi. Bilimlar chuqurlashib borishi bilan ularni umumlashtirish asoslari ham o‘zgaradi. Bir tushunchalardan boshqasiga, yanada chuqurroq va aniqroq tushunchalarga o‘tishniig mohiyati ana shunda. Psixologiya kursida hukmga biroz boshqacharoq ta’rif berilishini ta’kidlash kerak: «Hukm borliqning narsalari va hodisalari o‘rtasidagi yoki ularning xossalari va belgilari o‘rtasidagi aloqalarni aks ettirishdir».
Tushunchalar va hukmlar asosida xulosa shakllanadi. Biz tafakkurning mantiqiy shakliga xos tushunchalar, hukmlar, xulosa chiqarishlarni maxsus qarab chiqmaymiz. Bular mantiq fanining tegishli bo‘limlarida yetarlicha yoritiladi. Akliy bilim shakllari to‘g‘risida aytilgan fikrlarga qo‘shimcha qilib ta’kidlash mumkinki, agar ilmiy bilishni olsak, undagi nisbatan muhimroq shakllarga gipotezalar va nazariyalar kiradi. Bu shakllar yordamida sub’ekt murakkab darajada tashkil topgan moddiy tizimlarning chuqur mohiyatiga kirib borishga qodirdir. Shunday qilib, abstrakt tafakkurni voqelikni hissiy aks ettirishdan farqlanuvchi quyidagi jihatlarini sanab o‘tish mumkin:
narsalardagi umumiylikni aks ettira olish; hissiy aks ettirishda alohida narsalardagi umumiy va yakka belgilar ajratilmaydi, balki yagona obraz holida namoyon bo‘ladi;
narsalardagi muhimlikni aks ettira olish; hissiy aks ettirishda muhim nomuximdan ajratilmaydi;
narsa va voqealarning mohiyatini bilnsh asosida g‘oya shaklidagi tushunchalarni yarata olish;
voqelikni bevosita bilishda hissiy aks ettirish orqali
ham, turli asbob-uskunalardan foydalanish yordamida ham, hukm
va xulosa chiqarish vositasida ham umumiy natijaga erishish.
Ushbu barcha holatlar insonning abstraksiyalarni hosil qilish qobiliyatining namoyon bo‘lishidir. Bu qobiliyat nomi xam ana shundan kelib chiqqan va u «abstrakt fikrlash», deb ataladi.
Jonli mushohada ba’zi adabiyotlarda «empirik», «jonli mushohada» va «hissiylik» tushunchalari aynanlashtiriladi. Hissiylik, biz ko‘rganimizdek, insonning bilish qobiliyatlaridan biridir va o‘z navbatida, ratsionallikdan ajralgan hissiylik ham yo‘q.
Jonli mushohadadan ob’ektlarning ichki mohiyatiga tomon abstrakt tafakkurning murakkab yo‘li boshlanadi. Bu muayyan mohiyatning bir tomonini bilishdan boshqasiga tomon, uni uzuq-yuluq tasvirlashdan bir butun ifodalashga, sayoz mohiyatdan chuqurroq mohiyatga tomon boradigan yo‘ldir. Bu endi jonsiz hissiy konkretlik emas, balki real abstraksiyalardir. Uning tomonlari faqat oxirgi bosqichda tafakkur yordamida yagona bir butunlikka, aniq fikriy xolatga birlashadi.
Voqelikni abstrakt-fikriy bilish masalasida uning ikki shaklga bo‘linishiga duch kelish mumkin: mulohazaviy va akliy shakllar. Bunga muvofiq ravishda inson qobiliyatlari mulohaza va aqlga bo‘linadi. Bunday bo‘linish ma’lum asosga ega va u bilan biz antik falsafadayoq duch kelganmiz. Bu masalaga nemis mumtoz falsafasida ham katta ahamiyat berilgan. Masalan, I. Kant fikricha, “Bizning barcha bilimimiz hissiyotdan (sezgilardan) boshlanadi, keyin mulohaza yuritishga o‘tib, aql bilan tugaydi. Bundan yuqorida biz uchun mushohada dalillarini o‘rganish va uni oliy tafakkurga to‘plash uchun boshqa hech narsa qolmaydi”.
Sensualizm bilan ratsionalizm o‘rtasidagi munozara butun falsafa tarixi davomida mavjud bo‘lib keldi. Epikur, Lokk, Gobss, Berkli va boshqalar ssnsualizm tarafdorlari bo‘lishgan. Ular bilishning birinchi asosiy shakli — hissiy shakl deb hisoblaganlar, bilishning mazmunini sezgi a’zolari yordamida olinadigan ma’lumotlardan iborat kilib qo‘yganlar. Sensualizmning asosiy qoidasi: «Bilimda sezgilardan boshqa hech narsa yo‘qdir». Ratsionalizm tarafdorlari, aksincha, abstrakt tafakkurni insonning xissiy qobiliyatlaridan ajratib, hissiy in’ikos natijalarini mukammal emas, ehtimol, haqiqiy bo‘lmagan bilim sifatida, abstrakt tafakkur natijalarini esa umumiy va zaruriy, mantiq qonunlariga qatiy rioya qilinganda haqiqiy bilim deb hisoblaganlar.
Zamonaviy gnoseologiya bilishni tahlil qilganida «individ-tabiat» munosabati bilan chegaralanib qolmaydi, balki «individ-jamiyat-tabiat»dan iborat murakkabroq tizimni o‘z ob’ekti qilib oladi. Shu nuqtai nazardan olganda, gnoseologik yondashuv insonning bilish qobiliyatlarini agnostik tushunish bilan kelisha olmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |