Ob’ekt – bu sub’ektning bilish faoliyati qaratilgan narsa, hodisa va jarayonlardir. Bilish asbobi ham, boshqa individ (insonlar) ham, individning o‘zi ham bilish ob’ekti bo‘lishi mumkin. Ob’ekt tushunchasini ob’ektiv borliq bilan aynanlashtirmaslik kerak. Masalan, hayvonlarning xo‘jayralaridagi xromosomalar sitologiya va genetikada o‘rganish “ob’ekti”ga aylanishidan oldin ham ob’ektiv mavjud bo‘lgan.
Shuningdek, hozirgi zamon gnoseologiyasida bilish ob’ekti va predmetini ham farqlash lozim. Bilish ob’ekti deganda butun borliqning o‘rganilayotgan amalda mavjud bo‘laklari tushuniladi. Bilish predmeti – o‘rganilayotgan ob’ektning bilishimiz diqqat markazidan o‘rin olgan muayyan jihatlari, xususiyatlari va rivojlanish qonunlaridir.
Shunday qilib, insonning bilishi, avvalo, rivojlanib boruvchi, faol jarayondir. Insonning bilish qobiliyati cheklanmagan, lekin har bir tarixiy davrdagi bilish imkoniyatlari cheklangan, xolos. Ikkinchidan, bilish jarayoni harakatining o‘z ichki mantiqi (izchilligi) shundaki, bilish oddiy kuzatishdan mavhum tafakkurga, hodisani bilishdan uning mohiyatini anglab yetishga yuksalishdan iborat. Bu xususda mavzumizning ikkinchi savolida to‘xtalamiz.
2-savol bayoni: Bilish jarayoni bilmaslikdan bilim sari rivojlanishdan, yuksalishdan iborat murakkab dialektik jarayondir. Bu jarayon o‘zining ichki mantiqiga ega bo‘lib, u nisbiy mustaqillikka egadir. Bilish jarayonining ichki mantiqini anglash tafakkurning ijodiy faolligini, harakat qilish va rivojlanish jarayonining ob’ektiv dunyoga nisbatan murakkab munosabatini chuqur tushunishga imkon beradi.
Mavjud falsafiy adabiyotlarda bilish jarayoni asosan ikki bosqichdan: a) voqelikning hissiy in’ikosi va b) voqelikning ratsional (aqliy, mantiqiy) in’ikosi bosqichlaridan iborat deb ta’kidlanar edi. Keyinchalik, kishilarda voqelikni hissiy bilish bosqichida ham aqliy, ratsional jihatlar mavjudligi ta’kidlandi. Shundan so‘ng, bilishning asosiy bosqichlari (yoki darajalari) empirik va nazariy bilishdir, voqelikning hissiy va aqliy in’ikosi esa kishilarning bilish qobiliyatlari bo‘lib ularning asosida kishilarda empirik va nazariy bilish va bilim shakllanadi, deb e’tirof etildi.(Qarang: Alekseev P.V., Panin V.A. Teoriya poznaniya i dialektika. – M.: Vыssh. shk., 1991, 132-168 str.).
Bizningcha, ushbu fikr bilish jarayonini to‘g‘ri tavsiflashiga qaramasdan aniqlashtirishga muhtojdir, chunki bilish jarayonining quyi bosqichi – hissiy bilish va empirik bilish aynan bir xil emas. Inson bilishining kundalik bilish, badiiy bilish singari ko‘rinishlari hissiy bilish bosqichiga ega bo‘lsa, empirik bilish faqat ilmiy bilishga xosdir. Qolaversa, ilmiy bilish ham voqelikni hissiy in’ikos etishga asoslanadi. Shu bois bilish jarayonining rivojlanishi hissiy bilish va mavhum tafakkur bosqichlarini o‘z ichiga oladi. Ilmiy bilishda esa mavhum tafakkur empirik va nazariy bilish darajalaridan iborat.
Ob’ektiv olamdagi narsa va hodisalarning xossa va xususiyatlarini sezgi a’zolari orqali sezish va idrok etish natijasida olingan bilimlar hissiy darajadagi bilimdir va uning asosiy shakllari: sezgi, idrok, xotira, hayol va tasavvurdir.
Ma’lumki, hissiy in’ikosning uchta shakli mavjud: sezgi, idrok, tasavvur. Sezgi predmetning alohida xususiyatiga mos ksladi, idrok predmetning bir butun xususiyatlari sistemasiga mos keladi. Masalan, biron bir meva ta’mini sezish va boshqa tomondan, uning shaklini, hidini, rangini sezish bir butunlikda idrok etishga olib keladi. Sezgilar idrokdan tashqarida mavjud bo‘lishi mumkin, biroq idrok sezgilarsiz bo‘lishi mumkin emas. Idrokning gnoseologik zamini bo‘lgan va mustaqil holda namoyon bo‘lishga qodir sezgilar baribir bir butun idrokning bir bo‘lagi, qismi sifatida mavjud bo‘ladi. Shuning uchun idrok tashqi predmetning obrazi bo‘lsa, sezgilarga obrazlilikning u yoki bu darajasi xos bo‘lishi zarur. To‘liqroq obraz, tabiiyki, idrokda bo‘ladi, chunki idrok insonning tashqi muhitga faol munosabatining natijasidir. Amaliy faoliyatda alohida sezgilar muhim ahamiyatga ega. Biron-bir iarsa rangining individ tomonidan uni o‘zi bilan o‘zaro bog‘likligini anglanishi, masalan, bolaning dunyoni o‘rganishda qo‘llarining muayyan narsa sirti bo‘ylab harakatlanishi natijasida shu narsa tuzilishining qandayligini his qilishi tufayli shakllanadi. Bunda ko‘zning bevosita faoliyati bo‘lib tuyulgan, biroq endi sub’ektdan ma’lum masofada joylashgan narsa bilan bog‘liq holda idrok etilayotgan rangni sezish holati sodir bo‘ladi. Ob’ekt strukturasi to‘grisida axborot beruvchi boshqa sezgilar ham ushbu holda ko‘rish bilan birgalikda faoliyat yuritadi. O‘z xarakteriga ko‘ra idrok ob’ektga nisbatan izomorf holatini ifodalaydi. Shunday qilib, sezgilar va idrok tashqi dunyoni hissiy aks ettirish shakllaridir, ularning bilish imkoniyatlari turlicha. Ularning qayd etilgan barcha tomonlari va xususiyatlari hissiy in’ikosning uchinchi shakli - tasavvurga ham tegishlidir, zero tasavvur ularga asoslanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |