5) Maxsus stipendiyalar tayinlash;
6) Qoʻllab-quvvatlash;
7) Fotosuratni hurmat taxtasiga qoʻyish; 8) Jamoa nomidan minnatdorchilik bildirish; 9) Safda birinchi oʻrinda turishini ta’minlash;
10) Musobaqalarda bayroqdor boʻlishiga imkoniyat yaratish;
11) Nomini maktab devoriy gazetasi yoki radiosi orqali qayd etish.
Tarbiya jarayonida ragʻbatlantirish metodlarini samarali qoʻllay olish uchun ragʻbatlantirishning mavjud pedagogik talablarga muvofiq boʻlishi; ketma-ket boʻlmasligi; oʻquvchini yoki uning xatti-harakatlarini haddan oshirib maqtamaslik; ularni boshqa oʻquvchilarga taqqoslab koʻrsatmaslik; oʻquvchini kamsitmaslik; talabchanlikni boʻshashtirmaslik kabilarga e’tibor qaratilishi lozim.
Tarbiya jarayonida jazolash metodini qoʻllashda quyidagi jazo choralari qoʻllaniladi:
* tanbeh berish;
* ogohlantirish;
* uyaltirish;
* hayfsan berish.
Tanbeh berish eng muhim jazo chorasi boʻlib, oʻqituvchi oʻquvchiga yuzma-yuz turib tanbeh beradi va buni kundaligiga yozib qoʻyish mumkin.
Ogohlantirish – sodir etilishi mumkin boʻlgan muayyan xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida qoʻllaniladigan tarbiyaviy usul.
Uyaltirish – oʻquvchining ma’lum xatti-harakatlariga jamoa yoki uning tarbiyasi uchun mas’ul boʻlgan subyektlar (ota-onalar, vasiylar, jamoatchilik vakillari va boshqalar) oldida baho berish usuli. Bolalarni tarbiyalashda shu his-tuygʻularni ehtiyotkorlik bilan oʻstirish lozim, lekin hadeb uyaltiraverish, qizartiraverish yaramaydi.
Hayfsan berish oʻquvchining ma’lum xatti-harakatlarini qat’iy choralar asosida baholash boʻlib, u tanbeh va ogohlantirish kutilgan natijani bermagan holatlarda qoʻllaniladi.
Jazo puxta oʻylab qoʻllanilishi lozim, aksincha, jahl ustida jazolash mumkin emas. Jazolar yakka xarakterda, ya’ni, birgina usulni qoʻllash asosida, oʻquvchining aybiga mos, muvofiq boʻlishi, tez-tez qoʻllanilmasligi, jazolanuvchida jazoning toʻgʻri belgilanganligiga nisbatan shubha tugʻdirmasligi lozim, shundagina ular oʻz ayblarini sezadilar. Jamoada muhokama qilish va jamoa tomonidan qoʻllab-quvvatlangan holda jazo berish uning ta’sir kuchini yanada oshiradi.
Jazolash metodini qoʻllashda jismoniy jazoni qoʻllash, oʻquvchilarni urish, kaltaklash, qoʻrqitish, gʻazablantirish, jismonan va ruhan azoblash, tahqirlash, sha’nini yerga urish kabilar ta’qiqlanadi. Bu kabi usullarni qoʻllash salbiy natijalarga olib keladi, ya’ni, oʻquvchi qoʻrqqanda yolgʻon gapirishni oʻrganadi, ikki yuzlamachi boʻlib qoladi.
Oʻz-oʻzini tarbiyalash metodlari oʻquvchilarning oʻzini oʻzi idora qilishlari, turli oʻquvchilar organlari faoliyatida faol ishtirok etishlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy mavqelarini oshirish maqsadida qoʻllaniladigan usullardir.
Oʻz-oʻzini tarbiyalash metodlarining tarbiyalovchilik xarakteri oʻquvchilarning oʻzini oʻzi idora qilishlar, oʻquvchilar organlari faoliyatida faol ishtirok etishlarini ta’minlash, shuningdek, ijtimoiy mavqeini oshirishning ta’sirchan vositasi ekanligida aks etadi. Mazkur metodlar oʻquvchilarni tashabbuskorlikka, mustaqillikka undaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |