3.7. Mehnat psixologiyasi va tashkiliy psixologiya.
Mehnat – bu ma’lum bir ijtimoiy foydali (yoki hech bo‘lmaganda jamiyat tomonidan iste’mol qilinadigan) moddiy yoki ma’naviy mahsulotni ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan insonning faoliyatidir.
Kishi mehnat jarayonida bajariladigan harakatlar biologik ehtiyoj bilan emas, balki ilgari surilgan ishlab chiqarish maqsadi va bu maqsadni ro‘yobga chiqarish jarayonida uning boshqa odamlarga nisbatan munosabatlari bilan belgilanadi. Bu xildagi harakatlarni bajarish va boshqarish uchun axborotni qayta ishlashning oliy jarayonlaridan foydalanish va avvalo, tasavvur va tafakkurni ishga solish zarurdir.
Mehnat psixologiyasi shaxsning maqsadga yunaltiril-ganligini, ijtimoiy tajribasi, xarakteri, qobiliyati, psixik holatlari, diqqati, tasavvurlari, xotirasi, fikrlashdagi, emotsionalligi, iroda kuchi va psixomotorikasi kabi sifatlari bilan bevosita bog‘liqdir.
U yoki bu mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs mehnat haqida ko‘pgina psixologik bilimlarni egallaydi va muayyan tizimga keltiradi. Bu tizim shaxsning o‘zini – o‘zi boshqarish asosida faoliyat unumdorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu ma’noda psixologik xizmat jarayonida mehnat faoliyatiga alohida e’tiborni qaratish talab qilinadi.
Mehnatning psixologik vazifalari
Mehnat psixologiyasining birinchi vazifasi — kasb tanlashga yo‘naltirish, konsultatsiya berish, kasbga layoqatli yoshlarni tanlash, hamda yoshlarda kasbiy kobiliyat va qiziqishni shakllantirishni o‘rganish va tavsiflashdir. Bu vazifa mehnat psixologiyasi bo‘limlaridan biri bo‘lgan psixologik professiogramma talablari asosida hal qilinadi.
Ikkinchi vazifa — u yoki bu kasbda ishlashni mo‘ljallayotgan yoki ishlayotgan, lekin hali uni to‘la egallamagan kishilarning yoki yuqori darajada kasbiy qobiliyatning namoyon bo‘lishdagi imkoniyatlarini o‘rganishidir. Kasbni egallamagan kishilarning mehnat malakalarini ishlab chiqarish talablariga mos kelishini aniqlash hamda faoliyatining mazkur turi uchun yetarli darajada rivojlanmagan qobiliyatlarini rivojlantirishga doir choralarini izlash yoxud uni qobiliyatiga mos boshqa kasbga ko‘chirilishini ta’minlash. Bu vazifa mutaxassis psixologlar va vrachlar kuzatuvi asosida hamda mehnat ekspertizasi (xususan, kasbiy konsultatsiya) yordamida hal qilinadi.
Kasbiy qobiliyat kasbiy ta’lim va o‘zlashtirilayotgan ixtisos bo‘yicha amaliy ishlab chiqarish faoliyati jarayonida shakllanadi. Zarur bilim, malaka va ko‘nikmani muvaffaqiyatli shakllantirmay turib kasbni egallash va kasbiy kobiliyatni rivojlantirish mumkin emas. Demak, mehnat psixologiyasining uchinchi vazifasi — kasbiy bilim, malaka va ko‘nikmaning shakllanish jarayoni bilan bog‘liq psixologik qonuniyatlarini aniqlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Mehnat psixologiyasining bu vazifasi asosan psixologlarning maslahatlari asosida hal qilinadi.
Mehnat psixologiyasining to‘rtinchi vazifasi — xato harakatlarni o‘rganish, ularning oldini olish va bartaraf etish orqali mehnat xavfsizligini ta’minlashdan iboratdir. Xato xarakatlarning oldini olish va ularga barham berish kasbiy ta’lim mstodikasini takomillashtirishda, shuningdek, ishlab chiqarish faoliyatidagi nuqsonlarning oldini olishda o‘ziga xos muhim psixologik ahamiyat kasb etadi.
Kasbiy qobiliyatni muvaffaqiyatli rivojlantirish, binobarin, ish harakati sifatini yanada oshirish ko‘p jihatdan ishchilarning psixik holatiga bog‘liq. Shuning uchun ham mehnat psixologiyasining beshinchi vazifasi — psixik holatlarni boshqarishning eng qulay metodlarini ishlab chiqish maqsadida shichilarning o‘kuv va ishlab chikarish faoliyati jarayonidagi psixik holat va kayfiyatlarini o‘rganishdan iboratdir.
Mehnat psixologiyasining oltinchi vazifasi — shaxslar o‘rtasidagi munosabat hamda o‘quv va ishlab chiqarish faoliyati jarayonidagi sotsial-psixologik munosabatlarni o‘rganish va shaxsning faoliyati va mehnat unumdorligini oshirishga samarali ta’sirini kuchaytirish buyicha tadbirlarni ishlab chiqishdan iboratdir. Mehnat psixologiyasining yettinchi vazifasi — mehnat layoqatini saqlash va mehnat unumdorligini oshirish maqsadida charchash va toliqishning oldini olish choralarini izlashdan iborat.
Mehnat psixologiyasining sakkizinchi vazifasi ishlab chiqarish texnika vositalarini inson omiliga moslashtirishdan iborat bo‘lib, bu vazifa mehnat psixologiyasining yaqinda vujudga kelgan, biroq tez rivojlanayotgan bo‘limi — injenerlik psixologiyasi tomonidan hal qilinadi.
Mehnat psixologiyasining to‘qqizinchi vazifasi qilib mehnat ekspertizasi tizimida bajariladigan ishlar ko‘lamini olish mumkin.
Demak, mehnat ekspertizasi — bu mutaxassislar tomonidan insonning aniq kasbga yaroqliligini aniqlashdir.
Mehnatning u yoki bu turiga yaroqlilik (kasbga yaroqlilik) quyidagilar bilan belgilanadi: kishining yoshi, sog‘ligi, tayyorlik darajasi; zarur bilim, malaka va ko‘nikmaga egaligi; kerakli kasbiy layoqatlar yigindisi sifatidagi talant va mazkur kasb bo‘yicha ishlash istagi va hokazolar.
Mehnat ekspertizasi kuyidagi umumiy masalalarni bajaradi:
1) mazkur kishi muayyan ishni boshlay oladimi; 2) u o‘zi egallagan vazifa lavozimida ishlab keta oladimi; 3) mazkur kishidan qaysi ishda foydalansa yaxshiroq bo‘ladi; 4) agar baxtsiz hodisa yuz bersa, u ishchining xususiyatiga qay darajada bog‘liq bo‘lgan hamda xususan, uni ishga qo‘yilganda xato qilinmaganmi.
Ushbu masalalar mehnat ekspertizasining mazkur kasb vazifalarini o‘rganishga va tadqiq qilishga yo‘naltirilgan psixologik xizmat ko‘rsatish tizimi asosida amalga oshiriladi. Yuqoridagilarga asoslanib aytish mumkinki, bugungi amaliyotchi psixologlardan mehnat psixologiyasining o‘ziga xos nazariy, amaliy va ilmiy- tatbiqiy jihatlari haqida muayyan bilim va malakalarni puxta egallash talab qilinadi. Chunki, mehnat faoliyati va shaxsning o‘ziga xos psixologik tabiati o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlamay turib yuksak muvaffaqiyatlarga erishib bo‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |