2-model.Bevosita muassasaning o‘zida mutaxassis tomonidan psixologik xizmat ko‘rsatish.
I. Mazkur model o‘zining qulaylik va samaradorligi jihatidan nihoyatda keng ko‘lamli ekanligi bilan xarakterlidir. Chunki, mehnat jamoasida yuz berayotgan har bir vaziyat bevosita psixologning ko‘z o‘ngida sodir bo‘ladi. Shuningdek, jamoadagi har bir shaxsning o‘ziga xos psixologik tuzilishini (shaxsning bilish jarayonlari, hissiy – irodaviy sifatlari, individual-psixologik xususiyatlari) va uning kasbiga mos psixologik imkoniyatlarini muntazam o‘rganib borish uchun muhim zamin hozirlandi. Bu esa, tabiiyki, jamoadagi ijtimoiy-psixologik iqlimni yanada yaxshilashga, har bir ishchi xodimning potensial imkoniyatlaridan unumli foyda-lanishga va shular asosida jamoadagi mehnat rentabelligini oshirishga xizmat qiladi.
Respublikamizda mazkur model asosida psixologik xizmat tizimi tashkil etilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning (masalan: Toshkent Aviatsiya zavodi, “Malika” ip-yigiruv birlashmasi, “Yulduz” birlashmasi, Toshkent va Buxoro-1 temiryo‘l lokomotiv deposi va v.h) faoliyati o‘rganilganda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, psixologik xizmatning tashkiliy tomonlarini korxona rahbari o‘z zimmasiga olgan. Bu esa barcha ishchi xodimlarning “psixologik ko‘rikdan” o‘tishini ta’minlashga xizmat qiladi. Masalan, Buxoro-1 lokomotiv deposida har bir ishchi xodim uchun ishga qabul qilinishdan oldin ma’muriy tarzda tibbiy ko‘rikdan tashqari alohida “psixologik ko‘rikdan” o‘tish va ma’lum ijtimoiy- psixologik ko‘rsatmalar asosida o‘z ish faoliyatini tashkil etishi qat’iy tadbir sifatida qabul qilingan va bunga to‘la- to‘kis amal qilinadi.
O‘z- o‘zidan ma’lumki, bu tadbir bir tomondan psixolog mas’uliyatini oshirsa, ikkinchi tomondan esa jamoadagi psixologik xizmat tizimi joriy qilinishining ilmiy-tashkiliy jihatdan mustahkamlanishi va istiqbolini belgilashga yordam beradi.
Albatta, mazkur model asosida psixologik xizmat tashkil etilishining samaradorligi beqiyosdir. Lekin, Respublika miqyosida olinadigan bo‘lsa mutaxassislarning nihoyatda taqchilligi mazkur model asosida psixologik xizmatni yoppasiga joriy etishda juda mushkullik tug‘dirmoqda. Shu nuqtayi nazardan bugungi kunda talaygina mehnat jamoalarida hududiy psixologik xizmat ko‘rsatish Markazlari orqali maxsus shartnomalar asosida ish olib borilmoqda.
Demak, O‘zbekistondagi mehnat jamoalarida psixologik xizmat tashkil etishning ilmiy-tashkiliy yo‘nalishlari yuqorida qayd etilgan ikkala model asosida tarkib topganligi bilan xarakterlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |