3.5. Tibbiyot sohasida psixologik yordam.
Sog‘liqni saqlash tizimida psixologik xizmat ko‘rsatish amaliyoti o‘zining boy tarixiga ega. Mazkur xizmat o‘z navbatida quyidagi yo‘nalishlar asosida amalga oshirilib kelinmoqda:
1. Boshqaruv tizimida kadrlarni tanlash va ishga joylashtirish, ularning tashkilotchilik, tashabbuskorlik qobiliyatlarini aniqlash hamda lavozimlariga tavsiya qilish yoki layoqat darajasiga binoan egallagan mansabidan ozod etishga ma’lumotlar to‘plash.
2. Vazirlik va sog‘liqni saqlash ma’muriyatlarida shaxslararo munosabat, barqaror ishlash muhitini yaratish uchun izlanishlar olib borish, illatlarni bartaraf qilish, vujudga kelayotgan xavf-xatarning oldini olish bilan shug‘ullanish.
3. Xodimlar o‘rtasida kasbiy malaka va mahorat bo‘yicha diagnostik ishlarni uzluksiz ravishda tashkil etish.
4. Tibbiyot maorifi, ma’rifatini fuqarolarga ta’sir doirasini o‘rganish.
5. Malaka oshirish institutlari va kurslarida ularni psixologik tayyorgarlik darajasining yuksalishiga yordam berish.
6. Muassasalarda vujudga kelishi ehtimoli bo‘lgan psixologik muammolarni tadqiq qilish.
7. Jamoalarda sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish uchun muayyan tadbirlar ishlab chiqish.
8. Poliklinika va ambulatoriyalarda psixoterapevtik mashg‘ulotlar uyushtirish va autogen trenirovka metodlarini qo‘llash.
9. Ko‘p tarmoqli sohaga oid mahalliy matbuotda psixogigiena, psixoprofilaktika, psixodiagnostika bo‘yicha maqolalar bosib chiqarish.
10. Musiqaterapiya, funksional musiqa haqida eshittirishlar tashkil qilish.
11. Psixologik xizmat xonasini tashkil qilish va uni texnikaviy jihozlash, pasientlarni maxsus metodikalar orqali saralash.
12. Kasallik turiga qarab mijozlar bilan maxsus psixologik tadbirlar o‘tkazish.
13. Operatsiyalarga bemorlarni psixologik jihatdan tayyorlash, qo‘rqinch hislarini yo‘qotish.
14. Pasientlar va vrachlar o‘rtasida muomala maromini maqsadga muvofiq amalga oshishini ta’minlash, o‘zaro ishonch hissini uyg‘otish.
15. Bezovtalanish, hadiksirash, hayajonlanish singari his-tuyg‘ularining oldini olish uchun maxsus metodlarni qo‘llash.
16. Bemorlarni o‘ziga-o‘zi buyruq berishga, o‘zina-o‘zi tetiklashtirishga, optimistik tuyg‘u bilan qurollanishga uzluksiz ravishda tayyorlash.
17. Bemorlarga ta’sir o‘tkazish va gipnoz yordamida ularni inqirozli holatdan chiqarish, kasallik genezisini aniqlash.
18. Davolashda harakat, mimika, verbal, noverbal va boshqa texnologiya samaradorligini belgilash.
19. Guruhiy davolashda o‘zaro moslik bosqichlariga e’tiborni qaratish.
20. Psixoterapiya bilan bemorlarni davolash imkoniyatini tekshirish individual va guruhiy ta’sir o‘tkazish mexanizmlarini ishlab chiqish:
a) g‘ayritabiiy jarayonlarni shakllantirish: har bir shaxsda xotirjamlik, rohatlanish, maroqlanish, o‘ziga ishonch tug‘ilishi, faollik paydo bo‘lishi, doimo o‘zini kamol toptirish tuyg‘usining uyg‘onishi;
b) o‘ziga xos maxsus xususiyatlar shakllanishi: o‘zini-o‘zi nazorat qilish; mutolaa, qiroat, mashq qilishga intilish, nizoli vaziyatlarni yechishga xayrihohlik va boshqalar.
21. Bemorlarni davolashdagi psixoterapevtik mexanizmlarini diqqat markazida tutish:
a) katarsis, maxfiy kechinmalarga nisbatan emotsional aks ta’sir mexanizmi;
b) guruhdagi “emotsional yuqish” emotsional konsonans mexanizmi sifatida;
v) suhbatning emotsional bo‘laklarga boyligi, hamdardlik, xayrixohlik tuyg‘ulariga moyilligi bo‘yicha mexanizmi shaxs xususiyatlarini aniqlash;
g) bemorning vrachga nisbatan shaxsiy emotsional munosabatini ijobiy omillar asosida shakllantirish;
Ushbu yo‘nalishlarda psixologik xizmatning olib borilishi sog‘liqni saqlash tizimidagi muvaffaqiyatlarni ta’minlashga xizmat qiladi. Ayni paytda, psixologik xizmat amaliyoti eng avvalo insonga, uning salomatligiga yordam bera olishi bilan ham ahamiyatlidir. Chunki, sog‘lom ruhiyat ustuvorlik qilgan odamda hamisha o‘z kasbiga, hayotga va o‘z taraqqiyotiga bo‘lgan ijobiy munosabatlar bevosita namoyon etiladi. Natijada insonning o‘z hayotidan mamnunligi ta’minlanadi. Bu esa uni yanada ko‘proq muvaffaqiyatlarga chorlayveradi. Shu ma’noda, barcha tibbiyot muassasalarida muayyan psixologik qoida va talablarga rioya qilinishi juda muhimdir. Qolaversa, sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatining muayyan psixologik ko‘nikma va malakalar asosida olib borilishi, bu tizimda inson omilidan yanada unumliroq foydalanish imkoniyatini yaratishga xizmat qiladi.
Butun jahon amaliyotidagi tahlillarga tayanib, shuni aytish mumkinki, mazkur tizimdagi psixologik xizmat amaliyoti bir-birini to‘ldirib turuvchi 3 ta yo‘nalish asosida tashkil etilganligi bilan harakterlanadi.
1. Tibbiyot xodimlarning psixologik kompitentligini rivojlantirishga qaratilgan amaliyot.
2. Bemorlarga muayyan psixologik usullar orqali bevosita va bavosita ta’sir etish amaliyoti.
3. Sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi ilmiy tadqiqotlarni shakllantirish amaliyoti.
Do'stlaringiz bilan baham: |