2. O’rta asr geograflarining asarlarida o’lkamizning o’rganilishi. O‘rta asrda yashagan arab va fors sayyohlari Ibn Xurdodbeh, Ibn Rust, Al-Mas’udiy, Istaxriy, Ibn Batuta kabilar yozib qoldirgan ma’lumotlar ham diqqatga sazovordir. Arab sayyohi va geografi Ibn Hurdodbeh o‘zining «Masofalar va mamlakatlar kitobi» («Kitobi al masalik val-momolik») asarida Turkiston tabiati, xususan yeri va daryolari (Chirchiq, Amudaryo, Sirdaryo), karvon yo‘llari haqida ma’lumotlar beradi.
O‘zbekiston hududida tabiiy-geografik tasavvurlar haqida shuningdek, buyuk qomuschi olim Abu Rayhon Beruniyning xizmatlari benihoya kattadir. U astronomiya fizika, matematika, geografiya, iqlimshunoslik, umumiy geologiya, minerologiya, geodeziya, kartog‘rafiya, etnografiya, va boshqa fanlarning rivojiga katta hissa qo‘shgan hamda shu sohalarga bag‘ishlangan 160 dan ortiq asarlaridan bizgacha faqat 30 dan ortig‘i etib kelgan. Bular ichida bizgacha etib kelganlari «Hindiston», «Geodeziya», «Kartografiya», «Mineralogiya», asarlaridir.
Xususan, Beruniy dunyo ilm-fanida birinchilardan bo‘lib dengizlar nazariyasini ishlab chiqdi. Er radiusini hisoblab, uning sharsimon globusini yaratish yuzasidan o‘ziga xos yangi g‘oyalarni ilgari surdi hamda vakuum, ya’ni bo‘shliq holatini izohlab berdi. Kolumb sayohatidan 500 yil avval Tinch va Atlantika okeanlari ortida qit’a mavjudligini aytdi. Minerallar tasnifi va ularning paydo bo‘lish nazariyasini yaratdi.
Beruniy aynan geodeziya faniga asos soldi. Shuning uchun ham dunyo tabiiy fanlar tarixchilari tomonidan XI asr "Beruniy asri" deb nomlanadi.
Ulug‘ allomaning bizgacha etib kelgan "Mineralogiya" asarida 30 dan ziyod qimmat baho tosh va minerallarning nomi, ularning kimyoviy va fizikaviy xossalarini aniqlash, eritib sinash, deyarli barcha qimmatbaho tosh va turli ma’danlar, ularning qotishmalari haqida ilmiy ma’lumotlar berilgan. Mazkur asar qator xorijiy tillarga tarjima qilingan bo‘lsada, shu vaqtgacha o‘zbek tiliga o‘girilmagan edi. Navoiy konmetallurgiya kombinati tashabbusi bilan Navoiy davlat konchilik instituti va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti olimlari hamkorligida "Mineralogiya" o‘zbek tiliga tarjima qilindi va "O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi" nashriyotida chop etildi.
Dunyoga O‘zbekiston zamini tuhfa etgan buyuk allomalar yaratgan nodir asarlar bugun ham ma’naviy hayotimizning asosi, fundamental tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar uchun manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Beruniy minerallar va ma’danlarning o‘z davridagi narx-navosi, ba’zilarining shifobaxshlik xususiyatlari, nodir tosh va metallar bilan bog‘liq ayrim qiziqarli etnografik ma’lumotlarni bayon etganki, bular mazkur kitobning muhim tarixiy manba sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |