Zamburug‘lar Mikroskopik ko‘pgina zamburug‘lar turlari mikrobiologik obyektlar hisoblanadi. Shu sababli laboratoriya mashg‘ulotlarida Zygomycetes, Ascomycetes va Deuteromycetes sinfining ayrim vakillari bilan tanishiladi.
Zamburug‘lar xlorofillsiz eukariot organizimlardir. Ularning vegetativ tanasi ipsimon tuzilishdagi giflardan tashkil topgan. Bu giflar to‘plami mitseliylar deb yuritiladi.
Zygomycetes. Bular tuban zamburug‘larga kirib, ularning mitseliylari bir hujayrali, shoxlangan, ko‘p yadroli bo‘ladi. Ular vegetativ jinsiy va jinsiz yo‘l bilan ko‘payadi. Vegetativ ko‘payganda giflarning ayrim bo‘laklari, jinsiy ko‘payganda esa ota-ona giflarini o‘zaro qo‘shilishdan hosil bo‘lgan zigosporalar yordamida ko‘payadi. Jinsiz ko‘payishi sporalar yordamida amalga oshadi.
Zygomycetes larga misol qilib Mucor va Rhizopus turkumining vakillarini olish mumkin. Bu zamburug‘lar o‘simlik mahsulotlarida, o‘simliklar bilan oziqlanadigan hayvonlarning go‘nglarida, chirindiga boy tuproqlarda o‘sib, rivojlanadi va ularning sirtida oq yoki qo‘ng‘ir rangdagi po‘panaklar hosil qiladi.
Mucor va Rhizopus turkumiga kiruvchi zamburug‘ turlari substrat ichiga kirib boradi hamda bir qismi esa substrat sirtiga tarqaladi. Zamburug‘ mitseliylarida shish ko‘rinishida sporangibandlarida joylashgan sporangiylar hosil bo‘ladi. Keyinchalik sporangiylar sporangiy bandlaridan to‘siq bilan ajralib ular ichida ko‘plab sporangisporalar yuzaga keladi. Sporangiylar ichiga kirib borgan sporangiy bandlarining bu qismi “kolonka” deb yuritiladi va ularning shakli zamburug‘ turiga qarab turli-tuman bo‘ladi.
Mukor zamburug‘larini mikroskop orqali kuzatish uchun preparat ninasi yordamida ehtiyotlik bilan mitseliyning bir bo‘lagi olinadi va boshqa bir preparat nina bilan quruq buyum oynasi sirtiga tushiriladi. Preparat sirtiga qoplag‘ich oyna yopmasdan mikroskopning kichik obyektivi orqali kuzatiladi. Bunda sporangiy bandlari va ularda joylashgan qoramtir sharchalar-sporangiylar ko‘rinadi. So‘ngra preparatga bir tomchi suv tomiziladi, ustiga qoplag‘ich oyna yopiladi va mikroskopni avval kichik so‘ngra katta obyektivlari yordamida kuzatiladi. Sporangiylarni qobig‘i yorilishi tufayli tashqariga chiqqan sporalar yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Mucor zamburug‘larini ajratib olish uchun suslo-agarli oziqasi solingan Petri likobchalarga chirindiga boy tuproq yoki yangi ot go‘ngining bo‘lakchalarini terib chiqiladi va Petri likobchalarining yoniga nam filtr shisha qalpoqcha tagiga joylashtiriladi hamda 3-4 kunga qoldiriladi. So‘ngra yuzaga kelgan zamburug‘ koloniyalaridan preparat tayyorlab mikroskop ostida kuzatish mumkin.