Uchinchi sаvоlning bаyоni: Alveolata tipi. Qalqondor xivchinlilar (Dinoflagellata) kenja tipi. Yakka yashovchi ikki xivchinli hayvonlar, dengiz va chuchuk suv havzalarida juda keng tarqalgan. Ko'pchiligi planktonda hayot kechiradi. Qalqondor xivchinlilarning xivchinlari tanasining markaziy qismidan boshlanadi. Ulardan biri orqa tomonga cho'zilgan, ikkinchisi esa tananing o'rta qismini o'rab turadigan "belbog"' deb ataladigan ekvatorial chuqurcha ichida turadi. Qalqondorlarning kletchatkadan iborat po'sti bo'ladi. Bu po'st ma'lum tartibda joylashgan va choklar orqali bir-biri bilan birikadigan bir necha plastinkalardan tuzilgan. Sitoplazmada juda ko'p xlorofill saqlovchi disksimon xromatoforlar bo'ladi. Fotosintez jarayonida hosil bo'lgan kraxmal zarrachalari sitoplazmada tarqalgan.
Chuchuk suv va dengizlarda seratsium (Ceratium) avlodi vakillari keng tarqalgan. Chuchuk suv seratsiumi (Ceratium hirydinella) tanasidagi 4 ta uzun o'simtalardan biri tanasining oldingi (apikal), qolgan uchtasi orqa (antapikal) tomonga qaratilgan. Dengiz seratsiumlarida bunday o'simtalar kuchli rivojlangan bo'lib, tana yuzasini kengaytirish va suvda muallaq turish uchun xizmat qiladi.
Suvi bir muncha iliq bo'lgan tropik va subtropik dengizlarda tun yog'duchisi (Noctiluca miliaris) juda ko'p uchraydi. Uni yoz faslida Qora dengizda ham uchratish mumkin. Tun yog'duchisi yumaloq tanasining diametri 2 mm keladi. Uning xromatoforasi va kletchatka po'sti bo'lmaydi. Tun yog'duchisi fotosintez qilmasligi va hayvonlarga o'xshash animal oziqlanishi bilan boshqa o'simliksimon xivchinlilardan farq qiladi. U har xil mayda organizmlar: sodda hayvonlar va suv o'tlari bilan oziqlanadi. Tanasining bir tomonida joylashgan chuqurchasi tubida og'iz teshigi joylashgan. Og'izoldi chuqurchasi yaqinida bitta yo'g'on xivchin, chuqurcha tubida esa ingichka va kalta xivchin joylashgan. Xivchinlar tebranishi natijasida ozig'i og'iz teshigiga qarab suriladi. Tun yog'duchisining endoplazmasi o'ziga xos tuzilgan. Sitoplazmaning asosiy qismi og'iz teshigining ostki qismida, ya'ni markazda to'plangan. Markaziy sitoplazmadan tana chetlariga qarab juda ko'p ingichka sitoplazma ipchalari chiqadi. Tananing asosiy qismi suyuq modda bilan to'ldirilgan vakuoldan iborat. Yadro markaziy sitoplazmada joylashgan. Sitoplazma ipchalarida juda ko'p miqdorda yog' tanachalari bo'ladi.
Tun yog'duchisining bunday o'ziga xos tuzilishi plankton hayot kechirishga moslashishga imkon beradi. Sitoplazmaning vakuollari va yog' tanachalari tana solishtirma og'irligini kamaytiradi. Tun yog'duchisi mexanik yoki kimyoviy ta'sir bilan bezovta qilinganida o'zidan yog'du chiqarish xususiyatiga ega. Tunda ketayotgan kema ortidan qoladigan yorug' iz ana shu hayvonlarning shu'lalanishidan hosil bo'ladi. Kema parraklari aylanganidan bezovta bo'lgan tun yog'duchisi sitoplazmasidagi yog' moddasi oksidlanib yog'du chiqaradi. Bu yog'du hayvonni shu'lalanishiga sabab bo'ladi.
Qalqondor xivchinlilar dengiz va chuchuk suv planktoni tarkibining asosiy qismini belgilaydi. Ular dunyo okeani biomassasining asosiy qismini tashkil etadi. Hamma qalqondorlar biosferadagi moddalar almashinuvida juda katta ahamiyatga ega.
Fitomonadlar (Phytomonadina) turkumi vakillarida kosacha shakldagi bitta yirik yashil xromatofori va bir juft xivchinlari bo'ladi. Ko'pchilik turlari chuchuk suvlarda, ayrim turlari dengizlarda yashaydi. Ular orasida yakka va koloniya bo'lib yashaydigan turlari bor.
Ifloslangan chuchuk suv havzalarida 10-30 mkm kattaligidagi limon yoki tuxumga o'xshash ikki xivchinli xlamidomonadalar urug'i vakillari ko'p uchraydi. Ular oqmaydigan ko'lmak va hovuz suvlarida juda tez ko'payib ketadi va suvni yashil rangga bo'yalishiga (ko'karishiga) sabab bo'ladi. Xlamidomonada hujayrasida bitta yoki ikkita qisqaravchi vakuoli joylashgan. Ayrim turlari tanasining oldingi qismida qizg'ish rangli kichkina stigmasi bo'ladi. Stigmani yorug'likni sezishga moslashgan organoid yoki "hujayra ko'zchasi" deb aytish mumkin.
Xlamidomonada jinssiz va jinsiy usulda ko'paya oladi. Jinsiy ko'payishdan oldin xivchinlarini yo'qotib, suv tubiga cho'kadi. Qobiq ichida tanasi 2 marta bo'linib, to'rtta hujayrani hosil qiladi. Hujayra qobig'i yorilgandan so'ng yosh hujayralar tashqi muhitga chiqib oladi, ularning xivchinlari yangidan hosil bo'ladi, tanasi sirtiga qattiq po'st paydo bo'ladi. Jinsiy ko'payish vegetativ hujayralarning gametalarga aylanishidan boshlaiadi. Gametalar juftlasliib, zigotani hosil qiladi. Zigota xivchinini yo'qotib yumaloqlanadi. Po'st ichida zigota ikki marta bo'linib, to'rtta yosh xlamidomonadani hosil qiladi. Ular xivchinlar hosil qilgandan so'ng mustaqil yashashga o'tadi.
Fitomonadlar orasida koloniya hosil qiluvchi turlari ham keng tarqalgan. Koloniya bir nechtadan bir necha minglab hujayralardan tashkil topgan. Kolonial fitomonadlardan chuchuk suvlarda volvokslar, eudorina, pandorina, gonium ko'p uchraydi. Ularning har qaysi hujayrasining tuzilishi xlamidomonadaga o'xshab ketadi.