Qorin kipriklilar(Hypotricha)turkumiga mansub bo‘lgan turlar chuchuk suvlarda va dengizlarda ko‘p uchraydi. Qorin qismida joylashgan bir qancha kipriklari birlashib, ancha yo‘g‘on pixlar-sirrilarni hosil qiladi. Chuchuk suvlarda keng tarqalgan yirik infuzoriya stilonixiya (Stylonishia) ana shu sirrilari yordamida suv tubidagi narsalar ustida yugurib yurishi mumkin.
Kam kipriklilar(Oligotricha)turkumida kipriklar faqat og‘iz yonidagi membranalardan iborat. Ularning tanasi yengil konussimon chig‘anoq ichida joylashgan. Chig‘anoqdan og‘izoldi membranalari chiqib turadi. Hamma vakillari dengiz planktoni tarkibiga kiradi.
3. Doira kiprikli infuzoriyalar (Peritricha) kenja sinfi vakillarining ko‘pchiligi o‘troq, koloniya bo‘lib yashaydi. Faqat ayrim turlari yakka yashaydi. Uzun poyachasi yordamida о'simliklar, qisqichbaqasimonlarning tanasi, mollyuskalarning chig‘anog‘iga yopishib oladi. Ko‘pchilik turlarining poyachasi qisqarish xususiyatiga ega. Ayrim vakillarining poyachasi bo‘lmaydi.
Kipriklar parallel uch qator bo‘lib og‘iz atrofini o‘rab turadi. Ko‘pchilik turlari bakteriyalar bilan oziqlanib, suv havzalarining biologik tozalanishida katta ahamiyatga ega. Alohida yashovchi turlari 100 mkm gacha, kolonial vakillari esa 1 sm gacha kattalikda bo‘ladi. Ikkita turkumga: o‘troq yashovchilar (Sessilia) va daydib yuruvchilar (Mobilia)ga bo‘linadi. Birinchi turkumga tipik misol tariqasida chuchuk suvlarda ko‘p uchraydigan suvoykalar(Vorticella)niko‘rsatish mumkin. Suvoykalar yakka yashaydi, tanasi qo‘ng‘iroqsimon gulga o‘xshash bo‘lib, uzun qisqaruvchi ipcha yordamida biron substratga yopishib turadi.
Kiprikli apparati og‘iz diski chetida uch qator hilpirovchi membranalarni hosil qiladi. Bu diskning markazidagi og‘izoldi chuqurchasida og‘iz teshigi bo‘ladi. Suvoyka erkin suzib yuruvchi stadiya hosil qilish orqali suv havzalarida tarqaladi. Bu davrda uning og‘iz diski membranalari tortilib, tanasining keyingi uchida bir qator kipriklar hosil bo‘ladi. Suvoyka poyachasini tashlab, daydi (erkin suzib yuruvchi) stadiyasini hosil qiladi.
Koloniya hosil qiluvchi Zoothamnium arbuscula bitta umumiy poyada joylashgan 8-9 ta shoxchalardan iborat. Har bir shoxchada o‘nlab mayda individlar va 1-2 ta yirik individlar joylashadi. Yirik individlar kipriklar hosil qilib, umumiy poyadan ajralib chiqadi va suzib ketadi. Ulardan yangi koloniya rivojlanib chiqadi. Shunday qilib, koloniya individlari xilma-xillik, ya'ni polimorfizm xususiyatiga ega.
Daydib yuruvchilar (Mobilia) turkumi vakillarida og‘izoldi membranalari bilan birga tanasining keyingi qismida ham kipriklar va yopishuvchi disk bo‘ladi. Ularga misol qilib, ilgari qayd qilib o‘tilgan baliqlar paraziti trixodina (Trichodina)ni ko‘rsatish mumkin.
So'ruvchi infuzoriyalar (Suctoria) sinfi. So'ruvchi infuzoriyalar o'troq yashovchi o'nlab yirtqich turlardan iborat. Ular yakka yoki koloniya bo'lib yashaydi. Biron substratga maxsus poyacha orqali yopishib oladi. Bir qancha infuzoriyalar substratga poyachasiz yopishib yashaydi. So'ravchi infuzoriyalarning yetuk davrida hech qanday kiprikli apparati, og'zi, halqumi bo'lmaydi. Deyarli hamma turlari o'ljasini so'rish uchun xizmat qiladigan maxsus paypaslagich o'simtalarga ega.
Yaqindan suzib o'tayotgan hayvon (xivchinlilar yoki boshqa infuzoriyalar) yirtqichning paypaslagichiga tegib ketsa, unga yopishib qoladi. Shundan so'ng boshqa paypaslagichlar ham o'lja tomonga egiladi. O'lja tanasidagi suyuqlik paypaslagichlar nayi orqali yirtqich tanasiga oqib o'tadi.
Voyaga yetgan so'ruvchi infuzoriyalarning yadrosi ikki xil bo'ladi. Jinsiy ko'payishi kon'yugatsiya tipida sodir bo'ladi. Ko'payish davrida infuzoriyalarning kipriklari paydo bo'ladi. Yuqorida kursatilgan belgilar ularning infuzoriyalar tipiga mansub ekanligini isbotlaydi. So'ruvchi infuzoriyalarning jinssiz ko'payishi kurtaklanish orqali boradi. Avval tanasining bir uchida bo'rtiqcha shaklida bitta yoki bir nechta kurtakcha paydo bo'ladi. Kurtakchaga makronukleusning bir qismi va bitta mikronukleus o'tadi. Mikronukleus bir necha marta mitoz yo'li bilan bo'linadi. Shundan keyin har bir kurtakcha ona organizmidan ajraladi va kiprikchalar hosil qilib, suzib ketadi.
So'ruvchi infuzoriyalarning daydi davri kiprikli infuzoriyalarga o'xshab ketadi. Ayrim so'ruvchi infuzoriyalarda kurtak ona organizmi ichida hosil bo'ladi. Rivojlanib chiqqan yosh infuzoriyalar (daydilar) kipriklar yordamida birmuncha vaqt suzib yuradi.
So'ngra biron substratga yopishib, poyacha hosil qiladi, kipriklarini yo'qotib so'ruvchi paypaslagichlar hosil qilgach, o'troq hayot kechirishga o'tadi.