Korxona ta’sischilari (aktsiyadorlik jamiyatining aktsiyadorlari, o’rtoqlik jamiyatlarining ishtirokchilari va sh.k.)ning korxona ustav kapitaliga ulushlar bo’yicha qarzlari to’g’risidagi axborotlarni umumlashtirish 4610 “Ustav kapitaliga ta’sischilarning ulushlari bo’yicha qarzi” hisobvarag’ida amalga oshiriladi
Korxonaning ta’sischilar oldida dividendlar bo’yicha va chiqib ketayotgan ta’sischilar oldida ularning ulushlari, shuningdek ta’sischilarga ta’sis hujjatlariga kiritilgan o’zgartirishlar davlat ro’yxatidan o’tkazilgunga qadar ular kiritgan ulushlar bo’yicha joriy majburiyatlari to’g’risidagi axborotlarni umumlashtirish quyidagi hisobvaraqlarda amalga oshiriladi:
6610 “To’lanadigan dividendlar”;
6620 “Chiqib ketayotgan ta’sischilarga ulushlari bo’yicha qarzlar”;
6630 “Ta’sischilarning ustav kapitalini oshirish bo’yicha ulushlari”.
Turli debitor va kreditorlar bilan hisob-kitoblar. Ta’minotchilar va pudratchilar bilan, shuningdek xaridorlar va buyurtmachilar bilan hisob-kitoblardan tashqari korxonalar notijorat operatsiyalar bo’yicha turli debitor va kreditorlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshiradi.
Bu operatsiyalar ishlab chiqarish jarayoni bilan bog’liq emas va qo’shimcha xarakterdagi operatsiyalar bilan bog’liq. Bu operatsiyalar tashkilotning odatdagi faoliyati bilan bog’liq emas. Misol uchun, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun zarur materiallar uchun mol etkazib beruvchiga qarz qiymati, 6010 "Mol etkazib beruvchilar va pudratchilar bilan hisob-kitoblar" hisobvarag’ida aks ettiriladi, lekin tashkilot xodimlarini o’qish xarajalari kreditorlik qarzlar tarkibida 6990 “Boshqa majburiyatlar”hisobvarag’ida aks ettiriladi.
Dargumon qarz. Belgilangan muddatda qoplanmagan va tegishli kafolatlar (garov, kafillik, bank kafolati) bilan ta’minlanmagan korxonaning debitorlik qarzi dargumon qarz sifatida tan olinadi.
Agar tashkilotlar hisob siyosatida dargumon qarzlar bo’yicha rezerv yaratilishi nazarda tutilgan hollarda, rezerv tashkil qilishlari mumkin va bu summani moliyaviy natijalarda hisobga oladilar.
Dargumon qarzlar bo’yicha rezerv hisobot yili oxirida korxonaning debitorlik qarzlarining inventarizatsiyasi natijalari asosida tashkil etiladi:
- buxgalteriya hisobida –“Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to’g’risidagi Nizom”ga muvofiq;
- soliq hisobida – O’zR Soliq kodeksining 44 bob 313 modda talablariga muvofiq.