Tabiat tushunchasining tor ma’nosi XIX asrda hayotning paydo bo‘lishi va Erdagi evolyusiya jarayonlari muammolarini tushunishga nisbatan yangicha yondashuvlar yuzaga kelishi, shuningdek Inson dunyoda o‘z o‘rnini anglab etishi bilan shakllana boshladi. Shu ma’noda «tabiat» atamasi muayyan hajmgacha torayib,
ob’ektiv borliqning biosfera (J.Lamark 1802 yilda biosfera atamasini muomalaga kiritgan), ya’ni «hayot sohasi» deb nomlagan qisminigina anglata boshladi. Biosfera
jonsiz tabiatning avvalgi rivojlanish mahsuli bo‘lib, Erning hayot kechayotgan nozik qatlamini tashkil etadi. U atmosfera, gidrosfera va litosferaning yuqori qismini qamrab oladi.
Biosferada inson alohida o‘rin egallaydi. U jonli tabiatning tabiiy qismi bo‘lsada, vaqt o‘tishi bilan unga qarshilik ko‘rsatuvchi faol asosga aylandi. Bu faktni u ekologiya muammolari yig‘ilishiga qarab anglay boshladi. Mazkur muammolar keskinlashgani sari inson o‘zining o‘zgargan holati haqida yanada teranroq mulohaza yuritib, tabiat va jamiyatning o‘zaro aloqasi masalasini ilmiy, falsafiy va amaliy nuqtai nazardan echishga harakat qila boshladi.
Shu ma’noda, tabiat insonni qurshagan muhitni, ya’ni borliqning biosferadan biologik tur sifatida o‘rin olgan insonning mavjudlik sharoitlari majmui sifatida amal
qiladigan qismini anglata boshladi.
Geografik maktablar. Tabiiy va ijtimoiy muhitga doir - «geografik determinizm», «ijtimoiy determinizm» va «geosiyosat» konsepsiyalarini o‘z ichiga
olgan g‘oyalar majmui geografik maktabni tashkil etadi.
Geografik determinizm inson faoliyati tabiiy muhitga to‘la bog‘liq degan g‘oyani isbotlashga harakat qiluvchi mexanistik qarashdir. Bu oqimning asoschisi va
atoqli namoyandasi SH.L.Monteske (fransuz ma’rifatchi faylasufi 1689-1755)dir.
«Qonunlar ruhi» deb nomlangan asarida u o‘z konsepsiyasini atroflicha bayon etdi. Bu ta’limotga muvofiq odamlar hayoti, ularning axloqi, qonunlari, odatlari va hatto siyosiy tuzumi ular yashaydigan geografik muhit va iqlim sharoitidan kelib chiqadi. U tabiat odamlarni tug‘ilgandan teng qilib yaratishini tan olib, so‘ng ularni geografik determinizm nuqtai nazaridan farqlaydi.
Ijtimoiy determinizm ijtimoiy rivojlanish darajasi va yo‘nalishi birinchi navbatda moddiy ishlab chiqarishning rivojlanish darajasi bilan belgilanishidir. Shu
nuqtai nazardan tabiat odamlar tarixiga aralashadi, chunki ishlab chiqarish jarayonida inson nafaqat uni, balki o‘zini ham o‘zgartiradi. Pirovardda insonning mohiyatini tashkil etadigan ijtimoiy munosabatlar majmui o‘zgaradi. Bundan odamlar ayrim fazilatlarining shakllanishi ham, jamiyatning rivojlanishi ham avvalo geografik
muhitga emas, balki moddiy ishlab chiqarishga bog‘liq bo‘ladi va odamlar ishlab chiqarish faoliyatining tarixan o‘zgaruvchi xususiyatini tahlil qilish chog‘idagina muayyan tabiiy sharoitlar u yoki bu ijtimoiy jarayonlarga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida gapirish mumkin, degan xulosaga kelinadi. Ayni holda tabiat va jamiyatning
o‘zaro aloqasida faol tomon sifatida doim inson amal qiladi. Tabiiy muhit xususiyatini ijtimoiy muhit xususiyati emas, balki aksincha, ijtimoiy muhit xususiyatini tabiiy muhit xususiyati belgilaydi.
Shu ma’noda odamlar tabiat bilan o‘z moddalar almashinuvini tartibga soladilar, uni o‘z umumiy nazorati ostiga oladilar va shu tariqa tabiatning ko‘r-ko‘rona kuchlari ularning ustidan hukmronlik o‘rnatishiga to‘sqinlik qiladilar.
Geosiyosat. G.T.Bokl (geografik determinizmning atoqli namoyandasi 1821- 1862) «Angliya sivilizsiyasi tarixi» deb nomlangan asarida o‘ziga xos iqlim va tabiatga ega bo‘lgan mustamlaka xalqlarining qoloqligini tushuntiradi va ijtimoiy
tengsizlikning tabiiyligi haqida xulosa chiqaradi. Keyinchalik Boklning bu g‘oyalari geografik maktabdagi yangi yo‘nalish – geosiyosatni yaratdi. Demak geosiyosat
ijtimoiy tengsizlikning tabiiyligi g‘oyasidir. Mazkur yo‘nalishning asosiy g‘oyalarini Germaniyada F.Ratsel va K.Xausxofer, Buyuk Britaniyada G.Makkinder, AQSHda A.T.Mexen va N.Spikmen, Shvetsiyada R.CHellen ilgari surdi.
“Geosiyosat” atamasini 1916 yilda birinchi bo‘lib ishlatgan R.CHellen o‘zining «Davlat hayot shakli sifatida» deb nomlangan asarida F.Ratselning sotsial- darvinistik g‘oyalarini rivojlantirdi. Bu g‘oyalarga muvofiq tabiiy sharoit jahon tarixida davlatlar rivojlanishining eng muhim omili hisoblanadi, davlatning o‘zi esa geografik muhitning turli omillari aholiga ko‘rsatgan ta’sir natijasida shakllangan biologik organizm sifatida qaraladi. Bundan Chellen u yoki bu davlatning hayot makoni uchun kurashi har qanday jonli organizm qonuni – yashash uchun kurash tabiiy qonunidan o‘zga narsa emas, degan xulosaga keladi. Uning fikricha, tor makonga ega bo‘lgan «yashovchan davlatlar» qat’iy siyosiy imperativga amal qilib, o‘z hududini istilochilik, mustamlakalarni qo‘lga kiritish yo‘li bilan kengaytirishga harakat qilishining zamirida ayni shu qonun yotadi. Boshqacha aytganda, urushlar, Chellen fikriga ko‘ra, nafaqat muqarrar, balki zarurdir.
Shu ko‘rinishda geosiyosat irqlar nazariyasi bilan bir qatorda nemis millatchilarining rasmiy siyosati negizini tashkil etdi va Ikkinchi jahon urushiga
tayyorgarlik, «hayot makoni»ni qo‘lga kiritish va bosib olingan hududlarda
yashovchi xalqlarning ommaviy qirg‘inini asosladi. Natsistik geosiyosatning taniqli namoyandasi Karl Xausxofer 1924 yildan «Geosiyosiy jurnal» nashr etib, bu geosiyosatning asosiy g‘oyalarini rivojlantirdi, Gitlerning «Mayn kampf» asarini yaratishga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Ikkinchi jahon urushidan keyin fashistik geosiyosat uning hayot makoni va irqiy ustunlik g‘oyalari bilan jinoiy ta’limotlar qatoriga
kiritildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |