Parmenid fikricha, borliq paydo bo‘lmagan va u yo‘q ham bo‘lmaydi, chunki undan boshqa hech narsa yo‘q va bo‘lishi mumkin ham emas. Borliq yagona (uzluksiz), harakatsiz va barkamoldir. U o‘z chegaralariga ega bo‘lib, «ulkan mutlaqo
yumaloq sharga» o‘xshaydi.
Parmenidning yagona, ajralmas, o‘zgarmas va harakatsiz borliq haqidagi ta’limoti ellinlar dunyosida shuhrat qozondi va eletlar maktabi vakili bo‘lgan samoslik Melis tomonidan davom ettirildi. U Parmenid fikriga asosan qo‘shilgan holda, «Tabiat yoki borliq haqida» deb nomlangan asarida borliq chegarasiz ekanligini qayd etadi. Uning fikricha, agar borliqning chegarasi borligini tan olsak,
bu borliq yo‘qlik bilan chegaradosh ekanligini anglatadi. Biroq, hamonki yo‘qlik mavjud emas ekan, borliq ham chegarali bo‘lishi mumkin emas.
Shunday qilib, qadimgi yunon falsafasining Suqrotga qadar bo‘lgan davrida ontologiya sezilarli darajada rivojlanadi: o‘sha davr atoqli faylasuflarining deyarli barchasi borliq muammosini bevosita yoki bilvosita o‘rgandi, uni, odatda, boqiy va barkamol kosmos, «yagona tabiat», ya’ni moddiy-hissiy dunyo bilan tenglashtiradi. Masalan, Empedokl (mil. av. 484-421 yillar) «borliq» atamasini bevosita
ishlatmagan bo‘lsa ham, «barcha narsalarning to‘rt negizi» (olov, havo, suv va er) haqida so‘z yuritar ekan, dunyo (kosmos) tuxumsimon ko‘rinishga ega deb hisoblagan, hayot nam va issiq suv o‘tlaridan kelib chiqqani haqida mulohaza yuritgan. Demokrit va Levkipp atomlarni muayyan modda sifatida tavsiflab, ularni
«bo‘shliq» - yo‘qlikka zid o‘laroq, «to‘la» yoki «qattiq» borliq bilan tenglashtirgan.
Shu davrda borliqni tushunishga nisbatan dialektik yondashuv ilk bor namoyon bo‘ladi. U butun dunyo muttasil harakat va o‘zgarish jarayonini boshdan kechiradi
deb hisoblagan va shu munosabat bilan «ayni bir narsa mavjud va nomavjuddir» deya
qayd etgan Geraklit (mil. av. 544-483 yillar) ta’limotida ayniqsa bo‘rtib ko‘rinadi.
Yaqin va O‘rta Sharq falsafasida Kindiy, Umar Hayyom, Ibn Rushd kabilar borliqni ikkiga – vujudi mumkin va vujudi vojibga bo‘ladilar.
Ularning falsafasida borliqning bosh sababchisi Alloh (vujudi vojib)dir. Demak, Alloh va u yaratgan narsalar bir-birlari bilan o‘zaro bog‘langan birlikni tashkil etadi.
Chunonchi, Jomiy Shunday yozadi: “Tangrini olamdan ajralgan deb hisoblama, zeroki, barcha olam tangridadir, Tangri esa olamda”.
Forobiy esa borliq muammosini hal qilishda “vujudi vojib” va “vujudi mumkin”ning o‘zaro nisbatiga murojaat qiladi.
Uning fikricha “vujudi vojib” barcha mavjud yoki paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsalarning birinchi sababi. Birinchi sabab sifatida u o‘zga turtkiga muhtoj
emas. U mutloq borliq va donishmandlik ifodasi.
“Vujudi mumkin” esa doimo o‘zgarishda, ziddiyatli munosabatlarda bo‘lib, unda barcha narsalar oddiydan murakkabga, tartibsizlikdan tartiblilikka qarab harakat qiladi. “vujudi vojib“ yaratgan eng buyuk voqelikdan biri inson aqlidir.
Ibn Sino fikricha ham borliqning asosi “vujudi vojib” ya’ni Allohdir. Vujudi vojib bu birinchi mohiyat. Uning mavjudligi sababini boshqa narsalardan qidirish noo‘rin. Chunki birinchi sabab uning natijasi bo‘lgan xilma xil jarayonlarning
mohiyatiga bog‘liq bo‘la olmaydi. Zero vujudi vojibning mavjudligi uning o‘ziga bog‘liq.
17-18 asrlarning materialist faylasuflari borliq tushunchasini fizik borliq bilan bog‘laydi. Bu faylasuflarning naturalistik qarashlari mexanikaning faol rivojlanishi bilan belgilangan va ularning tabiat haqidagi tabiiy-ilmiy tasavvurlarini aks ettirgan. Bundan borliqni «naturallashtirish» g‘oyasi kelib chiqqan. Mazkur talqin fransuz
materialist faylasuflari Golbax, Gelvetsiy, Lametri dunyoqarashida ayniqsa bo‘rtib ko‘rinadi.
Yangi davr, so‘ngra nemis klassik falsafasi davri «substansiya» (dunyoni tushunish zamirida yotuvchi, nisbatan barqaror va mustaqil holda mavjud mohiyat),
«mutlaq «Men»ning erkin, sof faoliyati» (Fixte), «ob’ektiv rivojlanuvchi g‘oya»
(Gegel) kabi falsafiy kategoriyalarni qayd etib, borliq muammolari talqiniga yanada teranroq mazmun baxsh etdi.
XX asr borliqni tushunishni tarixiylik, insonning mavjudligi, qadriyatlar va til bilan bog‘lab, uning talqinini o‘ta kengaytirdi. Neopozitivizm falsafiy yo‘nalishi esa, avvalgi ontologiya falsafaning emas, balki ayrim fanlarning predmeti deb hisoblab, falsafadagi borliq muammosini soxta muammo sifatida talqin qildi.
Borliq mohiyatini tushunib etishda eng yangi qarashning o‘zagini insonning ijtimoiy ijodi tashkil etadi. Bunda borliq hayot faoliyati jarayoni sifatida tushuniladi. Fan-texnika taraqqiyotining sur’atlari tobora jadallashib borayotgan hozirgi sharoitda mazkur dunyoqarash ko‘pincha texnokratik dunyoqarash deb ataladi.
XX asrda Borliq– dunyo miqyosidagi tartibsizlik, absurd va intiho asri - bunyod etgan yangi postmodernistik shaklini e’lon qilgan postmodern instinkt, boshboshdoqlik, va yurish-turishlarning rang-barangligi, va tartibsizlik tomon yuz tutgan. San’at va borliq orasidagi masofa tobora qisqarib, mutlaqo yo‘qolish darajasiga yaqinlashgan. Ko‘chadagi narsalar badiiy asarlar ahamiyatini kasb etgan. Postmodern hayotdagi haqiqiy qarama-qarshiliklardan kelib chiqishga harakat qilib, borliqdan «nusxa» ko‘chirgan va «o‘z tartibi»ni taklif qilgan. Odatdagi narsalarning oddiy bog‘lanishlarini neytrallashtirib, ularni obrazli-badiiy dunyoqarash maqomiga da’vogar bo‘lgan yangi ma’nolar tizimiga kiritishga intilish ijodning mohiyatiga aylangan.
Borliq haqidagi o‘ta keng, falsafiy tasavvurlar dunyoning yaxlit tabiiy-ilmiy manzarasini yaratishga harakat qilayotgan hozirgi zamon fanining xulosalari va qoidalariga asoslanishi lozim. Ammo ayrim fanlardan iborat fan o‘z holicha borliqning umumiy talqinini bermaydi, zero bu vazifa avvalo falsafiy darajada hal qilinadi. Falsafaning bu muhim roli, uning murakkab hodisalar, shu jumladan borliqni bilish borasidagi imkoniyatlari haqida V.I.Vernadskiy shunday degan edi: «Men bilimning rivojlanishida falsafaning ahamiyatiga aksariyat naturalistlarga qaraganda boshqacharoq yondashaman va u bunda ulkan, samarali ahamiyat kasb etadi, deb hisoblayman. Menimcha, falsafa va fan ayni bir jarayonning tomonlari – muqarrar va ajralmas tomonlardir. Ular faqat bizning aqlimizda ajraladi. Agar ulardan biri to‘xtab qolsa, boshqasining jonli o‘sishi barham topgan bo‘lar edi. Falsafa doim fan
kurtaklarini o‘stiradi, ba’zan hatto fanning rivojlanish sohalarini belgilaydi»16.
Do'stlaringiz bilan baham: |