Qirg’iy – Accipiter nisus [Linnaeus, 1758]
Qirg’iy qarchig’aylar oilasining eng kichiklaridan biri. Kattaligi uy
musichasidan ham kichikroq. Tosh qirg’iyga o’xshaydi. Toshqirg’iydan paychalari
va panjalarining ingichka nimjonligi bilan farqlanadi. Rangi ham toshqirg’iyga
o’xshaydi, qirg’iyda tomog’idagi qo’ng’ir to’g’ri dog’lari bo’lmaydi.
Qirg’iy Yevropa va Osiyoda keng tarqalgan qushlardan sanaladi. Farg’ona
vodiysida tog’lik hududlarning xilma-xil o’rmon va to’qayzorlarida uchraydi.
Qiyg’irni qish oylarida qishloq va shahar bog’larida, to’qay va o’rmonlar
chegaralarida uchratish mumkin.
Uyalarini yerdan 2-3 m, ba’zida 10-12 m balandlikdagi daraxt asosiga yoki
yon shoxlariga kichik novdachalar, mayin hascho’plar, pat va boshqa narsalar bilan
quradi. Makiyonlar 2 tadan 5 tagacha tuxum qo’yadi. Tuxumining rangi oq bo’lib,
unda qo’ng’ir dog’lar mavjud. Tuxumini har ikki uch kun o’tganda bittadan qo’yib
to’playdi. Birinchi tuxumidan boshlab makiyonlari bosa boshlaydi, natijada
jo’jalari har xil yoshda bo’ladi. Bir oyga yaqin tuxum bosadi. Bolalarini uchirma
bo’lib chiqishi uchun 50 kunga yaqin vaqt ketadi.
Ular, asosan, havoda ov qiladi. Mayda chumchuqsimonlar, ba’zida esa
bedana, kakliklarning jo’jalarini ham ovlaydi. Sut emizuvchilardan mayda
kemiruvchilar – sichqon va bog’ olmaxonlarini tutib yeydi.Qirg’iy o’rmonlardagi
hasharotxo’r qushlarni ovlagani uchun zararli hisoblanadi. Qarchig’aylar singari
ular ko’plab ovlangan. Qirg’iylarni Markaziy Osiyoda mayda qushlarni (bedana)
ovlash uchun ovga o’rgatiladi.Qirg’iylarning 9 ta kenja turidan Markaziy Osiyo
Pomir-Oloy tog’larida Assipiter nisus demientjevi Srep. gina uchraydi.
Jig’altoy – Falco subbuteo[ Linnaeus, 1758]
Jig’altoy lochinlar oilasining vakili, daraxtzorlar, dalalar, o’tloqlar, daryo
vodiylari va cho’llar galma-gal uchraydigan yerlarda yashaydi. 2000-2500 m
balandlikdagi tog’larda ham uchraydi.
Jig’altoy o’rmon va bog’larga in quradi. Kaptar kattaligidagi qush
qanotlarini yoyib, gohida silkib juda tez uchadi. Jig’altoy “kli-kli-kli” yoki “kik-
kik-kik” deb baland ovoz chiqarib sayraydi. Jig’altoyni tomog’i oq bo’lib, uning
atrofida qoramtir yo’llari bor, pastga qarab ketgan qoramtir dog’i qush
“mo’ylovini” hosil qiladi. Patlari tepa tomondan qoramtir tovlanadi.Makiyonlari
237-247 g og’irlikda.
Respublikamizga Janubiy Afrika, Hindiston va Janubiy Xitoydan aprel’, may
oylarida uchib keladi. Jig’altoy boshqa qushlar (zag’izg’on, olaqarg’a va
boshqalar) uyasidan foydalanadi. O’rtacha 2 tadan 4 tagacha tuxum qo’yadi.
Makiyonlari 28 kun tuxum bosadi. Erkagi ovqat topib makiyonini boqadi. Jo’jalar
oq par patlar bilan qoplangan, ko’zi ochiq bo’ladi. Bir oydan so’ng ular uchirma
bo’lib chiqadi. Qaldirg’och, to’rg’ay, chug’urchuq, chumchuq, jiblajibon, baliqchi
va bedana galalariga xujum qiladi. Hasharotlardan chigirtka, ninachi, buzoqboshi,
qo’ng’izlardan go’ng qo’ng’izlar, uzun mo’ylovli qo’ng’izlarni tutib yeydi.
Jig’altoy kamida bir kunda 30 g ga yaqin ovqat yeydi. O’zbekistondan qishlash
yerlariga sentyabr’-oktyabrda uchib keta boshlaydi.
Bu qushlar boshqa foydali qushlarga yirtqichlik qilishiga qaramasdan,
ko’pchilik qishloq xo’jaligi zararkunandalarini qirib foyda keltiradi. SHuningdek,
bular estetik zavq beruvchi, o’ziga xos uchish xususiyati bilan ilmiy ahamiyatga
ega bo’lgan hamda CITES ning II ilovasiga kiritilgan turlar hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |