REJA: 1. Arxiv ishi va ish yuritish sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida. 2.Davlat arxivlari o‘quv zallarida arxiv hujjatlaridan foydalanish tartibi 3.Foydalanuvchining huquq va majburiyatlari 4.Arxiv hujjatlarini taqdim etish tartibi
ARXIV ISHI VA ISH YURITISH SOHASIGA OID NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 15-maydagi PF-5997-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
davlat arxivlari o‘quv zallarida arxiv hujjatlaridan foydalanish tartibini, foydalanuvchining huquq va majburiyatlarini, shuningdek, davlat arxivlari o‘quv zallarida arxiv hujjatlarini taqdim etish tartibini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi davlat arxivlari o‘quv zallarida foydalanuvchilarning arxiv hujjatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
xorijdan kelib tushgan arxiv hujjatlari bo‘yicha so‘rovlar ijrosini ta’minlashning umumiy qoidalarini, arxiv hujjatlari bo‘yicha so‘rovlarni qabul qilish tartibini hamda arxiv hujjatlari bo‘yicha so‘rovlarni ijro etish tartibini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan xorijdan kelib tushgan arxiv hujjatlari bo‘yicha so‘rovlar ijrosini ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2012-y., 15-son, 168-modda) bilan tasdiqlangan Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 136-bandning beshinchi xatboshisidagi “O‘zarxiv” agentligi belgilagan va belgilangan tartibda tasdiqlangan tartibda” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 137-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Arxivning o‘quv zalida foydalanuvchilarning arxiv hujjatlari bilan ishlash tartibi, ularning huquq va majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi davlat arxivlari o‘quv zallarida foydalanuvchilarning arxiv hujjatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan belgilanadi. Arxiv foydalanuvchilarni ushbu Nizom bilan tanishtirishi shart. Foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, arxiv ularga xizmat ko‘rsatish vaqti va navbatini belgilashi mumkin”.
3. O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i O.M. Umarov zimmasiga yuklansin.
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi davlat arxivlari (keyingi o‘rinlarda — arxiv) o‘quv zallarida (kinozal, fono hujjat eshitish xonalari va boshqalarda) foydalanuvchilarning arxiv hujjatlari bilan ishlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi: