Qur’on - musulmonlarning muqaddas kitobi. Qur’ondagi hamma fikr va ko`rsatma Alloh tomonidan Muhammad alayhissalomga vahiy kilingan so`zlardir. Qur’on oilaviy hayotda er-xotin o`rtasidagi munosabatlar, baxtli nikoq, oilaviy turmush, farzand tarbiyasi, ajralish va uning yo`l-yo`riklari haqida tegishli ko`rsatmalar beradi.
Hadis - Qur’ondan keyingi Muhammad Payg`ambarning hayoti, faoliyati va ko`rsatmalarini aks ettiruvchi manba. Hadis ko`p jildli to`plamlarda saqlangan, mutlaqo ishonchli bo`lishi uchun puxta tartibga solingan va maxsus tekshiruvlardan o`tkazilgan. Bu manba odamlar orasidagi tortishuvlar, oilaviy kelishmovchiliklar va hokazolarni hal etishda dasturilamal bo`lib xizmat qilgan. Hadislar Payg`ambarning turli vaziyatlardagi xulq-atvorini eng kichik tafsilotlariga qarab ta’riflab bergan va bamisoli ahloq kodeksiga, ahloq tuzugiga aylangan, chunki Xudoning erdagi elchisining xulq-atvori o`zini chin musulmon deb biladigan musulmon uchun shak-shubhasiz taqlid qilinishi kerak bo`lgan amaldir.
Barcha davralarda butun insoniyat uchun muqaddas Kur’onning diniy nizom sifatida saqlanishini Parvardigorning o`zi o`z zimmasiga olganligini qayd etish zarur: «Albatta bu eslatmani (ya’ni Qur’onni) Biz O`zimiz nozil qildik va shubhasiz O`zimiz uni saqlaguvchimiz» (Xijr surasi. 15:9).
Hadislarda aniq ma’noni istalgan muqobil so`z shakliga o`tkazish mumkin, ayni paytda Qur’on matnida esa so`z ifodasini umuman o`zgartirishga yo`l qo`yilmaydi.
Qur’on va Hadislar nikoh kurish, farzand ko`rish, balog`atga etish, oilaviy hayot va o`lim singari insonlar hayotidagi muhim voqealarda nimalar qilinishi zarurligini ko`rsatadi.
Oila hakida qayg`urish islom dinida puxta ishlab chiqilgan keng qamrab oluvchi nikoh tizimida namoyon bo`ladi. Oilagacha boshlanadigan bu tizim «Nikoh» bilan mustahkamlanadi va oilaviy munosabatlarda davom etadi. U oilaning har bir a’zosi (ham ota-ona, ham farzand) huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklarini aniq tasvirlab beruvchi oliy tushunchalardan iborat. Oilaviy munosabatlar o`z-o`zidan rivojlanadigan, o`zaro nazorat qilinadigan, rahm-shafqatli va sevgi-muhabbatga to`la bo`lishi kerak. Xudbinlik, g`azab, e’tiborsizlik, begonalik hamda jismoniy va ahloqiy tahqirlash kabi xislatlar ularga begona bo`lishi kerak. Oilaga nisbatan islom dinining bunday nuqtai nazari Quronning oilaviy munosabatlarga taalluqli asosiy printsiplaridan kelib chiqadi.
Nikoh munosabatlarining to`g`ri boshlaniish muvaffaqiyat va ularning xotirjam yuksalishining garovi bo`lishi muhimligini anglash zarur. Qur’on nikoh - sunnaning bir qismi ekanligini eslatadi va uning eng yaxshi misollarini ko`rsatish uchun Alloh payg`ambarlarni tanlagan: «Darhaqiqat, sizdan ilgari ham (ko`p) payg`ambarlar yuborganmiz va ularga juftlar va zurriyotlar berganmiz» (Ra’d surasi. 13:38).
Hadislardan birida Payg`ambarimiz Muhammad (s.a.v.) shunday deydilar: «Nikoh mening an’anamdir, bu an’anadan yuz o`girgan kishilar men bilan emasdir».
Islom dinida nikoh - bu farzandlar tarbiyalash va baxtli oila qurish uchun o`zaro yordam, samimiylik va sabr-matonatlilik prinpiplariga tayangan holda bir-birini sevadigan va xohlaydigan erkaklar va ayollarning birgalikda yashashidir.
Qur’on erkak va ayol o`rtasidagi aloqalarni juda aniq tarzda tasvirlaydi: «U zot sizlar hamdam bo`lishlaringiz uchun o`zlaringizdan juftlar yaratishi va o`rtalaringizda oshnolik va mehr-muhabbat paydo qilishidir» (Rum surasi. 30:21).
Do'stlaringiz bilan baham: |