253 O‘zbekiston davlati Qoraqalpog‘iston Respublikasining ekologik muammolarini qanday hal qilmoqda? Qoraqalpog‘iston Respublikasi Orolbo‘yi hududida ekologik muhitni barqarorlashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni hal etishga yangi yondashuvlarni joriy qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga va sifatini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar dasturlarini shakllantirish hamda barqaror moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.
Shu bilan birga, Orolbo‘yi hududida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlarni belgilangan sur’atlarda va samarali amalga oshirishda, ushbu hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida davlat va mahalliy ijro hokimiyati organlarining xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik borasidagi faoliyati yetarli darajada ta’minlanmayapti.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ekologik vaziyatni yanada yaxshilash, Orolbo‘yi hududini rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda tasdiqlangan chora-tadbirlar va dasturlarning joylardagi ijrosini tashkillashtirishda mahalliy ijro hokimiyati organlarining bevosita ishtirokini ta’minlash, roli va mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining hamda Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak, Kegeyli va Taxtako‘pir tumanlari hokimlarining ekologiya va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimlarini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining hamda Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak, Kegeyli va Taxtako‘pir tumanlari hokimlarining ekologiya va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlariga quyidagi vazifalar yuklanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
Orolbo‘yi hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilmaxillikni tiklash, hayvonot va o‘simlik dunyosini saqlash, shu jumladan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Orol dengizining qurib qolgan qismidagi sho‘rlangan yerlarda innovatsion texnologiyalar va yondashuvlar asosida ekotizimlarni tiklash hamda munosib hayot faoliyatini ta’minlash, himoya o‘rmonzorlarini barpo qilish ishlarini tashkil qilish;
Orolbo‘yi hududida yashovchi aholining genofondini tiklash va sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, ularni amalga oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar va dasturlarni shakllantirish hamda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash;
Orolbo‘yi hududida qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, irrigatsiya tizimlarini tiklash, suv resurslaridan tejamkor va samarali foydalanish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish;
Orolbo‘yi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish;
Orolbo‘yi hududini rivojlantirish maqsadlari uchun xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorlikni tashkil etish hamda moliyaviy mablag‘larni jalb etishda faol ishtirok etish;
tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha tuman (shahar) inspeksiyalarining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining faoliyatini muvofiqlashtirish.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga ushbu qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi boshqaruv apparati tuzilmasini hamda yangi joriy etilayotgan o‘rinbosarning funksional vazifalari va uning kotibiyati to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash tavsiya etilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘korg‘i Kengesi bilan birgalikda o‘n kun muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tumanlar hokimliklari boshqaruv apparati xodimlarining shtatlar jadvallarini ushbu qarorga muvofiq qayta ko‘rib chiqsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining hamda Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak, Kegeyli va Taxtako‘pir tumanlari hokimlarining ekologiya va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari bilan birgalikda xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorlikni tashkil etish hamda moliyaviy mablag‘larni jalb etishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va uning amalga oshirilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.