Aksiz solig‘i Aksiz solig‘ini hisoblash va to‘lash tartibi saqlab qolinmoqda. Qat’iy summada belgilangan aksiz solig‘i stavkalari 2022-yil 1-iyundan o‘rtacha 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda.
Shu tariqa, ishlab chiqariladigan alkogol va tamaki mahsulotlariga 2021-yil oktabr oyidan belgilangan soliq stavkalari 2022-yil 1-iyunga qadar saqlab qolinadi.
Neft mahsulotlari, shu jumladan, yakuniy iste’molchiga sotiladigan neft mahsulotlariga soliq stavkalari bir marta 2022-yil 1-iyundan 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda.
Polietilen granulalariga aksiz solig‘i stavkasi, ularni import qilishda ham joriy qilgan holda 20 foizdan 10 foizgacha pasaytirilmoqda.
Suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchilariga aksiz solig‘i bekor qilinmoqda.
Foyda solig‘i 2022-yil 1-yanvardan foyda solig‘ini hisoblash maqsadida amortizatsiya qilinadigan aktivlarni tan olishning alohida tartibi joriy qilinmoqda.
Foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasini aniqlash maqsadida amortizatsiya qilinadigan aktivlarga Soliq kodeksda keltirilgan mezonlariga javob beradigan asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar kiritiladi.
Zararlarni joriy soliq davri soliq bazasining 60 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda 10 yil mobaynida kelgusiga o‘tkazish bo‘yicha cheklovlar bekor qilinmoqda.
Tijorat banklari tomonidan shakllantirilayotgan zaxiralar Markaziy bank tomonidan belgilangan normalar 80 foizi miqdorida foyda solig‘i hisoblanganda xarajatlarga kiritiladi.
O‘quv-tarbiya muassasalariga yoki yetim bolalarga va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga moddiy yordam ko‘rsatishga xarajatlar chegiriladigan xarajatlar deb hisoblanadi.
Faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi norezidentning soliq to‘langandan keyin o‘z tasarrufida qoladigan sof foydasi dividendlarga tenglashtiriladi va 10 foiz soliq stavkasi bo‘yicha soliqqa tortiladi.
Sof foyda deganda jami daromad va doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar o‘rtasidagi farq tushuniladi. Bunda joriy soliq davri uchun sof foyda ayni bir doimiy muassasa doirasida avvalgi soliq davrlarida ko‘rilgan zararning (zararlarning) umumiy summasiga, basharti ilgari bunday zarar (zararlar) sof foydani aniqlashda hisobga olinmagan bo‘lsa, kamaytiriladi.
Foyda solig‘ini hisoblashda ijobiy va salbiy kurs farqlarini aniqlash tartibi belgilanmoqda.
Valyuta qimmatliklari tarzidagi mol-mulkni va qiymati chet valyutasida ifodalangan talab qilish tarzidagi mol-mulkni qo‘shimcha baholashda yoki qiymati chet el valyutasida ifodalangan majburiyatlarning qiymatini pasaytirishda yuzaga keladigan kursdagi farq ijobiy farq deb e’tirof etiladi.
Bunda berilgan (olingan) bo‘naklarni qayta baholashdan yuzaga keladigan kursdagi ijobiy (salbiy) farq soliq solish maqsadlarida hisobga olinmaydi.
Soliq organlariga agar bitimning narxi tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan past bo‘lsa aynan qo‘shilgan qiymat solig‘i kabi foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasiga tuzatish kiritish huquqi berilmoqda.