2022-yil uchun soliq siyosati va stavkalari. Nimalar o‘zgardi? Moliya vazirligi 2022-yilda yuridik va jismoniy shaxslarga soliq solish tartibiga kiritilgan asosiy o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman
Soliq stavkalari Qo‘shilgan qiymat solig‘i (15 foiz), foyda solig‘i (15 foiz, ayrim toifalar uchun — 20 foiz), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (12 foiz), yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i (2 foiz), qishloq xo‘jaligi yerlari uchun yer solig‘i (0,95 foiz), ijtimoiy soliq (xo‘jalik yurituvchi subyektlar — 12 foiz, budjet tashkilotlari — 25 foiz) va aylanmadan olinadigan solig‘i (bazaviy stavka — 4 foiz) bo‘yicha stavkalar saqlanib qolinmoqda.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i Tushumidan qat’i nazar, QQS to‘lovchi korxonalar doirasi soliq maslahatchilari tashkilotlari, auditorlik tashkilotlari va notijorat (shu jumladan budjet) tashkilotlari hisobiga kengaytirilmoqda. Bunda notijorat tashkilotlari faqatgina tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirgan taqdirda QQS to‘lovchisi hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari QQS to‘lashi lozim bo‘lgan sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekin maydoni ellik gektardan yigirma besh gektargacha pasaytirilmoqda.
Reklamani yopish
Quyidagilar bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinmoqda:
jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari xizmatlari (budjet tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan jismoniy tarbiya va sport xizmatlari bundan mustasno);
qiymati qat’iy summada belgilangan bank operatsiyalari.
Moliyaviy va sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga bir oyda bir marta hisob varaq-fakturani taqdim etish huquqi berildi.
Shu munosabat bilan Soliq kodeksida ular uchun xizmatlar ko‘rsatilgan kalendar oyining oxirgi kuni tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmani amalga oshirish sanasi deb hisoblanishi belgilanmoqda.
Ilgari tovarlarni (xizmatlarni) olish chog‘ida hisobga olish uchun qabul qilingan, QQS summasiga tuzatish kiritilishi lozim bo‘lgan holatlar ro‘yxati kengaytirildi.
Eksport qilinadigan tovarlar uchun ishlatilgan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) QQS summasini soliq to‘lovchining O‘zbekistondagi bank hisob varag‘iga chet el valyutasi tushumi kelib tushishidan qat’i nazar, hisobga olish tartibi belgilandi.
Ushbu norma oxirgi bir yil davomida valyuta tushumlarini o‘z vaqtida ta’minlab kelayotgan va eksport shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi bo‘lmagan intizomli soliq to‘lovchilarga tatbiq etiladi.
Tovarlar “eksport” bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan e’tiboran 180 kalendar kuni ichida valyuta tushumi yoki uning bir qismi eksport qiluvchining O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisob varag‘iga kelib tushmagan taqdirda, qo‘shilgan qiymat solig‘ining hisobga olingan summasi yoki uning mos qismi belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasini o‘rnini qoplash (qaytarish) uchun soliq organlariga ariza bilan alohida murojaat qilish haqidagi majburiy talab bekor qilinmoqda.
Soliq to‘lovchi o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan soliq summasini qaytarishga doir soliq hisobotini taqdim etishda soliq organlarini bu haqda xabardor qilgan holda, soliqning salbiy summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) uchun murojaat qilish huquqiga ham ega bo‘ladi.
Barcha toifadagi qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari uchun yagona soliq davri etib bir oy belgilanmoqda.
2022-yilning 1-aprelidan 31-dekabriga qadar tajriba tariqasida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ va Uzbekistan Airways AJ misolida shunday tartib joriy etiladiki, unga ko‘ra QQS salbiy summasi tovarlarni import qilishda to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasiga kamaytiriladi.