1.3. Paradigmatik va sintagmatik munosabatlar
Paradigmatik munosabatlar bir so‘z turkumiga mansub va ma’no jihatidan birmuncha umumiylikka ega bo‘lgan so‘zlar orasida vujudga keladi. Bunday so‘zlar majmuasiga kiruvchi birliklar gap tarkibida bir xil pozitsiyalarda bir-birlarining o‘rnida ishlatilishlari mumkin. Sintagmatik munosabatlar yordamida birliklar o‘zaro bog‘lanadilar va nutqiy tuzilma hosil qilish uchun o‘zaro birikadilar.
Paradigmatik va sintagmatik munosabatlar lug‘aviy birliklarning semantik xususiyatlari bilan o‘zaro uzviy bog‘langan. Paradigmatik munosabatlar so‘zlarni semantik sinflarga bo‘lish uchun asos vazifasini bajaradi. Bir paradigmatik sinfdagi birliklarning jumla tarkibida bajarayotgan vazifalari o‘zaro o‘xshashdir. Sintagmatik munosabatlar asosida esa paradigmatik sinflar birliklari kommunikativ maqsadlarni bajarish uchun o‘zaro birikadilar. Bu ikki xil munosabatlar asosida har bir so‘z ifodalayotgan ma’noning paradigmatik va sintagmatik aspektlarini aniqlash mumkin.
Lug‘aviy ma’noning paradigmatik aspekti u mazmunan bog‘liq bo‘lgan so‘zlar guruhining umumiy ma’nosi bilan aniqlanadi. So‘z paradigmatik ma’nosining miqdori u doimo munosabatga kirisha oladigan leksik guruhning miqdoriga bog‘liq. Masalan, «yer» so‘zi ifoda etayotgan ma’no bo‘laklari turiga nisbatan quyidagi leksik guruhlarning har biri bilan munosabatga kirisha olishi mumkin:
zamin, tuproq, qatlam, qavat;
shudgor, mulk, dala;
ohaktosh, loy, qum;
quyosh, oy, yulduz;
mamlakat, vatan, davlat;
quruqlik, qirg‘oq, orol va hokazo.
Ma’noning sintagmatik aspekti gapda leksemalarning o‘zaro birikuviga asoslanadi. Mazmundor nutqda so‘zlar eng avvalo ular ifodalagan ma’no orqali birikadilar. Shunday ekan, bir so‘zning boshqa bir so‘z bilan birikuvida har safar uning yangi semantik xususiyatlari namoyon bo‘ladi. Masalan, «yer atrofida aylanmoq», «yerni kemadan ko‘rmoq», «taqir yer», «haydalanadigan yer», «yerdan namuna olmoq», «yerni dehqonlarga bermoq» kabi so‘z birikmalarida «yer» so‘zining turlicha ma’nolari namoyon bo‘ladi.
Agar ma’noning denotativ va signifikativ aspektlari nolisoniy omillar orqali aniqlansa, paradigmatik va sintagmatik aspektlar ichki lisoniy hodisadirlar. Lekin bu holda ham lisoniy nomlanayotgan realiyalarning xususiyatlari – ta’sirini butunlay inkor qilib bo‘lmaydi.
So‘zlarning tematik guruhlari yoki semantik sath so‘z orqali ifodalangan, ekstralingvistik umumiylikka asoslangan, ma’no jihatidan o‘zaro bog‘langan leksemalardan tashkil topadi. Bu masala M.M.Pokrovskiy, G.Ipsen, Y.Trir, L.V.SHerba, A.I.Smirnitskiy va boshqa olimlar tomonidan atroflicha tadqiq qilingan.
O‘tgan asrdayoq rus tilshunosi M.M.Pokrovskiy «so‘zlar va ularning ma’nolari bir-birlaridan ajratilgan holda yashamaydilar, biroq bizning ongimizga bog‘liq bo‘lmagani holda turli guruhlarga bo‘linib birikadilar» degan edi (Pokrovskiy 1956: 176-177).
A.I.Smirnitskiyning qaydicha, tilda «makon», «zamon», «son», «hayvonlar dunyosi» kabi keng tushunchalar mavjud bo‘lib, ularning semantik maydoni qiyinchiliksiz, «o‘z-o‘zidan ajraladi». Lekin, shuning bilan birgalikda ushbu tematik sinflardagi so‘zlarning ayrimlari, ko‘pma’nolilik xususiyatiga ega bo‘lganligi sababli, turli semantik guruhlar tarkibiga kirishi ehtimoli yo‘q emas (Smirnitskiy 1965: 176-177). Masalan, ingliz tilidagi wood so‘zi «o‘rmon» ma’nosida forest «o‘rmon», grove «daraxtzor», thicket «chakalakzor» kabilar bilan bir guruhga kirsa, «yog‘och» (material) ma’nosida esa stone «tosh», metal «metall», iron «tunuka» kabi so‘zlar qatoridan joy oladi.
Tilning tizimli va strukturaviy xususiyatga ega ekanligi ma’lum. Tilshunoslikda «sistema» va «struktura» tushunchalarining mazmuni qorishtirib yuborilmasligi lozim. Sistema o‘zaro bog‘liqlikdagi elementlar majmuasidan iborat bo‘lib, bu majmua yaxlitlikni tashkil qiladi va undagi ishtirokchilarning har biri alohida hamda o‘zaro munosabatda tavsiflanadilar. Struktura esa ushbu sisitemadagi elementlarning munosabatlari asosida yuzaga keladigan tuzilmadir (H o r n 1988: 113-114).
Sistema va struktura tushunchalarining shu yo‘sindagi ta’rifi O.Axmanovaning lisoniy atamalar lug‘atida ham o‘z aksini topgan (Axmanova 1969: 412-413; 458).
1. Lug‘atda «sistema»ga til birliklarining botiniy tarkibdagi majmuasi deb qaraladi. Bu birliklar turg‘un (invariant) munosabatlardadir, masalan, ushbu til uchun xos bo‘lgan va nutqiy qurilmalarni hosil qiluvchi sintaktik qoliplar to‘plami. Ushbu ta’rif tilning fonetik tizimini so‘z va morfemalarni farqlash uchun xizmat qiluvchi nutq tovushlari to‘plami sifatida aniqlashga undaydi. Xuddi shuningdek, ushbu til yoki lahja uchun xos bo‘lgan gap turlari va qoliplarini quruvchi so‘z shakllari to‘plami grammatik tizimni tashkil qiladi. Ifoda planiga kiruvchi farqlar umumlashmasiga esa semiologik tizim sifatida qaraladi. O.S.Axmanova «sistema» tushunchasi doirasiga, shuningdek, grammatik kategoriyani ifodalovchi shakllar va forma yasash paradigmasi kabilarni ham kiritadi.
2. Lug‘atda «struktura» tushunchasiinng mazmuni quyidagicha izohlanadi: 1) tilning tovush, fonologik, morfologik va morfonologik tarkiblariga xos bo‘lgan umumiy, invariant xususiyatlarning bir-biri bilan bog‘liqligi, ya’ni quyi sath birliklarining yuqori sath birliklari tuzilishiga ishtirokiga nisbatan. Bu holda «tovush strukturasi», «leksik struktura», «morfologik struktura» atamalari qo‘llaniladi; 2) struktura atamasiinng ikkinchi ma’nosi «gap strukturasi», «so‘z strukturasi», «ma’no strukturasi» kabi birliklarda namoyon bo‘ladi (Axmanova 1969: 458).
Praga lingvistik maktabida «struktura» atamasi ancha tor mazmunda talqin qilinadi. Praga lingvistik lug‘atida berilgan ta’rifdan ma’lum bo‘ladiki, ushbu tushunchani O.S. Axmanova ajratgan birinchi ma’noda qo‘llab bo‘lmaydi: «Til strukturasi» tushunchasi «so‘z-gap» ga nisbatan mavjud bo‘lgan barcha faktlarni qamrab oladi. Bu gapning umumiy tuzilishi yoki umuman ma’lum tilning grammatik tuzilishi bo‘lish mumkin. … Umumiy grammatik tizim bir qator alohida tizimlarda namoyon bo‘ladi. Shu sababli tuslanish sistemasi, turlanish sistemasi, fonologik sistema haqida gapirilib, «struktura tushunchasini til grammatik qurilishining umumiy xususiyatlarini atash uchun saqlashadi» (Baxek 1964: 218).
Xullas, sistema va struktura tushunchalari aynan bir hodisa emas. Lekin bu farqqa har doim ham e’tibor berilavermaydi. Ko‘pincha ular sinonimlar sifatida qo‘llaniladi. Buni, masalan, quyidagi ikki ta’rifni qiyoslaganda sezish mumkin.
Birinchi turdagi ta’rifda sistema va struktura tenglashtiriladi, biri ikkinchisining yig‘indisi sifatida qaraladi. Masalan, E.Koseriuning yozishicha, «til o‘zaro bog‘liq strukturalar sistemasidir» (Koseriu 1963: 172). A.A.Reformatskiyning ta’kidicha, «…har bir tilning o‘z fonetik, grammatik va leksik tizimi mavjud. Tarkibidagi birliklarning qo‘llanishidagi o‘xshashlik majburiy bo‘lgan sistemalarning umumlashmasi tilning strukturasini tashkil qiladi» (Reformatskiy 1967: 270).
Sistema va strukturaning ikkinchi ta’rifi tilning dinamik va statik holatlari qarama-qarshiligi bilan bog‘liq holda beriladi. Masalan, B.Potye quyidagi ta’rifni keltiradi: «Agarda ajratilishi va tahlil qilinishi mumkin bo‘lgan voqelik qismlarini belgilovchi elementlar majmuasini «struktura» deb bilsak, unda «sistema» struktura elementlarining ma’lum paytda qo‘llanishidir» (Pottier 1966: 112-113). Olim o‘z tahlili amaliyotida struktura tushunchasini tahlil qilinayotgan birliklarini ajratish, masalan, a` dans shu qatordagi a`, hier, chien, faire, dans elementlaridan farqlab, yagona bir kategoriyaga kiritish uchun qo‘llaydi. Tizimlashtirish ushbu elementlarinng bajarayotgan vazifalarini aniqlash va ularning qo‘llanishdagi ma’nolarini ajratish imkonini beradi. Aytilgan a` va dans munosabati tizimdir, bu tizim tilda mavjud va nutqiy faollashuv jarayoni yuzaga keladigan mazmuniy siljishlarni aniqlash imkonini beradi (O‘sha asar, 144-b).
B.Potye taklif qilgan «sistema (=sistema)» va «sistema (=struktura)» qarama-qarshiligini farqlash Gustav Giyom psixosistematika ta’limotidagi sistema tushunchasining qo‘llanishiga mos keladi. G.Giyom sistemani ikki tomonlama ya’ni dinamik va statik ko‘rinishda tasavvur qiladi. Lekin B.Potye strukturani statik, sistemani esa dinamik tushunchalar sifatida talqin qilsa, rus tilshunosi V.A.Zveginsev bu tushunchalarning statik va dinamik holatlarini teskari ko‘rinishda tasavvur qiladi. Uning yozishicha, «sistema va strukura … so‘zsiz, bir-biridan tubdan farq qiladigan ikki hodisalardir. Sistema haqiqiy statik tushunchadir va shunga binoan uning vositasida tilning sinxron holati yoritiladi, struktura esa dinamik tushuncha sifatida qo‘llanishi lozim va uning asosida tilning diaxronik hodisalari (tadrijiy jarayonlar) o‘rganilishi kerak» (Zveginsev 1962: 144).
Yana boshqa bir rus tilshunosi N.D.Arutyunova til belgilarining shakl va mazmun jihatidan tarkib topishini yoritish uchun batamom boshqa atamalarga ehtiyoj borligi haqida gapiradi (Arutyunova 1988: 214).
Ushbu tushunchalar va atamalarning turli olimlar tomonidan berilgan ta’riflarini qiyoslash asosida quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
1) umum qabul qilingan atamalarning o‘ziga xos ta’riflanishi va qo‘llanishi ma’lum yo‘nalishga oid bo‘lgan g‘oyalarga asoslanadi; bu holda atamalarning ta’rifi dasturiy ishlar yoki lug‘atlarda beriladi.
2) atamalarning o‘ziga xos izohlanishi u yoki bu muallifnnig individual yondashuvi natijasidir.
Birinchi holda atamalarning bu yo‘sinda qo‘llanishini izohlash mumkindir, ammo ikkinchisidagi umumiy atamaga yangi mazmun baxsh etish harakatini oqlab bo‘lmaydi. Inchinun, «sistema» tushunchasini bir turdagi elementlar majmuasi sifatida izohlash, «struktura» ni esa ushbu elementlarni tarkiblashtirish va ular o‘rtasida mavjud bo‘lgan munosabatlarni tasavvur qilish darajasida ta’riflagan ma’quldir (Yanko 1999: 50-51).
Do'stlaringiz bilan baham: |