Modelashtirish va uning turlari
Modellashtirish – bu nusxa – modelni o‘rganish orqali ob’ektni bilish va xossalarini bashorat qilish usulidir. Bunda ob’ektga o‘xshash namuna (model) quriladi, u tadqiq qilinadi, natijada asl ob’ekt o‘rganilgan hisoblanadi.
Modellashtirish umumilmiy, universal bilish usullari qatoriga kiradi. Modellashtirish usuli ayniqsa matematik va eksperimental tadqiqotlarga yaqin turadi, ularni tarkibiga kiradi, samarali natijalar berish manbaiga aylanadi.
Hozirgi zamon postnoklassik fanlar (global ekologiya, global evolyusionizm, sinergetika, halokatlar nazariyasi, ko‘p ma’noli mantiq, globalistika, virtualistika va boshqalar) ko‘p sifatli, ko‘p tizimli, o‘z-o‘zini tashkillashtiradigan ob’ektlarni o‘rganishga o‘tishdi. Stoxastik, ehtimollik, nochiziqlilik, nomuvozanatli xislatlarga ega bo‘lgan, vaqt oralig‘ida evolyusion va bufurkatsion o‘zgarishlarni namoyon etadigan bunday ob’ektlarni bevosita o‘rganish nihoyatda qiyin ish. Shu bois, postnoklassik fanlarda modellashtirish usuli asosiy tadqiqot usullaridan biri hisoblanadi.
Global geosiyosiy muammolardan biri yadroviy urush havfi muammosidir. Urush havfi to‘la-to‘kis bartaraf etilgani yo‘q. Shu bois, o‘tgan asrni 80 yillarida global ekaologiya, kompyuter texnologiyasi va geosiyosiy muammolar chorrahasida turgan masali – virtual xarakterga ega bo‘lgan jahon termoyadro urushi ssenariysi va oqibatlari kompyuterda modellashtirildi, tadqiq qilindi. Bunday izlanishlar AQSh va Rossiyada olib borildi, natija deyarli bir xil chiqdi. Xulosa shunday bo‘ldiki, yadro urushi bo‘lgan taqdirda umumplanetar holokot yuz beradi, uzoq muddatli «yadroviy qish» deb atalgan global hodisa sodir bo‘ladi.
Modellashtirish usulini universalligi (barcha sohalarda tatbiq qilinishi imkoniyati) va samarali tomoni shundan iboratki, u real, mumkin bo‘lgan va virtual (oraliq, ehtimolli holat) xislatga ega bo‘lgan har qanday ob’ektlarni o‘rganish imkoniyatini beradi.
Hattoki ob’ekt haqidagi bilimimiz tadqiqot jarayonida obraz ko‘rinishiga ega bo‘lgan model rolini o‘ynashi mumkin. Bunda konkret ob’ektga oid bilim xayoliy eksperiment o‘tkazilganda yangi bilim manbai bo‘lgan modelga aylanadi. Masalan, atom strukturasi haqidagi dastlabki bilimlar (M.Plank, Rezerford, Nagaoki g‘oyalari) Nils Borning izlanishlarida model rolini o‘ynaydi. Bu modelni yanada takomillashtirar ekan, olim o‘zining atom strukturasini yangi modelini ishlab chiqdi. Modelda qayd etilgan gipotetik tamoyillar va qoidalar keyinchalik o‘tkazilgan eksperimental tadqiqotlarda to‘la tasdiqlandi.
Modellashtirish strukturaviy tarkibi va tatbiq qilish samaradoriga qarab bir qancha turlarga bo‘linadi.
Predmetli modellashtirish. Ko‘p hollarda ob’ekt qanday jismlardan iborat bo‘lsa, uning xislatlarini takrorlaydigan model ham o‘sha materialdan yasaladi. Predmetli modellashtirishning soda ko‘rinishi ob’ektning kichik hajmdagi maketi bo‘lib, u tadqiqot, ta’lim va madaniy – ma’naviy muassasalarda ilmiy va uslubiy vosita sifatida ishlatiladi.
Fizik modellashtirish. Fan va texnikada keng qo‘llanilib, fizik jarayonlar, turli mexanizm va mashinalar, ularning struktura, xossa va funksiyalari modellarda o‘rganiladi, olingan natijalar yangi eksperimental namunalarni loyihalashtirishda tatbiq qilinadi.
Mantiqiy modellashtirish. Tafakkurdagi mantiqiy amallarni bajarishga moslashtirilgan mantiqiy modellarni ishlab chiqish tarixi uzoq vaqtga borib taqaladi. R.Lulliy, Leybnis, U.Djevons va boshqalar tafakkur jarayonini modellashtiradigan qurilmalar loyihasi va mexanizmlarini ishlab chiqishgan. Hozir bu turdagi modellashtirish sun’iy intellekt muammolarini o‘rganish doirasida davom ettirilmoqda.
Belgili (semiotik) modellashtirish. Bu yerda model simvollar, harflar, chizma, sxema, formula kabi vositalardan tuziladi. Geometrik shakl, algebraik tenglamalar tizimi, matn, mantiqiy sillogizm figuralari tadqiqotda model funksiyasini bajaradi.
Matematik modellashtirish. Bir-biridan sifat jihatidan farq qiladigan ob’ektlarda o‘xshash xossalar va funksiyalar mavjud. Masalan, to‘lqin hodisasi, to‘lqinli tarqalish va tebranish tabiat va jamiyatda ko‘p uchraydigan xossalardan biridir. Xususan to‘lqin ko‘rinishiga ega bo‘lgan harakat mexanik, elektrik, suyuqlik xolatlarda, atmosfera va biosferada, iqtisodiy jarayonlarida munatazam namoyon bo‘ladi. Bularni barchasini differensial tenglamalar tizimi yordamida tavsiflash mumkin. Shuningdek, turli ob’ektlarga xos bo‘lgan tebranish hodisasini ham alebraik tenglamalar asosida modellashtirish mumkin.
Kibernetika va kompyuter texnologiyasi fanlari doirasida axborotli modellashtirish usuli ishlab chiqildi. Tadqiqotda ob’ekt nusxasi axborotli model («qora yaщik») sifatida olib qaraladi. Bunday modelga kirayotgan va undan chiqayotgan axborot nisbati, undagi axborot sig‘imi, axborotni qayta ishlash va uzatish tezligi kabi miqdoriy va funksional xislatlarni tadqiq qilish jarayonida hosil bo‘lgan axborotli natija konkret biologik va ijtimoiy tizimlarni o‘rganishda tatbiq qilinadi. Xususan, makro va mikro iqtisodiyotdagi tovar va axborot harakati qonuniyatlarini axborotli modellashtirish usuli yordamida o‘rganish iqtisodiy faoliyatni optimallashtirish yo‘llarini ishlab chiqish imkoniyatini berdi.
Xayoiy (virtual) modellashtirish. Tafakkur kuchi bilan xayoliy eksperiment o‘tkazilganda, tasavvur qilingan obraz-nusxa (atom yoki molekula strukturasi, termodinamikada Karno sikli, jamiyatda ijtimoiy islohotlarni o‘tkazish loyihasi va boshqalar) model rolini o‘ynaydi. Obraz – nusxa tahlil qilinadi, tasavvurda turli sharoitga qo‘yiladi, ta’sirlar, oqibatlar ko‘rib chiqiladi.
Kompyuterli modellashtirish. Bunda model funksiyasini dastur bajaradi. Shu bilan birga har qanday dastur model bo‘la olmaydi. Dastur ko‘rinishiga ega bo‘lgan algoritm bo‘yruq yoki yo‘l-yo‘riq beruvchi simvollardan iborat tizimidir. Faqat o‘zida ob’ekt haqida ma’lumotni saqlagan freym va slotdan iborat dastur model bo‘lishi mumkin.
Kompyuterli modellashtirish ob’ektning xossa va o‘zgarish parametrlarini aniqlash va bashorat qilish maqsadida amalga oshiriladi. Maxsus dastur turi bo‘lgan ekspertli tizim esa tegishli sohalar va ob’ektlar uchun yaratilgan modellarni baholaydi.
Modellashtirish usuli bilishning empirik va nazariy darajalarida o‘tkaziladigan tadqiqotlarda keng tatbiq qilinadi. Xususan, empirik bilish darajasida har qanday murakkab ob’ektning predmetli va hissiy-obrazli modelini ishlab chiqish mumkin. Biologik va tibbiy izlanishlar sohasida olimlar kompyuterli tomograf yordamida organizmdagi genetik va fiziologik jarayonlar modelini ishlab chiqishmoqda, sermahsul tadqiqot ishlarini olib borishmoqda.
Ijtimoiy-gumanitar fanlarda ham modellashtirish usuli faol tatbiq qilinmoqda. Psixologik va pedagogika yo‘nalishlarda pedtexnologik va interfaol ta’lim modellari ustida tadqiqot olib borilmoqda. Bu o‘tish, ularning takomillashtirilgan modellarini ishlab chiqishda yaqqol nmoyon bo‘lmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |