2.Matematik eksperiment
Matematik eksperiment xayoliy eksperimentga o‘xshash moddiy eksperimentga qaraganda bir qator afzalliklarga ega.
Moddiy eksperimentni o‘tkazish uchun ko‘p vaqt, vositalar, turli ta’minot zarur. Bundan tashqari yana bir muammo mavjud. Agar ishlab chiqilgan uskuna o‘rganilayotgan xodisa, uning xossalari haqida yetarli ma’lumot bera olmasa, unda boshqa yangisini qurishga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, fiziklarda salbiy natija ham bari-bir natija, degan naql mavjud. Ya’ni, eksperiment o‘tkazishda sodir bo‘lgan muvafaqiyatsizlik tadqiqotchini qaerda xatoga yo‘l qo‘yilganligini izlashga majbur qiladi. Matematik eksperiment arzon, qisqa vaqt ichida amalga oshiriladi, modelni boshqarilishi esa yengil,ya’ni,matematik operatsiya orqali amalga oshiriladi.
Matematik eksperiment asosini o‘rganilayotgan ob’ektning matematik modelini tuzish tashkil qiladi. Bu model matematik struktura ko‘rinishiga ega , ob’ektning o‘rganish uchun zarur bo‘lgan tomonini ifodalaydi.
Eksperimentda matematik struktura va uning parametrlariga fizik yoki ob’ektning tabiatiga mos keladigan ma’no beriladi, shu ma’nodan kelib chiqqan holda olingan natija tushuntiriladi.
Tenglamalar tizimidan tashkil topgan model kuzatsa bo‘ladigan topologik, grafik ko‘rgazma shaklga keltirilgan bo‘lishi mumkin.
Matematik eksperimentning texnologik bosqichlari quyidagilardan iborat:
Ob’ektning matematik modeli tuziladi, ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan tomonlar, masalalar ahamiyatiga qarab birinchi va ikkinchi darajaga bo‘linadi, modeldan foydalanish sharti va chegarasi aniqlanadi. Model differensial yoki integrodifferensial tenglamalardan iborat matematik formulalar asosida tuziladi.
Eksperiment oldiga qo‘yilgan vazifa matematik masalaga aylantiriladi. Masala algebraik formulalar majmuasi bo‘lib, unda xisob va yechimni topish shartlari ifodalanadi. Ko‘p xollarda masala algoritm shakliga keltiriladi. Bunda eksperimental masala turli sinov rejimidan o‘tayotgan modelning optimal parametrik qiymatini topishdan iborat bo‘ldi.
Kompyuterdan foydalanish maqsadida eksperimentga oid masalani yechish algoritmi va dasturi ishlab chiqiladi.
Matematik amallarni bajarilishi davomida natija raqamli axborot shaklida paydo bo‘ladi, ularning mazmuni aniqlanadi. Axborotni aniqligi modelni asosini tashkil qilgan tenglamalar va algoritmlarni naqadar ishonchli bo‘lishi bilan belgilanadi.
Matematik model ustida olib borilgan xisoblar natijasi qayta ishlab chiqiladi, olingan qiymatlar va raqamlar bo‘yicha xulosa chiqarish amalga oshiriladi.
Fizikada matematik eksperiment usuli bilan termoyadroli sintez jarayoni o‘rganildi. Bunda deytriy va tritiyni sharik shaklida ifodalaydigan sonlar va tenglamalar tizimidan iborat model ishlab chiqildi. Modelga tenglamalarda ifodalangan «lazer nuri» yuborildi. Ma’lum algoritmlar asosida bajarilgan matematik operatsiyalarni ko‘rsatishicha modeldagi markazni qisilishi haroratni katta darajaga ko‘tarilishishga olib keldi. Natijada parametrik qiymatlar keskin o‘zgardi, termoyadroli reaksiyani ifodalaydigan miqdoriy o‘zgarishlar xosil bo‘layotgani ayon bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |