4. Tadqiqot samaradorligini ta’minlash
Tadqiqot aqliy mehnatning ixtisoslashgan bir turidir. Bu sohada mehnat samaradorligiga erishish bir qator ob’ektiv va sub’ektiv omillarga bog‘liq.
Birinchisiga jamiyatni fanga munosabati, davlat siyosati, tadqiqot olib borish uchun yaratilgan sharoit, moliyaviy, texnik va axborotli ta’minot kiradi.
Fanning hozirgi taraqqiyot bosqichida tadqiqot olib borish uchun qayd etilgan sharoit va ta’minotni mavjud bo‘lishi, aytish mumkinki, hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Tadqiqot samaradorligining sub’ektiv shart-sharoitlari ayrim ma’naviy omillardan iborat. Bu tadqiqotchi, ilmiy rahbar, jamoa va an’anaga bog‘liq tomonlar bo‘lib, xususan:
- tadqiqotchining zehni, intellekt koeffitsienti (ijodiy test bilan aniqlanadi);
- tadqiqotchining bilimi va tajribasi;
- jamoada ilmiy rahbarlik tarzi, rahbarning ijodiy potensiali;
- ilmiy vorislik;
- ilmiy an’ana;
- jamoadagi ruhiy-ma’naviy muhitni tashkl qiladi.
Tadqiqot individual va jamoaviy ilmiy mehnat birligidir. Bu birlikda yetakchi o‘rinni ilmiy rahbar egallaydi.
Fanda ilmiy maktabni mavjud bo‘lishi, ijodiy izlanish muhitini shakllanishi, ilmiy vorislikni saqlash, yosh tadqiqotchilarni tayyorlash va o‘stirish ko‘p jihatdan ilmiy rahbarga bog‘liq. Tabiiy-ki, shogirdlar va yosh olimlarning g‘ayrat-shijoati, fanga fidoyiligi, tarishqoqlik bilan ijod mevalarini yig‘ishlari ilmiy an’ana va maktabga nisbatan munosib javob bo‘ladi.
Yana bir marta qaytaramiz!
Fan o‘zining uchinchi, postnoklassik taraqqiyot bosqichga o‘tmoqda, tadqiqot olib borish amaliyoti, yo‘llari va usullari tobora murakkablashmoqda. Bunday sharoitda fan sohasida faoliyat ko‘rsatmoqchi bo‘lgan tadqiqotchi bir qator malakaviy xislatlarga ega bo‘lishi, kasbiy talablarga javob berishi kerak.
Kasbiy malaka mavjud va o‘stirilishi kerak bo‘lgan fazilatlardan (qobiliyat, o‘quv, zehn, tirishqoqlik, mahorat va boshqalar) iborat bo‘lib, bular fanda ijod qilishni asosiy sharti hisoblanadi.
Samarali tadqiqotning psixologik omillari qatoriga qiziquvchanlik, tadqiqotga berilib ketish, zehn, doimiy faollik kiradi.
Maqsad va motivatsiya o‘zida yangilikni saqlagan natijani qo‘lga kiritishga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Ilmiy maktab an’analarini davom ettirish ilmiy ijod manbai va zaminidir.
Intellektual qobiliyatni o‘stiradigan amallarni (diqqatni to‘plash, xotirani mustahkamlash, fikrni mantiqan to‘g‘ri ifodalash va boshqalar) muntazam bajarib borish kerak.
Tadqiqot texnologiyasi talabalariga rioya qilish ilmiy yutuqlarni muhim shartidir.
Tadqiqotchining kuchli psixologik quroli zehn bo‘lib, uni doimo o‘stirib borish kerak.
Tirishqoqlik, ishga berilib ketish, aqliy mehnat gigienasiga rioya qilish ijod qilish uchun zarur.
Jamoadagi ilmiy an’ana va vorislikni davom ettirish muhim ma’naviy va metodologik qonuniyatdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |