Dividend (lotincha dividendus - bo’lishga tegishli) – aktsiya egasiga to’lanadigan daromad. Dividend vositasida aktsiya egasi qimmatli qog’ozning shu turiga qo’yilgan pul mablag’lari (kapital) ning tegishli qismiga o’zining mulkchilik huquqini iqtisodiy jihatdan ro’yobga chiqaradi. Dividend orqali faqat aktsiyadorlik jamiyati olgan foydaning bir qismi taqsimlanadi. Uning boshqa qismi jamg’arishga, soliq to’lashga va shu kabilarga ketadi. Dividend miqdori olinadigan foyda va chiqarilgan aktsiya miqdoriga bog’liq va hamda odatda ssuda foizidan yuqori bo’ladi.
Aktsiyalarning nazorat paketi – aktsiyadorlik jamiyati faoliyati ustidan nazorat o’rnatishni ta’minlash imkonini beruvchi aktsiyalar soni.Nazariy jihatdan olinganda, aktsiyadorlik jamiyati faoliyati ustidan nazorat olib borish uchun ovoz berish huquqiga ega bo’lgan aktsiyalarning 51 foiziga egalik qilish zarur. Amalda esa, aktsiyalarning ko’plab aktsiyadorlar o’rtasida taqsimlanib ketganligi u qadar yuqori salmoqqa ega bo’lmagan aktsiyalar sonini qo’lga kiritish orqali ham nazorat paketiga egalik qilish imkonini beradi.
Aktsiyadorlik jamiyatlari aktsiya bilan birga obligatsiya ham chiqaradi.
Obligatsiya – sotib olishga sarflangan mablag’ni kelgusida qat’iy belgilangan foizi bilan qaytarish majburiyatini ifodalovchi qimmatli qog’oz shakli.U egasining jamiyatga qayd qilingan foiz olish sharti bilan pul qo’yganligini tasdiqlaydi. Obligatsiya aktsiyadorlik jamiyati moliyaviy mablag’larini ko’paytirish uchun chiqariladi.
Aktsiya egasi korxona mulkdori, obligatsiya egasi esa uning kreditori hisoblanadi. Undan tashqari, obligatsiya aktsiyadan farq qilib, o’z egasiga yillik kafolatlangan daromad keltiradi, ammo aktsiyadorlik jamiyati ishlarini hal qilishda ovoz berish huquqini bermaydi. Obligatsiyalar bo’yicha to’lanadigan daromad odatdagi ssuda foizi miqdoridan ortiq bo’lmaydi. Uning qiymati aktsiyadorlik jamiyati tomonidan ma’lum muddat o’tgandan so’ng to’lanadi. Aktsiyaga qo’yilgan mablag’ obligatsiyaga joylashtirilgandan farq qilib, aktsiyador talabi bo’yicha qaytarilishi mumkin emas va faqat sotish orqali qoplanadi.
Tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va boshqarishning zamonaviy tizimlari sifatida marketing va menejment katta ahamiyat kasb etadi.
Marketing – tovar-pul munosabatlari sharoitida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishning yaxlit tizimi bo’lib, bunda xo’jalik muammolarini hal etishda bozor talablari, xaridorlarning tovar va xizmatlarga real talablari va ehtiyojlari yotadi. Marketing faoliyati korxona amal qilishining tashqi sharoitlari to’g’risidagi axborotning olinishi; raqobatchilarning tovarlariga qaraganda bozor talablarini to’laroq qondiruvchi tovarlar to’plamini yaratish; sotish sohasining eng yuqori nazoratini belgilab beruvchi iste’molchi, talab, bozorga zarur darajada ta’sir ko’rsatishni ta’minlashi lozim.
Marketingning zamonaviy kontseptsiyasi bozor uchun zarur bo’lgan va bozorda sotish mumkin bo’lgan tovarlarni zarur hajmda ishlab chiqarishni tashkil etish tamoyiliga asoslanadi. Korxonaning ishlab chiqarish-texnikaviy, tashkiliy, investitsiya va boshqa faoliyati iste’molchining ehtiyojlariga, ularning yaqin istiqboldagi o’zgarishiga yo’naltiriladi. Xaridorlarning talablari tovar ishlab chiqarish hajmi va nomenklaturasini, mazkur talab va ehtiyojlarni qondirishni yuqori darajasi esa eng ko’p foyda olishni belgilab beradi.
Marketingning maqsadi va vazifalarini belgilab olish muhim hisoblanadi. Marketingning maqsadi – eng yuqori iste’mol qoniqishi, iste’mol, turmush sifatini oshirish, tovar va xizmatlarning keng tanlovini ta’minlovchi korxona mahsulotini sotishning zarur hajmiga erishish uchun ishlab chiqarishning yuqori daromadliligi va samaradorligini ta’minlash. Bu maqsadga marketingning quyidagi vazifalari orqali erishiladi: korxonaning ichki va tashqi marketing muhitini tahlil qilish; marketing chora-tadbirlarini amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan bozor va muammolarni kompleks o’rganish; iste’molchilar va talabning shakllanishini tahlil qilish; raqobatchilar va raqobatni o’rganish; sotishni jadallashtirish bo’yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish; yangi tovarning kontseptsiyasini shakllantirish; marketing tadqiqotlari asosida tovar ishlab chiqarishni rejalashtirish; narx siyosatini shakllantirish va amalga oshirish; marketing dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish; marketingni axborot bilan ta’minlash; marketingni boshqarish.