TANBEH
Xondamir
Amir Alisher 1488-yili Hirotning Jome masjidini ta’mirlashga urinayotgan edi. Binoning yozuvlarini yozib berish Mirak naqqosh taxallusi bilan mashhur bo‘lgan Said Ruhulloga topshirilgan edi. U beparvolik qilib, ishga kechikibroq qo‘l urdi. Naqqoshlar unga qarab ish boshlolmay turdilar. Ishboshilar Mirak naqqoshga nasihat ham, do‘qpo‘pisa ham qilib ko‘rdilar. Lekin foydasi bo‘lmadi. Ahvolni ulug‘ amirga arz qildilar. Amir qiziq bir tadbir ishlatdi. O‘sha paytda Mirak naqqosh Hirot atrofidagi Saidravon qishlog‘ida dam olayotgan edi. Amir Alisher Jaloliddin munshiyni chaqirtirib buyurdi: – Said Ruhullo devoni oliyga besh ming dinor qaytarishi zarurligi haqida hujjat tayyorlang. Maktub keltirilgach, amir Alisher Said Ruhullo tanimaydigan ikki navkarni chaqirtirib keltirdi. Hujjatni ularning qo‘liga topshirib buyurdi: – Saidravon qishlog‘iga boringlar, Mirak naqqoshni topib, qayd etilgan mablag‘ni siyosat bilan talab qilinglar, o‘zlaringizni esa shahzoda Faridun Husayn mirzoning navkarlari deb tanishtiringiz. Navkarlar Saidravon qishlog‘iga bordilar. Mirak naqqoshni topib, giribonidan oldilar va hujjatda ko‘rsatilgan mablag‘ni talab qildilar. Said Ruhullo hayrat dengiziga cho‘mdi, so‘ng vaziyatni hisobga olib, yalinib-yolvorishga tushdi: – Hoy birodarlar, meni masjidi jomega olib boringlar, agar hoziroq ishga tushmasam har narsa bo‘lay. Navkarlar uning arz-dodini qabul qildilar. Said Ruhulloni Hirotga olib bordilar. Amir Alisher masjid qurilishi tepasida ekan. Naqqosh uning oyoqlariga yiqilib zorlandi: – Kambag‘allik nihoyasiga yetgan shunday bir paytda besh ming dinorni bandaning zimmasiga yozibdilar. Bandaga rahm qilib, shu qog‘ozni qaytarib olish chorasini ko‘rsalar, abadul abad ota-bobomning rahmatiga musharraf bo‘lur edingiz.
Amir janoblari dedilar: – Hujjatni qaytarish mushkul, shunday bo‘lsa ham bir qadar urinib ko‘rurmiz. Faqat shu shart bilanki, siz ham o‘n besh kun ichida ushbu muborak manzilning tashvishlaridan ko‘nglimizni tinchitib qo‘ysangiz. Mirak naqqosh ulug‘ amirning shartini qabul qildi va mana bunday tilxat ham yozib berdi: «Agar belgilangan muddatdan biror kun o‘tkunday bo‘lsa, banda mablag‘ xususida o‘zini uzrsiz javobgar hisoblaydi». Shundan keyin amir Alisher mulozimi Kamoliddin Husaynni chaqirtirib buyurdi: – Mirak naqqoshni devonga olib boring, nima bo‘lsa ham uning nomiga yozilgan hujjatning bekor qilinishiga ko‘maklashing. Said Ruhullo xursand bo‘ldi.
1. Alisher Navoiy Mirak naqqoshning yalqov va beparvoligiga qarshi qanday chora qo‘lladi?
2. Rivoyatdan Alisher Navoiyning qanday fazilatlarini bilib oldingiz?
Do'stlaringiz bilan baham: |